Bobonor Nortojiyev 70 yoshda

Bobonor Nortojiyev 70 yoshda

Tavallud kuningiz bilan tabriklaymiz!
Bobonor Nortojiyev 70 yoshda

Odamzot voyaga yetgach, o‘zi xohlaydimi-yo‘qmi, hayoti­ning asosiy qismini ish joyida o‘t­ka­zadi. U o‘zining qiziqqan, sevgan kasbida ishlasa, bundan o‘ziga, oilasiga va albatta, jamiyat va davlatga ham foyda keltiradi. Shu tufayli el-yurtda hurmatga sazovor bo‘ladi, obru-e’tibor topadi. Lavhamiz qahramoni Bobonor Nortoji­yev­ni ham hech ikkilanmasdan, ana shunday baxtli insonlardan biri, deyishi­miz mumkin. U o‘zining butun faoliyatini maktab ta’limi sohasiga bag‘ishlab, uning rivoji yo‘lida huzur-halovatdan kechgan holda o‘qib-o‘rganib, fidokorona mehnat qilib, kam bo‘lmadi. Bunga esa, o‘z-o‘zi­dan erishilmaydi, baxtli hamda mazmunli hayot yo‘linining avvalidagi mu­rakkab va mashaqqatli so‘qmoqlar­dan ham o‘tish talab etiladi. U bularning barchasini o‘z boshi­dan o‘tkazdi va jamiyatimizning eng baxtiyor a’zolaridan biriga aylandi.

Bobonor Nortojiyev 1953-yil aprel oyining 2-sana-sida Paxtachi tumanidagi “Xudoyberdi” mahallasida, qishloq­ning ziyoli, hurmatga sazovor inson­lari­dan hisoblangan Nortoji aka Parda­yev­lar oilasida tug‘ildi. Bobo­norning tengdoshlariga nisbatan anchayin ziyrak, atrof-tevarakdagi ham­ma narsaga qiziquvchanligi, yaxshi amal­larga intiluvchanligi esa ota-onasini alohida umidlantirardi.
Uning o‘qituvchilik kasbini tanlashiga ham bolalikdagi ana shu fazilatlari sabab­chi bo‘lgan, ehtimol. O‘shan­­da ularning Hayit Xudoyberdiyev de­gan muallim qo‘shnilari bo‘lardi. Qish­loq maktabida mate­ma­tika fanidan saboq beradigan domla­ning tartibli kiyinishi, muomala madani­yati, xul­las, ibratli yurish-turishi endigina aq­li­ni tanigan Bobonorga ijobiy ta’sir et­gan va kelgusida xuddi uningdek, o‘qituv­chi bo‘li­shni ko‘ngliga tukkandi. Maktab­dagi o‘quvchilik yillarida esa us­toz­­ning ilm dar­gohidagi eng iste’dodli o‘qituvchi­lar­dan ekanligini bilib, qarori yanada qat’iy­­lash­gandi. Buning ustiga, o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida, qish­loq maktab­la­ri­da o‘qituvchilar tan­qis­ligi se­zi­lib tu­rardi.
1968-yilda qishloqdagi 9-maktabning 8-sinfini tugallagan Bobonor Nortojiyev Kattaqo‘rg‘on shahridagi pedagogika bi­lim yurtiga hujjatlarini topshirib, kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi. U bilim yurtida a’lo baholarga tahsil olish bilan bir paytda o‘quv dargohidagi ham­da Kattaqo‘rg‘on tumanining “Zarafshon” gazetasi qoshidagi “Yosh ijodkorlar” to‘­ga­raklari mashg‘ulotlariga ham faol qat­na­shardi. Gazeta sahifalarida she’riy mashq­laridan tashqari bilim yurti ham­da shahar hayotidan tayyorlagan lavha, xabar va yangiliklari bilan ishtirok etardi. U o‘shandayoq, o‘zi bilgan-bilmagan hol­da, muallimlik bilan bir qatorda, badiiy ijod­ning sirli olamiga ham dastlabki odim­larini tashlayotgandi. Aynan, peda­go­gika bilim yurtida bo‘lajak iste’dodli mu­al­lim hamda ijodkorning bunyod­ko­ro­na mehnat faoliyatiga mustahkam poy­de­vor qo‘yilgandi.
Muallimlar tayyorlash o‘rta-maxsus o‘quv yurtini muvaffaqiyatli tugallab, bosh­lang‘ich sinflar o‘qituvchisi diplo­mi­ga ega bo‘lgan yosh mutaxassis dastlab ik­ki yil mobaynida o‘sha davrlar taqozosiga ko‘ra, harbiy xizmatda bo‘ldi. Uning uchun harbiy xizmat davri ham foydali kech­di. Harbiy rassom sifatida xizmat qilar­kan, kelgusi mehnat faoliyatida mu­him ahamiyatga ega bo‘lgan rassomlik iste’dodini ham kamolga yetkazdi.

