“…Kasallarga ovqat tashishdan boshlaganman ishimni!”
(Paxtachining “Doktor Haus”i bilan suhbat)
“Saroy” mahallasining “Ziyolilar” koʻchasiga oralagan kishi oʻtgan asrning ikkinchi yarmiga ham bosh suqib chiqqandek tuyadi, oʻzini: bir tomonida bir zamonlar davlat qurib bergan yassi tomli, “tipovoy” uylar, bir tomonida esa keyinchalik koʻchib borgan odamlarning oʻzlari tiklagan vatanlari… Oʻsha “davlatti uylari”ning 72-sonli metall koʻrsatkich bilan raqamlangan darvozasi oldida olazarak qaqqayib turardim. Alhakimning izni bilan bu ostonaga qancha jon ingrab kelib, xalovat topib ketgan ekan?! Ular qatorida oʻgʻlim, men, otam ham bormiz. Bobom rahmatliniyam davolagan chiqsa, ajablanmasdim.
Biroq bu gal nima deb gap boshlashni oʻylardim. Axir uning huzuriga kelmishlar dardiga davo istab, tashxis olmoqchi boʻlishgan – intervyu emas. Kelganlarning ham barchasi birday iliq qarshi olinganmikan? El ogʻziga quloq tutsang, andoq aytadirlarki, kayfiyati joyida boʻlsa-a, seni xushlasa-a, aytganini “gʻiq” etmay muhayyo qilsa-ang… muroding hosil, bilʼaks, homush qaytasan!.. Qishloqdamikan oʻzi yo Zarafshonda istiqomat qilmish oʻgʻlinikiga qishlagani ketib boʻlganmikan, allaqachon?.. Shu zayl arosatda farosat qilib, bir muddat turib qoldim. Kirarimni-da, ketarimni-da bilmasdan, kimsasiz Yer yuziga quvgʻin oʻlaroq endigina kelib tushgan Odam Ato yangligʻ biroz hadik, biroz xavotir, biroz umid bilan tovush chiqarib qoʻyaman, ahyonda: “…kim bo-or?”. Xayriyatki, kimdir bor ekan. Peshvoz chiqqan ayoli supadagi ayvon adogʻida yopigʻliq koʻhna bir eshikni koʻrsatdi: “…toʻgʻri kirib boravering, oʻzi chiqib kelolmaydi – mazasi yoʻq, yotibdi!”. Kirib bordim. Va koʻrdimki, yo elning gapi eskirgan, yo bul zotga “eskirgan”: ziyoli bir moʻysafid, yonboshlab “Paygʻambarlar tarixi”ni oʻqir, qabatidagi xontaxtada ham kitoblar yotardi…
Qisqa salom-alik, maqsad-muddao bayonidan soʻng gardkamiga ovozyozgichni yoqdim. Xasta holicha, tez-tez nafas rostlab, xiyol zoʻriqib soʻzlardi… Xudoga tavakkal buyogʻi!..
— Esimni taniganimdan beri sizni faqat “Boboqulov” deb eshitganman. Nimagadir, faqat familiyangiz mashhur elda, ismingiz esa… Surishtirsam, birov “Nortoji” dedi, boshqa birovi “Nuriddin”, yana boshqasi esa “Nurilla”..?
— Ismim Nurilloh!.. Boboqulov Nurilloh Shodiyevich… 1956-yil, 25-iyun sanasida tugʻilganman… Paxtachining Oqtepa qishlogʻidanman… Ha, shu daryoning boʻyidan!..
— Bu yoqlarga qachon koʻchib keldingiz?
