Firibgarlarning «prava»si o’tmadi

Firibgarlarning «prava»si o’tmadi
Foto: Prokuratura Departamenti

Mamlakatimizning turli hududlarida haydovchilik guvohnomalarini olib berishini vaʼda qilib yurgan firibgarlar qo’lga tushdi.

Jumladan, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “A.v.” MCHJ avtomaktabi rahbari Z.M. fuqaro Sh.J.ning ishonchiga kirib, goʻyoki YHXBda ishlovchi tanishlari yordamida Sh.J. va uning turmush oʻrtogʻiga haydovchilik guvohnomalarini olib berishi evaziga 1 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Fargʻona viloyat boshqarmasi IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.M. fuqaro A.Q.ga 1 300 AQSH dollari evaziga oʻquv kurslariga qatnashmasdan haydovchilik guvohnomasini olib berishini vaʼda qilib, oldindan 1 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek,  Departamentning Samarqand tuman boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar U.T. va Sh.A. fuqaro M.A.ga tanishlari yordamida 1 000 AQSH dollari evaziga haydovchilik guvohnomasini olib berishlarini aytib, shundan 500 AQSH dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Prokuratura Departamenti