Harbiy xizmat burchini o‘tab, o‘zi ta’­lim olgan 9-umumta’lim maktabida sha­raf­li va mas’uliyatli kasbiga kirishgan yosh muallim tez orada o‘zining kasbiy ma­ho­rati, tirishqoqligi, izlanuvchanligi ham­da o‘qituvchilik mas’uliyatini yetarli da­rajada anglab yetganligi bilan maktab pedagogik jamoasi va rahbariyatining e’ti­ro­figa sazovor bo‘ldi. 1976-yilda unga 1-sinfni o‘qitishdek sharafli va mas’uli­yat­li vazifa ishonib topshirildi. Maktab­da­gi sharoitni esa “yaxshi” deb bo‘lmasdi. Sinf­dagi 24 nafar o‘quvchi uchun 17 ta “Alifbo” darsligi bor edi, xolos. Ular ham bir necha yildan buyon qayta-qayta foydala­nil­ganligi bois, yirtilib, titilib, de­yarli yaroq­siz holga kelib qolgandi. Shu­ning uchun u kitoblarni o‘zi ta’mirlar, darslik yetmagan o‘quvchilarga esa uning kerak­li sahifalari va ulardagi rasmlarni o‘zi uy­da chizib, keltirib berardi. Tinimsiz ra­vish­da barcha darslar uchun ko‘rgaz­ma­li mat­eriallar tayyorlardi. Yosh o‘qi­tuv­chi­­ning izlanish va intilishlari, astoydil meh­na­ti kutilgan samarasini bermasdan qol­madi. Uning ana shu sinfi o‘quvchilari boshlang‘ich ta’lim, ya’ni 3-sinfni birorta ham “3” bahosiz tugallashdi. Bu Paxtachi tumanida bunday yuqori natijaga erish­gan yagona sinf edi. Buning uchun sinf ustozi munosib taqdirlandi. Xalq ta’limi vazir­ligining “Faxriy yorlig‘i” bilan muko­fot­landi, O‘zbekiston o‘qituvchilarining VI seye’zdiga delegat etib saylandi.
Bobonor Nortojiyev ishdan ajralma­gan holda oliy pedagogik ma’lumotga ega bo‘ldi. 1981-yilda Nizomiy nomidagi Tosh­­­kent davlat pedagogika instituti (ho­zir­gi pedagogika universiteti)ni tamom­ladi. Keyingi yillarda o‘zbek tili va adabi­yo­ti fani o‘qituvchisi sifatida o‘quv­chi­lar­ga saboq berdi, maktabning direktor o‘rin­bosari lavozimiga munosib ko‘rildi. Shundan so‘ng, 1986-yilda B. Nor­to­ji­yev­ni tuman miqyosidagi rahbarlik ishiga taklif qilishdi. 1992-yilgacha O‘zbekiston KP Paxtachi tumani qo‘mitasida yo‘riq­chi, tashkiliy bo‘lim mudiri vazifalarida ish­lab, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivoj­lan­­tirishda faol ishtirok etdi. Shu davrda ham­qishloqlari unga yuksak ishonch bil­dir­gan holda, xalq deputatlari Paxtachi tuman Kengashi deputatligiga saylashdi. Deputat sifatida saylovchilari bilan uch­ra­­shuv­larda bildirilgan fikr-mulohaza va takliflarni hayotga tatbiq etish, ko‘taril­gan muammolarni bartaraf etishda ijobiy natijalarga erishdi.
Qahramonimizning keyingi yillardagi mehnat faoliyati bevosita Navoiy viloyati xalq ta’limi tizimi bilan bog‘liq holda kechdi. 1993-yildan boshlab, yigirma yil da­vo­mida Navoiy viloyati xalq ta’limi bosh­qarmasida yetakchi mutaxassis, umu­miy o‘rta ta’lim bo‘limi boshlig‘i, Na­voiy viloyati pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish institutida ma’naviyat ishlari bo‘yicha prorektor, 2003-2013-yillarda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi huzuridagi Ta’lim marka­zi­da direktor vazifalarida namunali faoliyat yuritdi. Viloyatda xalq ta’limi sifat va sa­ma­radorligini oshirish yo‘lida sidqidil­dan mehnat qildi.