— 1985-yili edi… Bosh vrach Ibrohim Sharipovich meni chaqirtirib, nozik bir joy bor, ishlaysanmi, dedi… Xotinim bolalar shifokori boʻlib ishlardi. Agar rozi boʻlsam, xotinimniyam oʻsha yerdagi tugʻruq boʻlimiga ishga olishini aytdi… “Boʻldi, roziman! Xalq uchun qayga joʻnatsangizam ketuvraman!”, dedim. Sverdlov kolxoziga bolalar vrachi qilib joʻnatdi… Asli kasbim bolalar vrachi-da oʻzi… Bordik, bir xaroba joy ekan: bitta xonada ham men bolalarni koʻraman, ham tishdoʻxtir kasal qabul qiladi, narigi xonada esa xotin-qizlar doʻxtiri bor… Endi, bilasiz, Oqtepadan u yoqqacha juda uzoq yoʻl. Avval qishloqdan katta yoʻlgacha piyoda chiqardim, keyin avtobus minib, Ziadingacha borardim, Ziadindan Kommunizm kolxozigacha borganda, avtobusdan tushib, qolganiga yana piyoda ketardim… U ichkarida na avtobus, na boshqa ulov boridi. “Skoriy…” ham yoʻgʻidi… Odamlar, huv-v, Qarnablardanam kelardi: doʻxtir, yuring, bolam kasal; doʻxtir, yuring, chaqaloq tugʻilyapti… Topilsa motosiklda, topilmasa piyoda ke-yetardim… Shunday qilib, toʻrt-besh oy ishlaganimdan keyin bosh vrach meni chaqirtirdi. Sen yaxshi ishlar qilding, qisqa vaqt ichida xalq seni tanib qopti, shunga seni endi yana oʻzimizga, Oʻzbekiston kasalxonasiga (hozirgi Paxtachi TTB) qaytarib ishga olamiz, dedi… Kasalxona poliklinikasida ustozlar bilan ikki oycha ishladim. Keyin shu poliklinikaning Bolalar boʻlimiga boshliq qilib tayinlashdi meni. Bu orada koʻp bosh vrachlar almashib ketdi… Bir kuni meni maʼmuriyatga chaqirib, sen Onalik va bolalik boʻyicha bosh shifokor oʻrinbosari boʻp ishlaysan, deyishdi. Boʻpti, deb ishlayverdim… Vaqti kelib, u yerdanam, oʻz arizam boʻyicha, boʻshadim. Yana Bolalar boʻlimiga qaytdim. Undan keyin uchastka vrachi boʻlib ishladim. Keyin Samarqand sovxozida ishladim. Kirovda ishladim… Feʼlim shunday edi, odamlarga yordam qilsam derdim. Toki menga kelganlar mendan norozi boʻlib ketmasin!..
— Bolalar shifokorisiz, lekin qabulingizda kattalar ham navbat kutishadi..?
— Bolalarni davolab yurgan kunlarimning birida bosh vrach oldiga kirib aytdimki, bu soha endi menga kamlik qilyapti, ogʻir ahvoldagi bemorlarniyam koʻrsam deyman, shunga anistizolog-reanimatologlikka, yaʼni jonlantirish boʻyichayam oʻqib kelishim kerak, dedim. Rozi boʻldi. Samarqandda oʻqib kelib, anistozolog vrach boʻldim… Bu endi-i… xoʻ-oʻsh… 2014-2015-yillardi gapi… Shu orada men yana qiziqib, Samarqandda olti oy ultraovoz uskunasi boʻyichayam oʻqib keldim – “UZI”, deymiz-ku…
— Va shu-shu UZI boʻyicha terapevt-vrach boʻldingiz… Esimda, men ham qabulingizga borgandim. Tuman markaziy shifoxonasining poliklinikasida, birinchi qavatda edi xonangiz. Eshigingiz oldi odamga toʻla boʻlardi, doim. Navbatim kelganda kirdim. Tomogʻimga ikkala bosh barmogʻingizni bosib, ogʻzimni katta ochishimni aytdingiz. Boʻgʻzimga bir necha nafas qarab, buqoq-suqogʻim yoʻqligini, shunchaki kekirdagim kattaligini qatiyan maʼlum qildingiz. Ishonqiramay xonangizdan chiqib, toʻgʻri UZIga borib tushdim. Mitti monitorchaga qarab, ular ham aynan gapingizni takrorlashganida, nimaga odamlar qabulingizga “ur-yiqit” qilib kirishini tushunganday boʻlgandim…
