Anomal issiq fonida O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli 2022-yilning yoz hamda 2023-yilning iyun oyidagi rekord ko‘rsatkichlarni yangiladi. Bu haqda Energetika vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
Xususan, 2023-yil 26-iyulda Respublika bo‘yicha elektr energiyasi iste’moli 250,7 mln kVt⋅soatni tashkil etdi. 2022-yilning xuddi shu kunida jami 236,9 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlatilgan bo‘lib, kechagi ko‘rsatkich avvalgi yildagidan 5,8 foiz ortiq bo‘ldi.
Bundan oldin 2023-yil 12-iyul kuni Respublika bo‘yicha jami iste’mol 247,5 mln kVt⋅soatni tashkil etib, rekord ko‘rsatkich yangilangan edi.
Shu bilan birga, 26-iyul kuni elektr energiyasi iste’molining soatlik talabi qariyb 12 300 MVtni tashkil qildi. Bu 2022-yilning shu kundagi holatiga nisbatan 1 500 MVt (+14,1 foiz) ko‘pdir.
Ma’lumot uchun, 2022-yilda maksimal elektr energiyasi iste’moli 27-iyulda qayd etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 239 mln kVt⋅soatni, kunduzgi iste’mol quvvati 10 800 MVtni tashkil qilgan.
Energetika tizimidagi elektr stansiyalari tomonidan kunlik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 243,9 mln kVt⋅soatni tashkil etdi. Bu 2022-yilning shu kungi holatiga nisbatan 21,5 mln kVt⋅soat (9,6 foiz) ko‘pdir.
Eslatib o‘tamiz, yurtimizda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo elektr uzatish tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati 25 foizgacha pasayishiga olib keladi. Bu, birinchi navbatda, tarmoqlarning fizik xususiyatlariga bog‘liq bo‘lib, bunday hollarda zarur chora sifatida tarmoqda majburiy cheklov kiritilmasa, yirik hajmdagi avariyalarga sabab bo‘lishi hech gap emas.
“Isteʼmolchilardan tarmoqda keng koʻlamli nosozliklar yuzaga kelishining oldini oladigan, ancha uzoq vaqt tuzatishni talab qiladigan holgacha yetib bormaslik uchun qisqa muddatga elektr energiyasini uzib turishga toʻgʻri keladigan bunday zaruriy choralar bugun oʻta muhim ekanligini to‘g‘ri tushunishlarini va qoʻllab-quvvatlashlarini soʻraymiz.
Qat’iy tejamkorlikka amal qilib, zarurat bo‘lmagan hollarda elektr asboblaridan foydalanmaslik orqali ham barchamiz tizimda yuklamaning ortishini, avariyalar va uzilishlarning ko‘plab sodir bo‘lishini oldini olishga katta hissa qo‘shamiz”, – deyilgan xabarda.
Jasur ZOKIROV, «Muhim24» sayti jamoatchi muxbiri tayyorladi