Ayniqsa, viloyat xalq ta’limi boshqar­ma­si huzuridagi ta’lim markazi direktori lavo­zimidagi faoliyati davrida uning xalq ta’limi tizimining tajribali va mahoratli mutaxassisi hamda tashkilotchisi sifati­da­gi qirralari yaqqol namoyon bo‘ldi. Ma’lum­ki, Navoiy viloyati o‘tgan asrning 2000-yillarigacha xalq ta’limi sohasi, mak­tab ta’limi sifati va samaradorligi ko‘rsat­kich­lari bo‘yicha mamlakatda maqtanarli darajada emasdi. Ushbu yo‘nalishda mam­­lakatimizda quyi o‘rinlarda bo‘lish odatiy holga aylangandi, go‘yo. U esa bunday holat bilan kelisholmasdi. Shu­ning uchun umumiy o‘rta ta’lim bo‘limi boshlig‘i, viloyat ta’lim markazi rahbari si­fa­tida viloyatda ilg‘or pedagogik tex­no­lo­gi­yalarni joriy etishga alohida e’tibor qa­rat­di. Shahar va tumanlardagi barcha umum­ta’lim maktablari rahbarlaridan birin­chi navbatda ana shu masala ustida jiddiy bosh qotirishni talab qildi. Ushbu yo‘nalishda ijobiy natijalarni qo‘lga kirit­gan maktablar rahbarlari va ilg‘or o‘qi­tuv­chilar har tomonlama qo‘llab-quv­vat-­lanib, rag‘batlantirib borildi. 2000-yilda “O‘qitishda ilg‘or pedagogik texnologiya­larni joriy etish bo‘yicha Navoiy tajribasi” butun respublika bo‘yicha ommalash­ti­ril­di. Ta’lim sifati bo‘yicha ham viloyat mam­lakatda eng yuqori o‘rinlarga ko‘ta­rildi.
U o‘zining Navoiy viloyat xalq ta’limi tizimidagi faoliyati davomida viloyat mak­tablarida ta’lim mazmunini yaxshilash va ko‘tarish borasida chinakamiga fidoiylik ko‘rsatdi. Natijada, bevosita uning rah­bar­ligidagi viloyat ta’lim markazi ta’lim sifati bo‘yicha mamlakatimizda doimiy ravishda peshqadamlar safida tilga oli­na­digan bo‘ldi.
Bobonor Nortojiyev uzoq yillardan bu­yon badiiy ijod bilan shug‘ullanadi. 200 dan ziyod she’rlari matbuotda yoritilgan. Jumladan, “Istiqlolnoma”, “E’tirof” (Na­voiy viloyatiga bag‘ishlangan), “Maqsad sari intilar yoshlar” qasidalari asosida tayyorlangan videolavhalar Navoiy vilo­yat televideniyesi orqali namoyish etildi. “Ma’rifat”, “Mahalla”, “Ishonch” gazeta­la­rida va “Sharq yulduzi” jurnalining 2019- yil 9-sonida Bobonor Nortojiyev ijodidan na­munalar berilgan. Navoiy kon-metal­-lur­giya kombinati tomonidan tayyorlab, chop etilgan (2020-yil) “Kengliklar su­ruri” kitobiga erkin ijodkorning she’rlari kiritilgan.