— Koʻz oʻrganib ketarkan koʻraversang… Avvalboshda UZI apparatini koʻtarib, el ichida yurardik. Qonun shunday edi-da, hamma tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilishi shartidi. Reja boʻyicha bir kunda oʻn ikkita odamni tekshiruvdan oʻtkazishim keragidi. Lekin men kuniga yuztagacha odam koʻrardim… Keyin u poliklinikada oʻtirib odam koʻradigan boʻldik… Ishlab-ishlab pensiya yoshigayam yetibmiz. Bir kuni bosh vrach meni xonasiga chaqirib, apparatti topshiring-da pensiyada damingizni olib turing endi, kerak boʻlsangiz, shartnoma boʻyicha chaqirib olamiz, dedi. Arizamni yozdirib olishdi, xullas… Uyimga chaqirib shogirdlar, hamkasblar bir-ikki keldi. Yuring ishga, odamlar soʻrayapti, deyishdi. Yoʻq, dedim, hammasiga uzil-kesil, tupurgan tupugimni qaytib olmayman, dedim…
— Tushunarli… Doʻxtirning oʻzini kasal yotganini koʻrish… erish tuyularkan, baribir. Nima boʻldi?..
— Vaqti-vaqti bilan mazam qochuvirdi. Oyoqlarim chalishib ketaverardi, nimagadir… Oʻzimcha oʻyladim, bir boshimni kompyuter tomografiyasiga tushurib kelaychi, dedim. Navoiyga borib, tushdim MRTga. Boshingizda suv toʻplanibdi, deyishdi. Yaxshi nevroxirurgga yo nevropatologga koʻrining deb, tavsiya berishdi. Xay deb qaytdim. Yon qoʻshnim Shovqiddin Yoʻldoshev kuchli nevroxirurg. Samarqandda ishlaydi. Uyiga oʻtdim. Tashxis qogʻoziga bir qaradi-da, bugunoq borib, kasalxonaga yoting, dedi. Bordim kasalxonaga. Analiz qilishdi, tekshirishdi, yotqizishdi, narkoz berib, operatsiyaga olishdi… Bir yarim soat davom etdi operatsiya. Oʻng chakkamni drill bilan teshib, boshimda toʻplangan suvni soʻrib olishdi… Mana, koʻryapsizmi izini?.. Operatsiyadan keyin ancha yengil tortdim. Hassaga suyanib boʻlsayam koʻchalarda yurardim. Lekin yaqinda darvozadan chiqishda, oyogʻim tomir tortib qoldiyu yiqilib tushdim. Hamsoyalar yugurib kelib, turgʻizib, suyab, opkirib yotqizishdi… Birovlar aytdi, oyogʻingdi payi qirqilib ketgan, deb… Payi qirqilgan oyoq bukilmaydi. Menimcha, bular bari asab sistemasidan. Oʻqiganman, axir, juda yaxshi bilaman: ishdan chiqqan nerv tizimi minimal yigirma bir kunda tiklanishi kerak. Boʻlmasa uch oyda, uch oydayam tiklanmasa, olti oyda, olti oydayam oʻnglanmasa yillar oʻtib, oʻziga keladi… Men, Xudoga shukur, mana, toʻqqiz-oʻn kunda oʻnglanib qoldim. Ogʻriqlar yoʻqoldi. Kalla ishlaydi. Oyoqlarim harakatda… Men, miyamga qon quyuldimikan, deb qoʻrquvdim… Xayriyat!.. Kasal koʻra boshladim yana. Odamlar kelyapti, uzoq-yaqindan. Kechagina, masalan, hey-y, Nuroboddi tagidan, Qoʻrgʻonchadan kasal opkelishdi… Keyin… kitoblar oʻqiyabman, mana!..
