Muallim yozgan bayonlar. 7-bayon
Qaytish
Hayot uzun daryoga o’xshaydi. Odam Ato shu daryoning boshida, Momo Havoni o’ziga yo’ldosh qilib, umr qayig’iga mingan. Ma’lum bir vaqt kelib, daryo sohilida to’xtab qolgan. Bu daryoning uzunligi metr, kilometrda emas, kun, tun, oy asrlarda o’lchanadi. Lekin dunyoga kelgan har bir inson shu daryoda suzib, vaqti soati kelgach, sohilda tushib qoladi. Birovlar shu qayiqda bir necha yil, birovlar 70-80 yil suzadi. Eng qizig’i, qachon, qayerda qayiqqa minishimiz-u, tushishimizni o’zimiz ham bilmaymiz. Nega bu daryoga tushganimizni ham anglay olmaymiz.
“…tu…tu…tu…teyt,
tu…tu…tu…teyt…”
Oppoq farishtalar… Qiziq, nega ularning qanoti yo’q? Qaysi biri Azroil (a.s) ekan? Bu tovushlar Isrofil (a.s) chalgan surning ovozimikan?..
Sobir muallim bu tovushlarni katta magistral yo’lni tozalashga chiqqanlarida ko’p ko’rishadigan, uzun tirkamali, Turkiya yuk tashuvchi ulovlarining bonggiga o’xshatdi. Katta yo’lni tozalashga asosan erkak o’qituvchilar jalb qilinardi. Xotin-qiz o’qituvchilar esa ularning darsini o’tardi. Bu taklif erkak o’qituvchilarga juda yoqib tushardi. Oylik yozilsa, toza havo, tushlik bilan ozroq “dori” (araq)… xullas, yomon bo’lmasdi. Kecha yo’l bo’yidagi Rustam qassobning uyini chegara devorlarini suvoqlab, keyin bo’yoq qilish topshirig’i berildi. Uch kunlik ish, peshingacha hisoblansa, bir yarim kun bo’ladi. Direktor yig’lagudek bo’lib iltimos qildi. Maktabga turli xil tekshirishlar kelmaslik uchun ham shu ishlarni qilishga majbur ekan o’qituvchilar. Eng alam qiladigani, ish avjiga yetganda, uy sohibi mast ahvolda keldi:
—…hormangla-ar, mening oliy-y ma’lumotli mar-rdikorlarim! X-xafa bo’lmang, s-siz… o-oliy-y ma’lumotli, a, men maktabni z-zo’rg’a tugatganman…
— Rustam, haddingdan oshma! Undan ko’ra choy qilsang, yaxshi bo’lardi, — asabiylashdi Sobir muallim.
— Us-stoz-z, odam bo’lmaysan, n-noningni topib yeyolmaysan-n, derdingiz… Bib… bir marta quq…qulog’im ostiga tit…tushurganingiz hali esimdan chiqmagan. Mim… mana, kim nonini topib yeyayapti-yu, kik…kim yeya olmayapti?..
— Haliyam odam bo’lmabsan… Odamlik pul bilan o’lchanmaydi!..
— Bu s-sizning qarashingiz, — deya chayqalib, qassob uyiga kirib ketdi.
Pensiyaga chiqishini sabrsizlik bilan kutayotgan Sobir muallim tishini tishiga qo’ydi. Alamini ichiga yutdi. Muallimga sherik bo’lgan ikki yosh o’qituvchi chidab tura olmadi. Biri qo’lidagi loy to’la chelagini uloqtirdi. Ikkinchisi suvoq andavasini uloqtirib baqirdi:
— Bo’ldi, ketaman! Rossiyaga ketaman!.. Haqoratlardan to’ydim. Maktabdagi bola-yu, uning ota-onasi, rahbariyat yetmaganday odamlar ham ustimizdan kulishadi.
— Pedagog degani “Bola yetaklovchi qul” deganida, nima bo’lganda ham. Baribir qullarga bo’lgan muomilani qilishadi, — gapga aralashdi ikkinchisi. Ikki yosh velosipedga minib, uyiga jo’nadi.
