Dunyoga kelganida, yashab ketishiga hattoki onasi ham ishonmaydigan darajada juda nimjon edi. Ammo u nafaqat o’zining muammolarini, balki sanoqsiz ayollar, qizlar muammosini ham hal qiladigan darajada sabrli, sadoqatli va matonatli ayol bo’lib yetishdi. O’tgan butun umrini o’z maqsadlaridan ko’ra o’zgalar orzusini ushaltirishga qaratdi.
Ibodat Jo’raqulova, 1972-yilning iyul oyida, ziyoli oilada dunyoga kelgan. Bobosi Jo’raqul Qudratov Dehqonobod jamoa xo’jaligida yashab o’tgan. Rahmatli Robiya momosi Buxoroda eshonlarning farzandlaridan bo’lgan. Taqdirni qarangki, ular mehnati orqali tanishib, birga oila qurishgan. O’rtahol, mehnatkash oila bo’lishgan. Robiya momo o’tkir zehnli inson bo’lib, barcha farzandlarini ilmli qilgan. 6 farzand o’qimishli bo’lib, katta lavozimlarni egallashdi. Ular orasida Ibodat Jo’raqulovaning otasi Isomiddin Jo’raqulov ham bor edi…
— Barcha bolaligini eslaydi. Kimdir yaxshi, kimdir yomon xotira bilan. Biz bilgan I. Jo’raqulova bolaligini qanday qarshi oldi? Yoshlikdagi orzularga erishdimi?
— Otam 53 yoshida vafot etdi. Mana, o’tganiga 24 yil bo’lgan bo’lsa, onam hali hayot. Oilada 7 farzandning uchinchisiman, tug’ilganimda shifokorlar “endi yashamasa kerak”, deyishgan. Robiya momom “bu hali shunday kuchli, irodali qiz bo’ladi”, deb doim aytgan. Opa-singil, aka-ukalarimning hammasi oliy ma’lumotli insonlar bo’lganmiz. Hammamizning farzandlarimiz, nabiralarimiz bor, Xudoga shukur. Men doim shukur qilaman, shunday insonlarning farzandi bo’lganimdan. Mayli, shohona hayot bermagan bo’lsa ham, menga ilm, tarbiya berishgan. Biz Ziyovuddin shaharchasining Istiqlol ko’chasida turar edik. Eng yaxshi davrlarda yashadim, deb o’ylayman. Paxtachi tumanidagi 21-umumiy o’rta ta’lim maktabining rus bo’limida o’qiganman. Oldinlari o’zbeklarni rus sinflarda uncha o’qitishmas edi. Ammo men boshlang’ich ustozimning etaklaridan tutib, “Sizning sinfingizda o’qiyman” deb, intilib rus sinfda tahsil olganman. 3-sinfgacha rosa qiynalganman, lekin ishtiyoqim bo’lganligi uchun harakat qilaverganman. Otam rahmatli aytar edi: “Sen yamoq kiysang ham qorning to’q bo’lsin. Insonning sog’ligi joyida bo’lsa, qolgan hammasi harakat bilan bo’ladi”, — der edi.
Maktabda “Svetofor komandasi”ning kapitani bo’lar edim. Maktablararo musoboqa bo’lardi. O’shanda bizga forma tiktirib berishgandi. Rahmatli otam meni ko’rib: “Formang shunaqa yarashibdi-ki, kelajakda kim bo’larkansan?!”, degan edi. Yuragimda nimadir jiz etdi-yu, o’qish, tashvish bilan chalg’ib ketdim.
Men kelajakda o’qituvchi bo’lishni orzu qilganman. Filolog bo’lishni, rus tili va adabiyoti o’qituvchisi bo’lishni juda yaxshi ko’rganman. Sababi, maktabda o’quvchilarga ta’lim berishni xohlaganman. Bu niyatimga erishdim ham deyman. Bilasizmi, hayot shunday to’sqinliklardan iborat ekan-ki, institutni tugatib kelganimdan keyin qaysi maktabga borsam ham meni bironta maktabga o’qituvchilikka olmadi. Faqatgina kimnidir o’rniga ishladim. Menda o’qituvchilikka nisbatan intilish bor edi. Men oynaga qarab, o’qituvchiga qanday dars o’tishni, qanday memika bilan o’tishni, qanday qilib o’quvchining yuragidan joy olishni mashq qilar edim. Haligacha armondaman, o’qituvchi bo’lmaganimdan kitoblarimni, o’quv qurollarimni saqlaganman. Lekin oxirgi ishlagan joyim 22-maktab edi. Menga rus tili va adabiyotidan dars o’tishni kimnidir o’rniga berishdi. Men haftasiga bir martadan ochiq dars qo’yib, qiziqishimni, bolalarning bilimini oshirish maqsadida harakat qilar edim. Tajriba almashishni yaxshi ko’rardim. Ustozlarimdan Xurshida Rasulova degan adabiyot o’qituvchisi bor edi. U kishini nihoyatda hurmat qilaman. U kishidan na’munali ayol, yaxshi o’qituvchi bo’lishni o’rganganman. Chunki u ayol haqiqatdan ham yaxshi ta’lim bera oldi.
