Toshkent iflos havo reytingida yana yuqoriladi

Toshkent iflos havo reytingida yana yuqoriladi

Toshkentda 10 iyul holatiga ko‘ra, havoning ifloslanish darajasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya qilgan me’yordan qariyb 5 baravarga yuqoriladi. Bu bo‘yicha ma’lumotlar real vaqt rejimida faoliyat yurituvchi IQAir portalida qayd etilgan.

Ma’lum qilinishicha, poytaxt havosidagi PM2,5 konsentratsiyasi 10 iyul soat 11:30 holatiga ko‘ra, JSST tavsiya qilgan yillik havo sifati me’yoridan qariyb 5 baravar yuqori bo‘lib turibdi. Havo ifloslanishining bunday darajasi (AQI 78) “o‘rtacha”, deya baholanib, bu kabi ob-havoda ifloslanishga nisbatan ta’sirchan bo‘lgan guruhlar: o‘pka kasalligi borlar, qariyalar va bolalar uchun tashqarida harakatlanganda yuz niqoblarini taqish, derazalarni yopish, ochiq havodagi mashg‘ulotlarni kamaytirish tavsiya etiladi.

O‘zbekiston poytaxtida yozning ketma-ket yomg‘irsiz kunlari ortidan havoda chang va zaharli moddalar miqdori ortib bormoqda. Prognozlarga ko‘ra, ushbu haftada Toshkent havosining ifloslanish ko‘rsatkichi 13 iyul kuni eng yuqori darajaga ko‘tariladi (AQI 98). 14 iyul kuni esa holat biroz yaxshilanib, PM2,5 ko‘rsatkichi pasayadi.

Mutaxassislar Toshkent havosining ifloslanishiga shaharda avtomobillarning haddan tashqari ko‘pligi, eski modeldagi mashinalar havoga nisbatan ko‘proq zararli moddalar chiqarishi, shuningdek, fabrikalar, zavodlar, sanoat hududlari hamda elektr stansiyalaridan chiqadigan tutunlar sabab bo‘lishini ta’kidlaydi.