— Kitoblar?.. Xoʻ-oʻp, qani… “Paygʻambarlar tarixi”, “Onajon”, “Tentakning tajribalari”, “Adovat”… Qiziq, sizlarni faqat sohalaringiz boʻyicha, tibbiyotga taalluqli kitoblar oʻqiydi, deb oʻylardim. Ammo, koʻrib turibmanki, diniy-maʼrifiy, badiiy, psixologik asarlar ham oʻqirkansizlar..?
— Bunday-da, odam bir joyda toʻxtab qolmasligi kerak. Oddiy bir misol, oldimizga odamlar dardini aytib keladi. Ularni avvalo odam sifatida eshitib, tushuna olish uchun dunyoqarashingiz keng boʻlishi kerak. dunyoqarash qayerdan kengayadi – mana shunday kitoblarni oʻqishdan. Demak, bizning kasbdagilarga ham bidiiy kitob oʻqish juda muhim.
— Xoʻp, hozirgi yosh kasbdoshlaringiz mutolaada qanchalik? Qoʻllarida kitob koʻrasizmi hech?
— Hozirmi?.. Yoʻq!.. Badiiy asar u yoqda tursin, tibbiy kitoblarniyam oz oʻqishadi. Oʻqiganlariyam oʻzbekcha qoʻllanmalar… Bizning sohaga oid koʻp kitoblar rus tilida, haligacha. Hozirgilar esa ruschani yaxshi bilmaydi. Harakat qilsa boʻladi-ku, lekin!.. Men, masalan, rus guruhda oʻqiganman, talabalikda. Guruhimizda armanilar, gruzinlaram boridi. Ularniyam tilini oʻrganib, muloqot qilishga urinardim. Oʻrganmasdan ilojimam yoʻgʻidi-da – “starosta” edim, guruhda…
— “Ustoz” deb, ich-ichingizdan kimlarni ayta olasiz?
— Bugun borlaridan Abdurazzoq Tursunov ishdagi ustozim boʻladi. Ilgari bolalar vrachi boʻp ishlagan… Institutda esa Abdulfattoh Mannonov degan kishi boridi. Bizga dars bergan. U kishining bemorlarga muomalasini, bemorning ota-onasiga qilgan muomalasini koʻrib, havas qilganman. Toʻyimgayam keluvdi… Qattiq hurmat qilaman. Oʻqishdayam orqasidan qolmasdan, dumday ergashib yurardim. Kasalxonada, boya aytganim, Ibrohim Sharipovich ham toʻgʻri yoʻlga boshqarib yuborgan meni. Senga muhtojlar bor joyda ishla, degan. Shu kishining qoʻl ostida ishlab, TTBda bosh vrach oʻrinbosari darajasigacha koʻtarildim – 1993-1994-yillarda!..
— “Shogirdim!”, debchi, kimni alohida iftixor bilan ayta olasiz?
— Pirnazarovni!.. Ha, TTBdagi Bolalar boʻlimi boshligʻi Anvar Pirnazarov shogirdim boʻladi. Birga ishlaganmiz, vaqtida.
— Pensiyagacha, jami qancha vaqt ishladingiz?
— Oʻttiz toʻqqiz yil.
— Oʻttiz toʻqqiz yil… Kichkina muddat emas, harqalay. Pora soʻraganmisiz, biror marta?
— Yoʻq!.. Biror marta birorta bemorimga qarab, buncha berasan, demaganman. Aksincha, qimmat dorilarning uzundan-uzun roʻyxatini koʻtarib kelganlarga qaytadan, arzongina dorilar roʻyxatchasini yozib berganman. Masalan, yaqinda ham bir chaqaloqni koʻtarib kelishdi. Shugina murgʻak jonga, noinsoflaram koʻpda, bir million olti yuz ming soʻmlik ukol-dori yozib berishibdi. Ham bolaga zarar buncha narsa, ham ota-onasi kissasiga. Oʻchirib tashlab, qisqagina, arzon retsept yozib berdim…
— Nahotki, shu oʻttiz toʻqqiz yil ichida vijdoningizga qarshi borishga majbur boʻlmagansiz? Shuqadar sip-silliq kechganmi, hayotingiz?!..
