Paxtachi tumani “Chorgo‘sha” mahallasidagi Novvot opa Shaptoqova oilasini nafaqat tumanimiz balki viloyatimizda ham ko‘pchilik yaxshi biladi. O‘zining bilimi, mehnati bilan tuman, viloyatga tanilgan Novvot opa o‘zidan yaxshi farzandlar va bilimli, zukko shogirdlar qoldirdi.
Samarqand viloyatining Narpay tumanidagi “Olti o‘g‘il” qishlog‘ida 1927-yil 10- may kuni tavallud topgan Novvot Shaptoqovaning bobosini Toshxon shoir deyishardi. Islom shoir esa u kishining shogirdi edi. 1942-yili Miryuozordagi o‘qituvchilar tayyorlash kursiga o‘qishga kirgan Novvot opa 1943-yili o‘qishni tamomlab qishloqdagi maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga dars bergan.
Keyinchalik 1952-yili Novvvot opa Samarqand davlat universitetining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetiga sirtdan o‘qishga kirdi va o‘qishni tamomlab Paxtakor tumanidagi 4-maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishladi.
1958-1963 yilda 30-sonli sakkiz yillik maktabda direktor vazifasida ishladi. 1963 -yildan to pensiya yoshigacha tumanimizdagi 66-maktabda (hozirgi 43-maktab) direktor lavozimida faoliyat olib bordi.
Novvot opa o‘zining ish faoliyati davomida ta’lim sifatini yaxshilashga katta e’tibor qaratdi. Natijada bu ilm dargohidan ko‘plab ilmli kishilar etishib chiqdi.
Novvot opa oilada ham munosib farzandlarni tarbiyalab voyaga etkazdi. Ularni elga qo‘shdi. Jabbor bobo Shaptaqov bilan ahil xayot kechirib, 6 nafar farzandni o‘qimishli qilib o‘stirdi. O‘g‘illari Nortoji Jabborov matematika fani o‘qituvchisi, Eliboy Jabborov kibirnetika fanlari doktori, Xayrulla Jabborov energitik, qizlari Gulnora va Gulchehralar o‘qituvchi kenja farzandi Rustam Jabborov qishloq xo‘jalik xodimi sifatida paxtachilik, bog‘dorchilik sohalarini rivojlantirdi.
“Yaxshidan bog‘ qoladi” deyishadi. Novvot opa ham pedagogik faoliyati davomida ko‘plab shogirdlar yetishtirdi. Xoliqul Nazarov matematika fanlar nomzodi, Sayim Utanazarov pedagogika fanlari nomzodi, Nurali Odinaev matematika fanlar nomzodi Toshkent davlat pedagogika universitetida ishlab, ustozi Novvot opa kabi ko‘plab shogirdlar tayyorladi.
“Xalq maorifi a’lochisi”, “Mehnat shuhrati” medallari sohibasi sevimli va g‘amxo‘r ustoz Novvot opa Shaptaqovaning porloq xotirasi qalblarda mangu yashaydi.
Egamnazar Tongotarov
Paxtachi tumani 43-umumta’lim maktabining
ijodiy madaniy masalalar bo’yicha targ’ibotchisi