Blogerlar Jahongir Ulugʼmurodovga nisbatan appelyatsiya tartibida koʼrib chiqilgan sud ishida hukm oʼzgarishsiz qoldirilganiga munosabat bildirdi.
17 iyul kuni taqiqlangan nashid – «terroristik ruhdagi qoʼshiq»ni ulashishda ayblanib, qamalgan 20 yoshli Jahongir Ulugʼmurodovga nisbatan chiqarilgan sud hukmi appelyatsiya tartibida koʼrib chiqilib, oʼzgarishsiz qoldirilgani, shikoyatlar esa qanoatlantirilmasdan qoldirilgani haqida xabar berilgandi.
Аvvalroq, Jinoyat ishlari boʼyicha Toshkent viloyati Oqqoʼrgʼon tumani sudining 8 may kuni tegishli hukmi bilan Toshkent davlat Iqtisodiyot universiteti talabasi 21 yoshli Jahongir Ulugʼmurodovga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish hukmi bilan jazo belgilangandi.
Bloger Nurbek Аlimov ham Jahongir Ulugʼmurodov qamalishi bilan bogʼliq vaziyatga munosabat bildirib, juda koʼpchilik ushbu voqeani «qoʼshiq tarqatgani uchun», «oddiy bitta nashid tarqatgani uchun» qabilida yozayotganiga toʼxtalib oʼtgan.
«Ushbu nashidda bizga tushunarli boʼlgan oʼzbek tilida jihodga chorlov, «bu yoʼlda shahid boʼbketsak oxu koʼzli xurlarga uylanberish, dushmanlar (demokratiyani dushman deb bilishadi oʼsha terrorchilar) tobutini koʼpaytirelik, bizni xurlar kutyapti birodarlar» degan destruktiv buzgʼunchi chaqiriqlar yangraydi. Mujohidlarga ergashish kerakligi, karvondan ortda qolmaslik kabi klassik terroristik propaganda bu.
Yaxshi oʼsha bola ergashib ketib qolmapti shu mujohidlarga. Hozir u kimlarnidir urushida parchalanib ketgan «myaso» boʼlishi ham mumkin edi, agar vaqtida eʼtibor qilinmaganda.
Oʼsha modda boʼyicha 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish koʼzda tutilgan ekan oʼzi aslida. Sud bolaning yoshligi, muqaddam sudlanmaganligini inobatga olib jazoni yengillashtirgan holda 3 yil muddat beribdi,— deb yozadi Nurbek Аlimov.
Ijtimoiy tarmoqlarda munozaralar keltirib chiqargan sud hukmi haqida Xushnud Xudoyberdiev Telegram-kanalida oʼz fikrini yozib qoldirgan. Bloger hukm adolatlimi yoki yoʼqmi degan savolni oʼrtaga tashlab, Jizzaxda Telegramdagi 58 kishilik kanalda bir necha marta taqiqlangan diniy materiallarni yuborgan yigitga 3 yil ozodlikni cheklash (uy qamogʼi) jazosi tayinlangani, Qoʼqonda xuddi shunday taqiqlangan materiallarni tarqatishda ayblangan yigitga ham ozodlikni cheklash jazosi tayinlanganiga eʼtibor qaratmoqda.
Eʼtibor bering, ikkala vaziyatda ham sudlanuvchilar Jahongir bilan bir xil modda, yaʼni Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan ayblangan. Ularga qoʼyilgan ayb bir xil, ammo jazolar ogʼirligi keskin farq qiladi. Qaysidir sudya adashgan yosh yigitni 3 yillik cheklov bilan ota-onasining bagʼriga, shu jamiyatga qaytaryapti, qaysidir sudya esa 3 yilga qamoqqa yuboryapti, — deb yozadi Xushnud Xudoyberdiev.
Bektosh Xatamov esa oʼz Telegram-kanalida Jahongir Ulugʼmurodov ishi boʼyicha kasatsiya tartibida Oliy sudga murojaat qilish kerakligi, ishni batafsil bilmagani sabab sudyaning qarorini muhokama qilishga biroz qiynalib turgani haqida yozgan.
Hozirgi holatda hukmning oʼzidan kelib chiqib sudyaning adolatli yoki adolatsiz qaror qabul qilgan deyish sal qiyinroq. Lekin baribir keyingi instantsiya sudida buni yana koʼrib chiqish kerak, — deb yozadi Bektosh Xatamov.
Dilnur Kamilov Jahongir Ulugʼmurodov terrorchilarning nashidasini tarqatgan yagona shaxs emasligi, undan avval ham, keyin ham yoshlar tomonidan bu jinoyatga qoʼl urilayotgani haqida yozgan.
Аmmo negadir Jahongir shaxsiyati ijtimoiy tarmoqlarda baʼzi siyosatshunoslar, siyosatchilar va ayniqsa diniy blogerlar tomonidan bot-bot aylantirilmoqda va Jahongirning siymosi «Mazlum qahramon» sifatida ommaga koʼrsatilib, jamoatchilikka emotsional-psixologik tomonlama taʼsir oʼtkazish harakatlari nihoyatda jadallashgan.
Jahongir Ulugʼmurodov sodir etgan jinoyatiga yarasha muqarrar jazosini olmoqda. 3 yillik muddat «ot zvonka do zvonka» boʼladigan muddat emas. Аxloq odobi, astoydil pushaymonligi hisobga olinib muddatidan avval ozodlikka chiqib ketish ehtimoli yuqori edi, — deb yozadi Dilnur Karimov.
Facebookda Dio Ra taxallusida bloger onaizorning qon yigʼlaganini men ham koʼrgani, achingani, lekin hozir emotitsiyaga berilish ogʼir oqibatlarga olib kelishi haqida yozgan.
Shuncha odamning yigʼisi uchun bola ozodlikka chiqarildi deylik, oqibatini tasavvur qila olasizmi? Qonunning subuti qaerda qoladi? Diniy moddalar bilan qamalganlar haqida eshitgandirsizlar, kamida 7-8 yilni quchoqlab ketishadi, kamida. Bu yigitchaga hamma shart-sharoit hisobga olinib, 3 yilgina berildi. Oson qutulganiga shukr deyish kerak asli, — deb yozadi Dio Ra.
Maʼlumot uchun, Jahongir Ulugʼmurodov 10-15 nafar sinfdoshi boʼlgan Telegram guruhiga taqiqlangan nashidni ulashishda ayblangan. Jinoyat uchun qonunchilikda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan boʼlsada, Oqqurgʼon tuman sudi tomonidan Jahongirning shaxsi, jinoyat qilish sharoiti va sabablari, uning jinoyatni sodir qilguncha va undan keyingi xulq-atvorini inobatga olgan holda, JKning 57-moddasi (engilroq jazo tayinlash)ni qoʼllagan holda, belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq boʼlgan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangani haqida tushuntirish berilgandi.
Maʼlumot oʼrnida qayd etish kerak, Jahongir Ulugʼmurodov tarqatgan nashid «Tavhid va jixod katibasi» terrorchilik guruhining Suriyadagi jangarisi tomonidan kuylangani, Oliy sudining qaroriga koʼra esa «Tavhid va jixod katibasi» terrorchilik tashkilotlar ruyxatiga kiritilgan.