Sobir muallimning boshida og’riq turdi. Boshi aylanib, endigina suvoqdan chiqqan devorga suyanib qoldi. U ich-ichidan o’ksinsa-da, biz ziyolilarmiz, deya o’zini ojizgina ovutdi…
“…tu…tu…tu…teyt,
tu…tu…tu…teyt”
Yo tovba-a!.. Farishtalarni u bosh tomonidan ko’rayotgandi. Pastda yotgan bir odamning tepasida ular nima qilayabdi. Yoki Iso Masihmikan, tiriltirish Allohning izni bilan Iso alayhissalomga berilgan-ku?! Muallim tiriltiruvchi farishtalar haqida eshitmagan ekan. Ey, anovi oq kafanga o’rangan kim bo’ldi. Yo’q, u kasalxonaning ko’rpa-to’shagi emasmi? To’xta-to’xta, nahotki, inson farishtalardan ham yuqorida tursa?..
— Domla, ketdik!..
“Pap-pa-ap!” – yengil ulov tovushi eshitildi. Sobirning xayoli bo’linib, o’taravaga o’tirdi. Haydovchi maktabni uch yil oldin bitirgan o’quvchisi edi. Ichkarida yana ikkita ayol bor ekan. Ular muallimga e’tibor ham bermay, gap berib ketardi:
—…eshitdingizmi, yana o’n kundan so’ng o’sha kometa yerga kelib urilib, yerni titib yuborarkan. Qiyomat bo’larmish.
— Odamlar chet ellarda bor-yo’g’ini sotib, puliga katta shar yasab, ichiga kirib olayapti ekan.
— Paxtaga chiqmoqchi edim. Terim qolib ketarkan-da. Ularning biri qo’yib, ikkinchisi javrab ketardi.
— Ha, boya mashinaga minay deb ko’chaga chiqsam, uyimiz yaqinida bir eshak o’lib, sasib yotibdi. Uch kunlar bo’lgan-ov, uni olib ko’madigan odam yo’q, — deb qoshini chimirdi, zar durrali ayol.
— O’ylanmang, muallimlar bor, ko’chani tozalab yuribdi. Ertaga kelsa, eshakni ko’mib, ko’chani tozalab ketishadi!, — munosabat bildirdi ikkinchi ayol.
Sobir muallimning qulog’i shang’illab, boshqa gapni eshitmadi. “Damas”dan tushib, uyi yaqinidagi do’konga burildi. Xotini unga qand-qurs olib kelishini tayinlagan. Do’konda 3-4 ta odam gap sotib, “yuz-yuz” olib o’tiribdi. Do’kondagi qarzi ham, yarim oyligi bo’lib qolgan. Pul degani muallimga bevafo bo’larkan. Hali Nukusda o’qiydigan qiziga pul jo’natishi kerak, kontrakt to’lovi ham turibdi. Muallim yana qarzni ko’paytirishidan, boshqalar oldida uyalib qolmaslik uchun do’kon ostonasidan qaytdi. Do’kondan narsalar olib kelmagani uchun xotini qattiq shang’illab, muallimga “dars o’tdi”. Qo’shnisi Boliboyning Toshkentga borib, obodonlashtirish tashkilotiga ishga kirib, chiqindilarni turlariga ajratib, qog’oz, “baklajka” sotib boyib ketganligi; xalta-xalta qotgan non keltirib, qo’sha-qo’sha ho’kiz boqayotganligini, ikki yilda “Neksiya” va “Damas” minganligini… javragan xotini “ibrat qilib” ko’rsatdi.
— Boliboy va uning oilasiga havas qilaman. Ma’lumoti o’rta bo’lsa-da, o’zlarini o’nglab oldi. Siz esa, o’ttiz yildirki, velosipedni ham yamab minasiz.
— Yetar, onasi, charchaganman, bir oz dam olay. Diydiyongni to’xtat, har kimning rizqi har narsadan keladi. Iltimos, bir oz meni tinch qo’y?..
Yalingudek xotiniga past ovozda gapirdi muallim.
