2023 yil oxirigacha Qozog‘iston Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan Sirdaryo havzasi resurslaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvni o‘zgartirishni rejalashtirmoqda. Bu imkoniyat 2023-2029 yillarga mo‘ljallangan suv resurslarini boshqarish konsepsiyasida o‘z ifodasini topgan.
Hujjatning qisqacha tavsifida qayd etilishicha, suv bo‘yicha amaldagi kelishuv 1998 yildan beri amal qiladi. Hujjat irrigatsiya va energetikada Sirdaryo resurslaridan foydalanishni tartibga soladi.
Hozirgi sharoitda GESlarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining ortiqcha qismi Qozog‘iston va O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi. Buning evaziga Qirg‘iziston qo‘shnilaridan energetika, moliya va tijorat xizmatlarini oladi.
Suv tanqisligi mintaqadagi asosiy va kuchayib borayotgan muammolardan biridir. Klimatologlarning fikricha, mintaqaning ayrim mamlakatlarida 2040 yilga borib suv resurslariga bosim 2,8 barobar ortadi. Yana 10 yildan keyin, 2050 yilga borib, Sirdaryo 15 foizga sayozlashishi mumkin.
Hujjatning batafsil mazmuni noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yilning 30 noyabr kuni O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma hamda Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilishga oid qonunlarni imzolagandi.
Qirg‘iziston bilan kelishuvga muvofiq umumiy uzunligi 302,29 kilometr bo‘lgan chegara chizig‘i, jumladan, O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasining 35 ta uchastkasi belgilandi. Shuningdek, O‘zbekiston o‘z hududiga Andijon (Kampirobod) suv omborining 4957 gektarini hamda to‘g‘onni saqlash va muhofaza qilish uchun qo‘shimcha 19,5 gektarni oladi. Qirg‘iziston kompensatsiya sifatida 1019 gektar yaylovni oladi.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni suv omboridagi suv sathini 900 metrdan ortiq bo‘lmagan darajada ushlab turish, qirg‘iz xalqining resurslardan erkin foydalanishini ta’minlash (hayvonlarni sug‘orish, sug‘orish, baliq ovlash), suv ombori atrofida muhandislik-texnik inshootlar o‘rnatmaslik majburiyatini olgan.
Qirg‘iziston tomoni esa suvni muhofaza qilish zonalari tashkil etilishi va suvdan foydalanish rejimiga rioya etilishini ta’minlash majburiyatini olgan.