Chekka qishloqlarda ham zamonaviy bolalar bog’chalari qad rostlab, navqiron avlod farovon ertasi uchun munosib poydevor qo’yilmoqda. Ota-onalar doim farzandlarini yaxshi sharoitlari bo’lgan, ta’lim-tarbiya borasida yuqori natijada turadigan bog’cha va maktablarga borishini istashadi.
Biz ham ijodiy jamoamiz Paxtachi tumanining “Toma” mahallasida joylashgan davlat xususiy sherikchilik bog’chasiga u yerda bolajonlar uchun yaratilgan imkoniyatlarni ko’rish maqsadida bo’ldik.
Bog’chaga kirar ekanmiz, bolajonlarning shirin kulgilari ila turli xil o’yinlar, to’garak mashg’ulotlari bilan band bo’lishayotganliklariga ko’zimiz tushdi.
Kattagina bog’chada, barcha sharoit va imkoniyatlar mujassam bo’lib, bolajonlarning ham quvonchlari cheksiz. Ushbu bog’chada nafaqat tarbiya, ba’lki ta’lim ham maromida olib borilmoqda. Bu yerda ingliz, rus tili, raqs, qizlar uchun gimnastika, maktab yoshiga yetgan bolalar uchun savodxonlik darslari ham o’qitiladi.
— Bog’chada ingliz tili darsimiz haftasiga 3 kun o’tiladi. Bolalarda bu darsimiz qiyinchilik tug’dirmasligi uchun she’riy usulda, turli xil o’yinlar bilan olib boriladi — deydi bog’chaning ingliz tili o’qituvchisi Zebo Ziyodullayeva
Bundan tashqari, gapirishda nuqsoni bor bolalar uchun logoped ham faoliyat olib bormoqda. Har bir xona toza va ozoda bo’lib, ayniqsa, oshxona tartibi o’z o’rnida. Bolalar uchun foydali ovqatlar tayyorlanib, barcha qoidalarga amal qilinadi.
VIDEO REPORTAJIMIZNI HAM O’TKAZIB YUBORMANG:
Bog’chaning qulayliklaridan yana biri shuki, uzoq masofadan kelayotgan bolalar uchun mashinalar ham yo’lga qo’yilib, ota onalarning havotiriga hojat qolmagan. Bog’cha ochilgandan buyon ishlab kelayotgan metodist Mashhura Baratova bizga bu yer haqida yanada ko’proq ma’lumotlarni taqdim etdi.
— “Toma” mahallasi Sadaf ko’chasida joylashgan “Yulduzli Parizoda” davlat xususiy sherikchilik asosida bo’lgan bog’chamiz, 2021-yildan buyon faoliyatini boshlagan. Hozirgi kunda bog’chamizda 30 nafardan ortiq ishchi xodimlar bo’lib, ularning 20 nafariga yaqini pedagog xodimlari faoliyat olib boradi. Bog’chamiz 250 o’ringa mo’ljallangan bo’lib, bolajonlar uchun barcha sharoitlar yetarlidir — deydi M.Baratova.
Ha, bugun tadbirkorlar tomonidan tashkil etilayotgan bu kabi ta’lim maskanlari yurtimizda sog’lom raqobatning shakllanishida, munosib va zamon talablariga javob bera oladigan sharoitlarning yaratilishida xizmat qiladi. Bu esa o’z o’rnida bolajonlarning maktabga chiqqunga qadar boshlang’ich tayyorgarliklariga ham ijobiy ta’sir etadi.
Madina Erkinova, Jamolbek Salomov tayyorladi.