Bobonor Nortojiyevning “Mehrning surati”, “Bahor sog‘inchi”, “Istiqlol sururi”, “Vatan ichra”, “Muazzam tuyg‘ular” va “Tong tarovati” nomli she’riy kitob­la­ri Toshkentdagi “Yangi asr avlodi” nash­ri­yoti tomonidan chop etilgan. Ijodkor-pe­dagog O‘zbekiston yozuvchilar uyush­ma­sining a’zosi hisoblanadi. Bobonor Nortojiyev fidokorona va faol xizmatlari uchun “Xalq ta’limi a’lochisi”, I darajali “Mehnat faxriysi” unvonlari, “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 20 yil”, “O‘zbekiston Respublikasi Musta­qil­ligiga 25 yil” va “O‘zbekiston Respub­li­kasi Konstitutsiyasiga 30 yil” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.
Qahramonimizning pensiyaga chiq­qani­ga ham anchagina bo‘ldi. Lekin xuddi oldingi yillardagi singari, u hozir ham deyarli har kuni ertalabdan kechgacha turli yumushlar bilan band. Katta hur­mat­ga sazovor mehnat faxriysi sifatida “Uch avlod uchrashuvi” kabi mahalla, shahar va viloyat miqyosidagi turli tad­bir­larga taklif qilishganlarida, hech qa­chon rad etmaydi. Yosh avlodning jami­yati­mizning munosib a’zolari sifatida shakl­­lanishlariga hissasini qo‘shishni o‘zi­­ning mas’uliyatli burchi deb biladi. Yoshlardan maslahatlarini ayamaydi. Ular­ga boy hayotiy tajribalaridan so‘zlab beradi.
Shuningdek, u keksalik ta’tilini badiiy adabiyot, she’riyat bilan jiddiy shug‘ulla­nish uchun eng qulay imkoniyat deb bila­di va shunga amal qilib kelmoqda. Shu tufayli keyingi yillarda uning muallifli­gi­da chop etilayotgan badiiy adabiyotlar soni sezilarli darajada ko‘paymoqda.
Yaqinda shoirning 70 yoshi munosa­ba­ti bilan tashkil etilgan tadbir “Tong tarovati” kitobining taqdimotiga ulandi. Do‘st-u yorlar, hamkasblar, muxlislar, yosh­lar jam bo‘lgan kechada ham peda­gog, ham shoir hayot yo‘liga nazar tash­landi.Bobonor Nortojiyevning oilasiga ham faqat havas qilish mumkin. Umr yo‘ldoshi Momosuluv aya bilan besh nafar farzand, ikki o‘g‘il va uch qizlarini ham o‘zlari sin­ga­ri bilimdon, el-yurt ishiga kamarbasta, axloq-odobiga havas qilgulik insonlar etib tarbiyalashdi. Bugungi kunda ular­ning barchasi o‘zlarining jamiyat va ha­yot­dagi munosib o‘rinlarini topishgan. Sher­zod axborot-kommunikatsiya texno­lo­giyalari bo‘yicha oliy ma’lumotli muta­xas­sis sifatida mazkur sohada muvaffa­qi­yatli faoliyat yuritib kelmoqda. Odilbek Navoiy viloyat “Do‘stlik bayrog‘i” va “Znamya drujbi” gazetalari birlashgan tahririyatida ishlaydi. Uch nafar qizlari esa, xuddi ota-onalari singari mehnat fao­liyatlarini maktab ta’limi, muallimlik bilan bog‘lashgan. Ulardan biri o‘quv­chi­larga O‘zbek tili va adabiyoti, ikkalasi esa Ingliz tili fanlaridan saboq berib kelish­moq­da. Shuning barobarida Bobonor bo­bo hamda Momosuluv ayalar biri biridan shirin nevaralari tarbiyasiga ham jiddiy e’tibor qaratishmoqda.
Bu esa, hech shubhasiz, qahra­mo­ni­miz­ning hayotdan mamnunligini oshir­gan holda, quvonchiga quvonch, umriga umr qo‘shmoqda.

Olim XO‘JAYEV