— Shu… oʻrinbosar boʻp ishlagan yillarimidi… Kimligini aytmayman, bir chaqaloqni tugʻilganidan voz kechib tashlab ketdi ota-onasi… Sababi, bola nevroz nogiron boʻlib tugʻilgandi. Bizda “Bolalar uyi” yoʻq, tugʻruqxonada esa bolani bir oydan ortiq olib turilmaydi… Maʼmuriyatdagilar menga, surishtirchi, bunday tugʻilgan bolalar kasalxonasi qayerda borakan, deyishdi. Xuddi shu kunlarda, Xudo yetkazib, kasalxonamizga Onalik va bolalik boʻyicha vazirning shaxsan oʻzi kepqoldi. Koreys ekan. Ismi hali esimdan chiqmaydi – Kim Sergey Aleksandrovich… Majlis oʻtkazdi. Asta vaziyatti tushuntirdim unga. Boʻldi, dedi, “vizitka”sini berdi menga. Hujjatlarini toʻgʻrilab, bor, hal qilamiz, dedi… Hammasini toʻgʻrilab surishtirsam, bolalar ruhiy shifoxonasi Namanganda ekan. Bosh vrach bitta moshin, bitta shopir, ikkita odam berdi. Chaqaloqqa qarab boradigan vrach oʻzimman. Borib, Namangan viloyat sogʻliqni saqlash boʻlimigacha kirganman. Menga, sen bu bolani otasi boʻlasan unda, videoga olib, Navroʻz bayramida eʼlon qilamiz, agar kimdir homiy chiqsa, pul berib, qaramogʻiga olar, deb aytishdi. Koʻndim. Videoga olishdi meni. Endi kirib koʻr, qanday joyga tashlab ketayotganingni bil, deyishdi. Kirib qarasam, ichkarida bolalardi ip bilan oyogʻini kravatga bogʻlab qoʻyishibdi, hovlisida esa daraxtlarga kuchukday bogʻlab qoʻyishibdi. “Vagʻ-vagʻ” qilib yotibdi bolalar… Juda qattiq taʼsirlandim. Lekin baribir shu yoqqa topshirib keldim chaqaloqni… Hayoti nima boʻlgan, bilmayman…Balki, yaxshi boʻlib ketgandir…
— Ota-onasi soʻramadimi, bir martayam?
— Yoʻq… Taniyman otasiniyam, onasiniyam, hoziram bor ular… Bilaman, bulardi aytishim notoʻgʻri. Nima qilay, vijdonim qabul qilmasayam yuqoridan kelgan buyruqni bajarishga majbur boʻlganman!..
— Izingizdan ketgan farzandingiz bormi?
— Yoʻq. Bir oʻgʻil, ikki qizim, yetti nevaram bor, oʻzi. Qizlarimdi bittasini, toʻgʻri, hamshiralikka oʻqitdim, lekin uyam hozir ishlamaydi. Narigi qizim esa bazada qorovul: “keldi-ketdi”ni roʻyxatini opturadi…
— Sizchi, kimgadir izdosh boʻlganmisiz, oilada? Nega aynan shifokorlikni tanlagansiz?