— Oila yuki, davlat ishi, farzand tarbiyasi… I. Jo’raqulova berilgan hayotida o’zi xohlaganidek yashay oldimi?
— Taqdirni qarangki, yangi hovli qurib chiqqanmiz. 21 yoshimda turmush qurganman. Yangi oilada qiyinchiliklar, kamchiliklar bisyor edi. So’ng 3 farzandimiz bor edi. Bitta sigirdan nafaqat bitta oilani, qo’shnilarni ham ta’minlasa ham bo’larkan. Oylik kutib yashamaganman. Turmush o’rtog’im bilan harakat qilganmiz. Yangi hovlimizning kichkina dalasiga poliz ekinlari ekkanmiz. Nimaga erishgan bo’lsam, turmush o’rtog’im bilan erishdim. Yolg’iz o’zim hech nimani eplolmas ekanman. Otam ziyoli inson bo’lganligi uchun mening og’ir mehnat qilishimni xohlamas edi. Tinib-tinchimas bo’lganman, nimaiki qilsak, erta bir kun farzandlarimiz birovdan kam bo’lmasin, ular ulg’ayguncha hamma sharoitni qilish kerak, deganmiz. Juda ko’p qiyinchiliklar bo’lgan, eslasam ko’zimga yosh keladi. Hozirgi paytda juda boqimanda bo’lib qolmayabmizmikan, deb o’ylab qolaman. Yosh turmush qurgan qizlar yo’qchilikka sabr qilmayabdi. Ko’nglim g’ash bo’ladi ba’zan, shukronalik yo’q odamlarda. Hozir imkoniyatlar juda ko’p, odamlar yanada yaxshi yashashni istashadi. O’zimiz ham nimadir bilan harakat qilishimiz kerak-ku.
— Ichki ishlar tizimida qanday qiyinchiliklarni boshingizdan kechirdingiz?
— 15 ta oliy ma’lumotli ayollar ish bo’yicha test topshirishdi. Uyimga kelgan kichkina bir konvertda ichki ishlar tizimiga ishga qabul qilinganim to’g’risida yozilgan edi. U paytlar ichki ishlarda ayollar bo’lmagan. 25 yoshda bo’lganman. Ichki ishlar tizimida ishlay olmayman, mening oilam bor, degan edim. Lekin shunaqa bir yaxshi insonlar bor ekan-ki, shu ichki ishlardagi boshlig’imiz podpolkovnik otamni yoniga borib, qizingiz ishlamasa bo’lmaydi, agarda yoqmasa, muammo chiqsa, keyin ishdan bo’shatamiz, deyishgan. Bu tizimda 1997-2022-yillarda ishladim. Yonimda ishlagan ustozlarim, shogirdlarim meni qo’llab- quvvatlashdi. Chunki oilali ayolga ichki ishlar tizimida ishlar juda ham qiyin. Bir vaqtni o’zida turmush o’rtoq, uch farzand, davlat ishi… bu juda katta mas’uliyat demoqchiman. Hammasiga ulgurish kerak. Men tizimda juda yaxshi jamoada ishladim, deb o’ylayman. Ota-onamning bergan tarbiyasi bilan ishlab, yomon bo’lmadim.
Men 20 yil voyaga yetmaganlar, o’smirlar bilan ishladim. O’quvchilar “dakki berganingizni eslaysizmi?”, deyishadida. Ota-onasi yig’lab kelib, “shuncha yil farzandimni tarbiya qila olmadim. Koloniyaga oborib tashlanglar”, der edi. Bola bilan gaplashganimda, uning muammosini tinglab, yechim topardim. Ular institutlarda o’qib, ishlab menga rahmat aytishadi. Hayotga qaytarsa bo’ladi, ozgina tinglash kerak. Hech kim onasidan jinoyatchi bo’lib tug’ilmaydi. Yillar davomida qilingan xo’rlik, adolatsizlikdan ular o’zgaradi. Ular ham inson, ular bilan ham insondek gaplashish kerak.
