Namangan shahrida boshqa bir haydovchining jarimasi xonanda Jaloliddin Ahmadaliyevga yozilgani aniqlandi. Viloyat YHXB holat boʻyicha tushuntirish berdi.
Unga koʻra, davlat raqam belgisi 50 M 434 KA boʻlgan Lacetti 4-avgust kuni soat 14:09 da Namangan shahar 4R-117 avtomobil yoʻlining 15–34-kilometrlari, harakat tezligi 60 km/s chegaralangan joyda 72 km/s tezlik bilan harakatlanib kelgan va bu bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 128,3-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etgan.
Holat yuzasidan elektron tizim taqdim etgan maʼlumot asosida fuqaro Ahmadaliyev Jaloliddin Komiljon oʻgʻliga tegishli boʻlgan 40 T 025 FB davlat raqam belgili Toyotaʻga nisbatan jarima solish toʻgʻrisidagi qaror shakllantirilgan.
Yuzaga kelgan texnik xatolik sababli shakllantirilgan qaror ishni koʻrib chiqqan xodim tomonidan joyida bartaraf etilib, qaror Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 271-moddasi 1-qismiga asosan bekor qilingan. Biroq shakllangan qaror Oʻzbekiston pochtasi AJ tomonidan ushbu fuqaroning yashash manziliga yuborilgan.
Hozirda yuzaga kelgan holat bartaraf etilib, huquqbuzarlik sodir etgan 50 M 434 KA davlat raqam belgili Lacettiʻning mulkdoriga nisbatan jarima solish toʻgʻrisidagi qaror shakllantirilib, tegishli taʼsir chorasi qoʻllangan.
Maʼlum qilinishicha, Jaloliddin Ahmadaliyev Komiljon oʻgʻliga tegishli boʻlgan 40 T 025 FB davlat raqam belgili Toyotaʻning jami 9 ta holatda 8 million 250 ming soʻm miqdordagi qarzdorligi mavjud.