Ukraina TIV tomoni «Don kelishuvi»dan chiqqan Rossiyani majburlashga chaqirdi

Ukraina TIV tomoni «Don kelishuvi»dan chiqqan Rossiyani majburlashga chaqirdi

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba 18 iyul kuni bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Rossiya Federatsiyasini “don kelishuvi”ga qaytishga majburlash va ochlik o‘yinlarini to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda “Interfaks-Ukraina” xabar berdi.

«Rossiya «don shartnomasini» o‘ldirdi. Buning bevosita oqibati oziq-ovqat mahsulotlarining jahon narxlarining oshishi bo‘ladi. Bu, asosan, Afrika va Osiyodagi eng zaif mamlakatlarga zarar yetkazadi. Rossiya ochlik o‘yinlarini to‘xtatishi kerak”, degan Ukraina TIV rahbari.

Kuleba BMTga a’zo barcha davlatlarni Rossiyadan kelishuvda ishtirok etishni davom ettirishni va ochlik o‘yinlarini to‘xtatishni qat’iy talab qilishga chaqirgan. Vazirning aytishicha, Rossiya Federatsiyasi siyosatni global oziq-ovqat xavfsizligidan uzoq tutishi kerak.

Shuningdek, TIV rahbari BMT Xavfsizlik Kengashi e’tiborini Zaporoje atom elektr stansiyasining Rossiya tomonidan bosib olinishi tahdidiga qaratgan.

“Rasmiy ravishda takror aytaman: Ukraina hech qachon o‘z mamlakatidagi atom elektr stansiyalarida noxush hodisalar keltirib chiqarish niyatida bo‘lmagan va bo‘lishi mumkin ham emas. Zaparoje AESda har qanday hodisani keltirib chiqarishga qodir va shunday motivi bor yagona kuch bu Rossiyadir. Birgalikda harakat qilib, Rossiya yolg‘onlarini fosh etish orqali biz ularning g‘arazli rejalarini amalga oshirishning oldini olishga qodirmiz”, degan Kuleba.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya tomoni 18 iyuldan boshlab Don yo‘lagi kelishuvi o‘z faoliyatini to‘xtatganini ma’lum qilgandi.

“Don yo‘lagi kelishuvi 18 iyuldan o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Bu navigatsiya xavfsizligi kafolatlarining bekor qilinishi, dengiz gumanitar koridorining cheklanishi, Qora dengiz shimoli-g‘arbidagi vaqtinchalik xavfli hudud rejimining tiklanishi va Istanbuldagi qo‘shma muvofiqlashtirish markazining tarqatilishini anglatadi”, deyilgandi bayonotda.