U uzoq muddatli tanaffusdan soʻng yana syomka jarayonlarida ishtirok etmoqda. Aktrisa 2022-yil boshidan beri saraton bilan kurashib kelayabdi.
— Kasal kasal emas, kasalni boqqan kasal deganlaridek, bemorni parvarishlash oson emas. Ayniqsa, onkologik kasal bilan og‘rigan insonni parvarish qilish qiyin. Men motivatsion video-roliklar tayyorlash, bu haqida ko‘proq gapirish, kurashga motivatsiya berishda davom etaman. Bilasizmi, bu kasallik bilan kurashishga motivatsiya juda zarur. Sababi ko‘pchilik muolajalarni yarmida tashlab ketadi. Bu og‘ir va og‘riqli jarayon. Kimyoviy muolajalar vaqtida ko‘pincha erkaklar yarim yo‘ldan qaytib ketishar ekan. Ammo kimyoviy muolajalarsiz bu kasallik bilan kurashib bo‘lmaydi. Sizda bu kasallikdan tuzalishning 1% imkoni bormi? Siz bu imkoniyatdan, albatta, foydalanishingiz kerak. Shifokorlarning aytishicha, menda aynan 1% imkoniyat bo‘lgan ekan. Ular hattoki operatsiyadan oldin “Ehtimol kech qolgan bo‘lishimiz mumkin. Ochib ko‘ramiz, vaziyat yomon bo‘lsa, qaytib yopib qo‘yamiz. Agar ozgina bo‘lsa-da sog‘ hujayralar qolgan bo‘lsagina biz yordam berolamiz. Shunday bo‘lsa-da sen bizga imkon ber”, deb aytishgan va biz buni uddaladik – deydi Ra’no Shodiyeva.