Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tuman sudining ochiq sud majlisida sudlanuvchi Jonibek Tog‘ayevga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Ish hujjatlariga ko‘ra, u 1993-yilda Paxtachi tumanida tug‘ilgan, ma’lumoti o‘rta, muqaddam jinoyat ishlari bo‘yicha Zarafshon shahar sudining 2014-yil 20-avgustdagi hukmiga ko‘ra, 4 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilingan, JKning 78-moddasiga asosan, sudlanganlik holati o‘tgan. Oilali, 2 nafar farzandi bor, Paxtachi tumani “Bog‘oloni” mahallasi Shodlik ko‘chasi 57-uyda yashaydi.
Sud, sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvlarini tinglab, jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganib chiqib va ishda mavjud dalillarga baho berib, quyidagilarni aniqladi. Sudlanuvchi J. Tog‘ayev 2022-yil aprel oyi o‘rtalarida Sherbek Ismoilovning bir bosh qoramolini 6 300 000 so‘mga savdolashib, uning ishonchiga kirib, pulini 2022-yil 1-dekabriga qadar to‘lashni va’da berib, uni aldagan. Qoramolini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, bozorda sotib yuborib, pulini o‘zining ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan.
Shuningdek, sudlanuvchi J. Tog‘ayev takroran o‘zganing mol-mulkini aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li qo‘lga kiritish maqsadida, 2022-yil sentabr oyi boshlarida Mirjalol Boboqulovning uyiga borib, uning ikki bosh qoramolini 14 000 000 so‘mga savdolashib, qoramollarning pulidan o‘sha vaqtning o‘zida 50 000 so‘mini berib, qolgan 13 950 000 so‘mini 2022-yil noyabr oyining boshiga qadar to‘g‘rilab berishni va’da qiladi. Unga tegishli ikki bosh qoramolni ham firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, sotib yuborgan holda, pulini o‘z ehtiyoji uchun ishlatgan.
Bundan tashqari, sudlanuvchi J. Tog‘ayev, 2023-yil 29-mart kuni soat 21:30 da “Bog‘oloni” mahallasi, Shodlik ko‘chasidagi o‘z uyining alohida xonasida tavakkalchilikka asoslangan qimor o‘yinini o‘ynab keladigan fuqarolarni yig‘ib, qimorxona tashkil qilgan. Tanishlari J. Sadinov, A. Boltayev, F. Tog‘ayev va S. Abdullayevga qimor o‘ynash uchun sharoit yaratib berganida, Paxtachi tumani IIB TQX JQB, DXX Narpay tumani bo‘limi va tuman IIB JXX XPB bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushlangan. Qimor o‘yiniga tikilgan jami 2 539 000 so‘m pul va ikki dona “DBK” yozuvli qimor o‘yini kartalari ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Sudda so‘roq qilingan sudlanuvchi Jonibek Tog‘ayev aybiga iqrorligi va qilmishidan pushaymonligi, jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligini inobatga olib, unga nisbatan qonuniy yengillik be-rishni bayon qilgan. Sudlanuvchining aybiga iqrorlik bildirib bergan ko‘rgazmasidan tashqari, uning aybi sudda so‘ralgan jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rgazmalari hamda jinoyat ishi hujjatlarida to‘plangan boshqa obyektiv dalillar bilan o‘z isbotini topdi.
Sudda so‘roq qilingan jabrlanuvchilar Sherbek Ismoilov hamda Mirjalol Boboqulovlar ham J. Tog‘ayev tomonidan yetkazilgan zarar qoplanganligi sababli unga nisbatan da’volari yo‘q ekanligini bildirishdi. Sud, O‘zbekiston Respublikasi JPKning tegishli moddalariga amal qilib, JKning 59,61-moddalari tartibida jinoyatlar majmui tariqasida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shgan holda J. Tog‘ayevga uzil-kesil 4 yil ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.
T. KARIMQULOV,
viloyat prokuraturasining bo‘lim prokurori
A. RAHMATULLAYEV,
Paxtachi tuman prokurori yordamchisi