— Tizimdan ketish istagi ham bo’lganmi?
— Bo’lgan. Turmush o’rtog’imning rashki sabab edi. Men kasbimni yo’qotsam yo’qotaman, oilamni yo’qotmayman, deganman. Yaxshi insonlarning ko’magi ostida yashadim. Men bilan ishlagan rahbarlar shunchalik yaxshi tarbiya ko’rgan insonlar ediki, ular meni doim tushungan. Bo’shatib tashlamagan. O’g’lim milliy gvardiya sohasida ishlagandan keyin bu ishning mas’uliyatini turmush o’rtog’im tushundi.
Turmush o’rtog’im qishloq xo’jaligi isntitutini tugatgan, oliy ma’lumotli insonlarning tushunchasi yaxshi bo’ladi. Avval qarshi edi. Lekin turmush o’rtog’imning akasi shifokor bo’lgan: “Ilmning, ishning nima farqi bor? Sen nega bunday o’ylayabsan, biz kelinga ishonamiz!”, dedi. Men u insondan motivatsiya olganman. Yaqinda 2022-yilda vafot etdi. U kishini xuddi akamdek ko’rgan ekanman. Mening eng katta yutug’im odamlar ichiga kirib, muomila qila olganim. Bilmadim, qanchasining yuragidan joy olganman. Qamoqda o’tirgan ayollarni hayotga qaytarishga uringanman. O’lganlarni qaytarib bo’lmaydi, lekin tiriklarni tarbiyalash mumkin.
O’zimdan kamchilik topa olmagan odamlar, menga hech nima qila olmagandan keyin nafratini farzandlarimga nisbatan qaratishgan joylari bo’ldi. Shunday ishlar qilishdiki, yuragimga nayzadek botdi. E’tibor qilmaslikka harakat qildim. O’zimni metin irodali insondek tutdim. Lekin ko’rpaning tagiga kirib, biroz bo’lsa ham yig’lab, ichimni bo’shatishga harakat qilganman. Nima uchun kasbimning orqasidan farzandlarim jabr ko’rishi kerak?! 25 yil mobaynida oilamni, ro’zg’orimni buzishga uringan odamlar bo’ldi. Qanchadan-qancha tuhmatlar, gap-so’zlar qilishdi. Taqdir peshonangizga nima yozgan bo’lsa, undan qochib qutilmas ekansiz. Yuragimda qolgan dog’ni ketkiza olmayman. Xudo menga shunday sinovlar barobarida yaxshi kunlarni ham berdi. Insonlar bor-ki, hasad qiladi. Hech qachon boylikka intilmadim, farzandlarim ziyoli bo’lishini xohladim. Xudo bergan umrda har kim yashaydi, ortimdan farzandlarim men haqimda yaxshi gaplar eshitib, yorug’ xotiralar bilan eslashlarini istayman.
— Hech bir insonga lavozimi, o’tirgan mansabi bir umr berilmagan. Hamma ham qachondir o’rnini bo’shatadi. Agarda ketsangiz, kelajakdagi taqdirlar sizni o’ylantiradimi?
— O’ylantiradi… Balki noto’g’ri fikrlayotgandirman, lekin biz biroz dangasa bo’lib borayabmiz. Hozir kir yuvadigan, go’sht maydalaydigan, uy tozalaydigan mashinalar bor, texnika yaxshi rivojlangan. Bizning vaqtimizda bunday sharoitlar bo’lmagan. Bugun ayollar boriga qanoat qilmay, yanada yaxshi sharoitni istashmoqda. Turmush o’rtog’imdan dakki eshitmaslik uchun kun bo’yi ishda bo’lsam ham qozonimda doim issiq ovqat bo’lardi, uyqudan kechib bo’lsa ham kirlarni yuvib qo’yardim. Ro’zg’or ishini tashlab qo’ymaganman.
Endilikda yosh oilalarni ajralish sabablari umuman asossiz bo’layabdi. Onalar qizlarini turmushga berishdan oldin sabrni, shukrni o’rgatmagan. Yosh kelinlar chiday olmayabdi. Keyin turmush o’rtog’idan dakki eshitib, ajrashaman deb turib oladi. Ayol doim farzand boqishni, tarbiya qilishni o’ylaydi. Erkak esa uyga pul topishi kerak. Farzand tarbiyasida ayollarning o’rni juda katta, shuning uchun onalar qizlariga yaxshi tarbiyani berishi kerak. Shundagina bosqichma-bosqich davom etadi. Oilada erkak bo’la turib, u uyiga mablag’ olib kelmasa, nizo chiqadi. Hech bir jinoyat birdan bo’lib qolmaydi.