— Bizlar oʻn ikkita farzand boʻlganmiz. Otam kolxozda suvchi edi. Momom boridi. Elning tabibiyam, vrachiyam, doyasiyam… – shu momomidi. Odamlar kelini toʻlgʻoq tutadimi, bolasi kasal boʻladimi, kelib, momomni opketishardi. Momom esa meni yelkasiga koʻtarib olib, ketaverardi qayga boʻlsa. Shu ketishda kimlarningdir uyiga borib, ayollarni tugʻdirar, singan-chiqqanni solar, malham ichirar… men esa bir chekkada qara-ab turardim. Shu momom sabab odamlarni davolashga qiziqqanman. Student paytim momom tomogʻidan rak boʻldi. Samarqandga opkelishdi. Har kuni koʻrgani borardim. Momom rahmatli har borganimda, xursand boʻlib, palatadoshlariga maqtanib qolardi: “…mana, bolam katta student. Oʻqiyapti. Katta doʻxtir boʻladi!”, deb yotardi… Oʻqishaga kirishimam oson boʻlmagan. Ikki-uch yil topshirib kirolmaganimdan soʻng, qishloqqa qaytishga betim chidamay, harbiy komissariatga oʻzim ariza berib, armiyaga ketganman. Germaniyada ikki yil xizmat qildim. Yana kasalxonaga qaytdim. Nima qilib boʻlsayam chiqqim kelmasdi, shu yerdan. Meni oldiniga koʻchasupuruvchi qilib olmoqchi boʻlishdi. Lekin istihola qilishib, kasallarga satilda ovqat tashish vazifasini yuklashdi. Toʻrtinchi qavatga, ikkita satilda kasallarga ovqat tashirdim… Shunday, kasallarga ovqat tashishdan boshalaganman ishimni!..
— Bugungi pediatriyamizdan qoniqasizmi?
— Pediatrlar bugun bolani chuqur tekshirmaydi. Ustozlarim aytgan, bolani yalongʻoch qilib koʻr, to biror joyida nuqson qolmasin! Bola tanasining biror joyida xol koʻrsang ham barmogʻing bilan bosib koʻr, rostdan xolmikan yo boshqa narsami! Boshchasidan tortib moyagigacha tekshirib koʻrish kerak. Bir xillarining urugʻdoni tushmay qolgan boʻlishi mumkin. Vaqti oʻtsa, bola qiynaladi keyin… Shuning uchunam bolani butunlay yechintirib koʻrish kerak. Hozirgilar bunday koʻrmaydi bolani. Oʻzini ustida ishlamaydi. Oʻqishda yuradi salanglab. Hamma narsani pul hal qiladi, deb oʻylaydi ular. Diplomdiyam pulga sotib olishadi. Keyin shu “xarajat”ini chiqarib olishga kirishadi: pora oladi, dori sotadi… Yaqinda malaka oshirgani institutga borganimda, bitta yosh yigit magnitofonni baqirtirib qoʻyib, ketib boryapti. Menga qara, studentmisan, dedim. Ha, dedi. Bu nima yurish, oʻqisangchi, dedim. A-ay, otamdi joni sogʻ boʻlsin, otam bor nima gʻam deydi… Hali xalq bolasini shularga ishonib topshiradimi, ertaga?!..
— “Tibbiyot xodimlari” kuni munosabati bilan hamkasblaringizga, izlaringizdan kelayotgan talabalarga, qisqasi, tibbiyotchilarga aytaringiz boʻlsa, marhamat!
— Yurakdan tabriklayman barini! Xato qilishmasin! Xalqqa vijdonan xizmat qilsin! Xalq oʻzi biladi baribir kimning qandayligini!..
— Nurilloh aka, xalq sizni qanday atashini bilasizmi – “Doktor Haus”, deydi…
— A… ha-ha… bilaman-bilaman! (baralla kulib yubordi) Koʻrganman u kinoniyam. Oyogʻining choʻloqligiga, hassada likkillab yurishiga kulardim… Endi, mana, oʻzimniyam kunim hassatayoqqa qoldi!..
…“Saroy”ni tark etarkanman, bu egizakdek uylarda oʻxshovi yoʻq inson umrguzaronlik qilishini, uning oʻzigagina xos fikrlaridan, ilmidan, hayotiy kuzatuvlari hosilasidan hamma-hamma bahra olishini judalarda xohlardim. Ammo qaniydi tashxislari kabi aniq, muxtasar va borki taraflama nafli qilib yozsam, yoza olsam!..