Yodingizda bo’lsa, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo va Buxoro viloyatlaridan o‘tuvchi xalqaro avtomobil yo‘l loyihasi oqibatida 70 mingga yaqin daraxtlarning nobut bo’lish ehtimoli borasidagi xabarlar jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo’lgandi.
Unda loyiha doirasida 4R105 “Darband–Boysun–Elbayon” avtomobil yoʼlining 5-70 km qismini va 4R100 “Mangʼuzor – Jarqoʼrgʼon – Bandixon – Oltinsoy – Denov” avtomobil yoʼlining 128-174 km qismini, umumiy 111 km uzunlikdagi 2 tasmali asfaltbeton qoplamali avtomobil yoʼlining aholi yashaydigan qismlarini 4 tasmali sementbeton qoplama va aholi yashamaydigan qismlarini 2 tasmali sementbeton qoplama bilan rekonstruktsiya qilinish belgilanganligi maʼlum boʼldi.
Shundan so’ng, mazkur masalaga Ekopartiya faollari ham e’tibor qaratishib, Markaziy Kengash Ijroiya qo‘mitasi raisi Abdushukur Xamzayev boshchiligidagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengash deputatlari, olim va mutaxassilardan iborat ishchi guruh Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida daraxt kesilishi bilan bog‘liq holatni o‘rganishgandi.
O’rganishlar natijasida Surxandaryo viloyati xududida 21,8 mingta, Buxoro viloyati hududida 28,9 mingta, qariyib 51 ming tupga yaqin ko‘p yillik manzarali daraxtlar loyiha doirasida ko‘chirib o‘tkazish va kesishga tushganligi aniqlangan. Qurilish va rekonstruksiya qilayotgan pudratchi tashkilot hamda Ekopartiya o’rtasidagi muhokamalar natijasida qurilish jarayonlarida daraxtlarga ziyon yetkazmaslik borasida tekliflar berildi.
Bu borada O’zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vazirligi ham jim qarab qolgani yo’q. Vazirlik ham shu va shunga o’xshash yana bir loyiha borasida o’zining qat’iiy qarshiligini bildirgandi.
Vazirlik Surxondaryodagi masaladan tashqari, А-380 “Gʼuzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yoʼlining 150-228 km (78 km) qismini rekonstruktsiya qilish loyihasi doirasida avtomobil yoʼlining kengayishi hisobiga 31 371 tup daraxtlarni koʼchirishga ruxsat berish borasida o’z munosabatini bildirgan. Unda har ikki holatga ham rad javobi berilgan. Xabarda vazirlik bu kabi «ruxsat berish» murojaatlariga bundan buyon ham qat’iiy rad javobini berishini aytib o’tgan.
Bu masalada deputatlar va jamoatchilik faollari ham o’z fikrlari bilan maydonga chiqishmoqdalar.
Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʼrinbosari Odiljon Tojiyev shunday fikr qoldirmoqda:
«Аyni kundagi anomal issiqda 70 mingga yaqin daraxt kesilishi, goʼyoki qulogʼimga «70 ming odam bedarak yoʼqoldi» deb eshitildi
Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida quriladigan avtomobilь yoʼli sabab umumiy hisobda 70 mingga yaqin daraxt kesilishi keng muhokamaga sabab boʼldi.
Hech qanday yoʼl qurilishi tabiatga ziyon yetkazish hisobiga boʼlmasligi kerak.
Bu masalaga Parlament tomoshabin boʼlib turmaydi, albatta. Muhokama qilamiz va deputatlik soʼrovi yuboramiz.»
Shu o’rinda ekofaollarimiz yana bir masalaga jiddiy e’tibor qaratishsalar bo’lardi. so’nggi yillarda faol davom etayotgan «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida millionlab xarajatlar va harakatlar evaziga ekilayotgan daxat ko’chatlari. Xo’sh, ularning qanchasi yashnab ketyapti? Qancha ko’chatlar noo’rin joylarga ekilgan? Eng muhimi bu borada har bir hududda nazorat qiluvchi rahbarlar ham qat’iiy nazoratga olinishi va kerak bo’lsa, sustkashtlikka yo’l qo’yganlarga keskin choralar ham ko’rish vaqti keldi. Axir kundan-kunga ekologiyamiz yomonlashmoqda. bunda esa barchamiz shubhasiz mas’uliyatli bo’lmog’imiz shart. Qachongacha xalqimiz biz uchun «zararsiz» deb topilgan chang zarralarida nafas olishga mahkum bo’lishi kerak?!