Termizdagi yonayotgan ombor borasida dastlabki maʼlumotlar berildi

9-avgust kuni “Fargʻonaazot” AJning Surxondaryo viloyati Termiz tumanida joylashgan omborida yongʻin kelib chiqqan va bu haqida FVBga xabar berilgan. Yuzaga kelgan yongʻin 5 ta yongʻin-qutqaruv ekipaji tomonidan soat 15:20 da oʻchirilgan. Jabrlanganlar yoʻq. Yongʻin paytida omborda mineral oʻgʻitlar mavjud boʻlmagan.

Dastlabki maʻlumotlarga koʻra, “Fargʻonaazot” AJ omborining 6 ta boksida yongʻin sodir boʻlgan va unda yongan koʻmir mahsuloti mahalliy tadbirkor tomonidan, qorovul bilan til biriktirgan holda omborxonaga noqonuniy ravishda olib kirilgan boʻlgan. Hozirda, mazkur holat va yongʻinning kelib chiqish sabablariga aniqlik kiritilayotgani taʼkidlanadi.

Maʻlumot oʻrnida aytib oʻtamiz, 2023-yilning yanvar oyida, tegishli xususiylashtirish dasturi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Fargʻonaazot” AJ ustav kapitalidagi 99,02 foiz davlat aksiyalar paketini xususiylashtirish boʻyicha “Indorama Corporation Pte. Ltd” (Singapur) kompaniyasi bilan kelishuvga erishgan va hozirgi kunda “Fargʻonaazot” AJ boshqaruvi Singapurning Indorama kompaniyasiga qarashli ekanligi aytilmoqda.