Boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilariga ham milliy sertifikatlar uchun ustamalar toʻlanishi rejalashtirilmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PF-134-son Farmoning 9-bandi (g-kichik bandi)da:
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda har yili 1-avgustga qadar:
➖“milliy baholash tizimi muvofiq boʻlishi lozim boʻlgan xalqaro standartlar roʻyxatini;
➖taʼlim sohasida xizmat koʻrsatuvchi vakolatli xalqaro tashkilotlar roʻyxatini;
➖xalqaro tan olingan va milliy baholash tizimida berilgan sertifikatlar (ularning kombinatsiyasi) roʻyxatini hamda har oylik ustama olish uchun ularning eng kam darajasini” tasdiqlashi va oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtirilishini taʼminlash belgilab qoʻyilgan:
Mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2023-2024 oʻquv yilida ustama toʻlanadigan Sertifikatlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qaror loyihasi tayyorlanmoqda.
Mazkur qaror loyihasida boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilariga ona tili va adabiyot (oʻzbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) yoki matematika fanidan 60 va undan yuqori ball toʻplab olingan milliy sertifikat uchun 20% ustamalar belgilanishi koʻzda tutilmoqda.