Sobir muallimning chap ko’kragida sanchiq turdi. Oyoq-qo’li soviy boshladi. Tishi tishiga qarsillab urildi. Nafas olishi qiyinlashdi. Qo’llari qaltirab, devorga suyanib, hushidan ketdi. Xotini “dod-voy” qilib bo’lgach, foyda bermasligini bilib, qo’shni uydagi hamshiradan yordam so’rab yugurdi. Aksiga olib, bolalari ham hali maktabdan kelmagandi. Ayol darvozadan chiqqan edi hamki, darvoza ortida “Kaptiva” turardi. Uning yonida esa Ali “protsent” va maktab direktori turardi. Direktor gunoh ish qilib qo’ygandek yelkalarini qisib, hijolat tortib turardi. Ali odamlarga pul berib, boyib ketganligi uchun shu laqabni olgandi. U so’dxo’rlik qilib, ko’pning hojatini chiqargan.
— Sobir savod qani, chaqir eringni, mening bolamni xafa qilish qandayligini ko’rsatib qo’yaman. Ikki qo’yib, “Qizil shahodatnoma”dan qoldiribdi.
— Yordam beringlar, muallim o’lib qoladi. Tobi yo’q!, — ayol shoshgancha, qo’shni uyga chopib kirib ketdi.
— Sen qanday direktorsan, bitta muallimingni bajarmasang… Olgan pullaring o’n besh million bo’libdi. Protsenti bilan o’n kunda to’lagin. Ali protsent otasi tenggi direktorga sensiradi. Direktor itoatkorlik bilan sukut saqlab turardi.
“…tu…tu…tu…teyt,
tu…tu…tu…teyt”
Uch kun-u tundan buyon uning atrofida “farishta”lar aylanadi. Sobir muallim krovatda yotgan o’z jismini ko’rib hayratlandi. Umri davomida oynaga ham tuzukroq qaramagandi. U kasalxonaning shiftida tutun misoli turardi. Lekin uni yo ko’rishmasdi yo o’zlarini ko’rmaganga olishardi. Muallim o’zining ko’zlaridagi qorachiqlarning katta-katta bo’lib ketganidan bexabar edi.
— Apparatni uzish kerak, foydasi yo’q.
— Yangi kelgan bemorga ham apparat zarur. Qon bosimi ko’tarilmayabdi. Oyoq qo’llari sovib ketdi. Puls deyarli yo’q, — dedi “farishta”lardan biri.
Qolgan ikki “farishta” e’tiroz bildirdi. Yana bir tong otdi. Kun botdi. Sobir muallimning hayot-mamoti hal bo’layotgandi. Azroil (a.s) yana bir bandasining Haqqa omonatini olib borishga doimgidek tayyor edi. Lekin unga hali vaqt bor edi.
“…tu…tu…tu…teyt,
tu…tu…tu…teyt”
— Puls oshyabdi. Qon bosimi oshayabdi. Endi “morfin” ukoli kerakmas, shunchasi yetadi.
Bu “farishta”ning ovozi tanish tuyildi. Muallim “farishta”lar ovozini eshita boshlagandi.
— Bemor ko’zini ochdi, xayriyat, u endi o’lmaydi. Alloh bu safar ham bizni uyaltirib qo’ymadi.
— Ey, bu ustozim Sobir muallim-ku, kasalligi bilan qiziqibman-u, ism, familiyasiga qiziqmabman, — dedi sochiga hali oq oralamagan, o’rta yosh bir “farishta”.
— O’qituvchilar hayoti endi o’zgaradi. Hukumatimiz yangi qarorlar chiqaribdi. Ular majburiy mehnatga jalb etilmas ekan. Oyliklari osharmish, — gapga qo’shildi boshqa bir “farishta”.
Sobir muallim shahodat kalimasini aytmoqchi bo’ldi, lekin… tili aylanmadi. Muallim og’zining bir tomoni qiyshayib qolgandi.
…Sobir muallimning tiriklik qayig’i hayot daryosining sohiliga chiqar vaqtida bir to’lqin kelib, yana uni daryoga oqizib ketdi. Hali qancha vaqt suzishini bilmaydi, barchamiz kabi…
Mardon SUYUNOV,
Paxtachi tumani 33-umumta’lim maktabi o’qituvchisi,
Xalq ta’limi a’lochisi.