Men doim achinadigan holat ajrim… “Ajrashayabman”, “yashamayman”, deyishadi. So’rasangiz, arzimas bahona bilan farzandlarni yetim qiladi. Farzandlar ulg’aysa, qanday “ona” bo’ladi, qanday “ota” bo’ladi?.. Yetti o’lchab, oila qurish kerak. Ayollar “ey ajrashdim, aliment olayabman” deydi. Aliment bir umr berilmaydi. O’ylab ish qilish kerak. Ichki ishlar tizimidan ketsam, o’rnimni bosadi degan maqsadda shogirdlar tayyorladim. Ulardan biri Yulduzxon Qilichova, mening har bitta qadamimni, memikamni, tajribamni oldi deb bilaman. Men hali bilmagan taqdirlarni u bilishiga, qila olmagan ishlarimni qilishiga ishonaman.
Har safar ichki ishlar binosi yonidan o’tganimda, ko’zimga yosh keladi. Yaxshi ko’rgan kasbim orqali insonlarning dardi bilan yashashni o’rgandim.
1999-yilda leytenant, 2001-yilda katta leytenant, 2004-yilda kapitan, 2008-yilda mayor, 2019-yilda podpolkovnik darajasiga ko’tarilib, 2022-yilning 8-avgust sanasida nafaqaga chiqqanman. Bir gapni aytishni joiz deb bildim. “Ibodat Jo’raqulova ichki ishlardan urilib, hokimiyatga ishga o’tib oldi”, degan bir gapni eshitdim. Bu gap menga juda og’ir botdi. Balki bu suhbatimizni o’qib, o’zi ham qilgan tuhmatini anglab yetar, lekin men haqiqatdan ham nafaqaga chiqdim. O’sha ayolning yoniga borib, nega bunaqa dedingiz, demadim. Tutash taqdir bizni doim uchrashtiradi, lekin har kishi aybini o’zi anglasa deyman.
— Nima deb o’ylaysiz, insonlarning bir-biriga nafrati, alami nega ortib borayabdi?
— Turmush o’rtog’im bilan ikkalamiz uyimizni qurgan edik. Har kuni kichkina farzandlarimizni uxlatib, beton quyishga harakat qilganmiz. Birovga beton quydirishga ortiqcha mablag’imiz yo’q edi. O’zaro juda mehr-oqibatli edik.
Endi odamlar ilgaridagidek mehribon emas. Har kim o’z topganini bo’lishgisi kelmayabdi. Hasad ortib bormoqda… Menda shunday bir odat bor, o’zimdan orttirsam, o’zgalarga ham ulashgim keladi. Nochor oila qanchadan-qancha, ularga yordam berish kerak. Farzandlarimizga ham buni tushuntira olaylik. Ba’zi odamlarda achib-bijib qolib ketsa ham o’zgaga bermay, o’zida bo’lishini istaydi. Hayotim davomida menda bo’lgan bu qiyinchiliklarni o’zgalarga ayniqsa farzandlarimga ravo ko’rmayman.
So’zim oxirida shuni aytmoqchimanki, jamiki yoshlar oila qurishdimi — ajrashmasin! Oila – eskirsa tashlab yuboradigan buyum emas. Bir marta berilgan umrda chiroyli oila qurib, yashasa, ularning farzandlari ham kelajakda ota-onasi chizgan chizig’idan yurib, baxtli bo’lishadi.
Ba’zi ayol boyligi bilan, ba’zilari mansabidan g’ururlanadi. Men esa uch nafar farzandim, ularga imkon darajasida to’g’ri tarbiya bera olganim, ayollik baxtiga muyassar bo’lganim va chiroyli kasb egasi ekanligimdan faxrlanaman. Hozirgi vaqtda 4 nafar nabiraning buvisiman. Farzandlarim kamolini ko’rib yashayabmiz. Qiyinchiliklar o’tadi, sabr qilish kerak faqat. Mening xonam doim ochiq turadi. Men juda katta ish qildim demayman, bir og’iz gapim bilan kimnidir dilini og’ritishim yoki hayotga qaytarishim mumkin. Bir ayolning dardiga malham bo’lsam yoki bir oilani yarashtirsam, mendan baxtli inson yo’q!.
Madina ERKINOVA, «PAXTACHI» gazetasi muxbiri suhbatlashdi.