Menga Mendeleyev jadvalidan, sizlarga esa Kafka asarlaridan “foyda” yoʻq, AMMO…

Menga Mendeleyev jadvalidan, sizlarga esa Kafka asarlaridan “foyda” yoʻq, AMMO…

(sobiq doʻstlarga sobit javoblarim)
“Soʻz – tushunmaganlar uchun!”
Mavlono Jaloliddin Rumiy

Sengayam gal keldi, mana, doʻstim Kafka…

Rutubatli, sovuq kunlarda seni tinglagim kelaveradi. Yana Dostoyevskiyni… Yana Chexovni… Yana Dumbadzeni… Yana Kamyuni… Yana Remarkni… Har bittasi boʻlak bir olam, albatta. Faqat… sening sil oʻpkangdan hirqirab chiqayotgan hasratning yuki ogʻirroq tuyuladi. Asli oʻpkangdan avvalroq ruhingni “sil” qilishgan edi. Ayniqsa, bolaligingda, juda nimjon, ozgʻin paytalaring atrofdan juda yotsiragansan. Oʻsha kunlarda otang sening ust-boshingni yulib otib, oʻz oʻrtoqlari oldida namoyishkorona seni suvga uloqtirganda, sen suvdan chiqib-chiqolmay, suzib-suzolmay jon holatda tipirchilaganingda, tevarakdagilar “qax-qax” otib kulishganida… ruhingdagi “sil qalamchalari” nish ura boshlagan, ehtimol. Ha, oʻshanda pul topishdan boshqa narsani oʻylamaydigan, kelajagingda faqat qirriq advokat yoki pishiq tijoratchini koʻradigan, erkak kishining hayoti deganida, faqat katta-katta daromadli ishlar ortidan quvib oʻtishni tushunadigan… otangdan qattiq ranjigan eding. Ranj-alamlaring ichingda yigʻilib-yigʻilib, vulqon boʻlib otildi bir kuni va bu vulqonni “Otamga xat”, deb nomlading. Unda otangga nisbatan neki ayta olmaganlaring boʻlsa, barini toʻkib-solding. Ammo, qiziq, oʻsha xatni otangga yozdingu onangga joʻnatding, negadir. Xatni oʻqigan onang daxshatga tushib, uni otangga koʻrsatmagan. Va yana eng qiziqrogʻi, onang u xatni saqlab qoʻygan. Vaqti kelib, oʻsha xatni otangdan boshqa hamma oʻqidi va hanuz oʻqishmoqda. Ular qatorida men ham… Ikki qayta oʻqiganman… Toʻgʻri, birovning xatini oʻqish yaxshi emas. Lekin buning uchun mendan emas, oʻsha, oʻliming oldidan vasiyatlaringni tinglab, ammo bajarmagan, yaʼni barcha yozganlaringni yoqib yuborish oʻrniga nashr etib yuborgan doʻstingdan koʻr. Xullas, oʻsha xatingni takror-takror oʻqib tushundimki, sen otangni qattiq yaxshi koʻrgansan, otangning ham senga mehri juda baland boʻlgan. Shunchaki, buni hamma qatori, “odamga oʻxshab” ayta olmagansan. Vaqtida aytilmagan izhor esa yurakni yuk boʻlib bosadi.

“Kafka”larni koʻp koʻrayabman, afsuski. Yoʻq, ular senga qoʻshilib olis Avstriyada, yuz yil oldin oʻlib bitmagan. Hozir ham yashayabdi. Atrofimdagi har bolalikdan majruh etilganlarda, ruhiyati rasvolarda, kayfiyati siniqlarda, siyrati “sil”larda… seni koʻrganday boʻlaveraman. Istasang, shulardan bittasi haqida senga soʻzlab beraman.

“Dilizhor” repititsiyasi
Turobjonni taniganimga uch yil toʻladi, hademay. Gazetamizda ham bir necha marta chiqardik. Umid qilgan edikki, hayotida nimadir oʻzgaradimi?.. Lekin oʻzgarmadi: Turobjon ham, hayoti ham… U nima qilib boʻlsa ham shu miskinlik nuqsi urib ketgan uyidan, shu Xudo qargʻagan qishlogʻidan, shu tubkaning tagidagi, ishsizlik itning tezagiday koʻpaygan tumanidan… chiqib ketish orzusida yonar edi. Buning uchun yagona iqtidori boʻlmish yogʻoch oʻymakorligiga boʻlgan qiziqishiga qattiq ishonardi. Biroq borki urinishlari zoye ketavergach, oʻymakorlikka ham, Oʻzbekistonga ham xayr-xush qilib, Koreyaga ketmoqchi boʻlib qoldi. Imtiyoz asosida oʻquv markaziga yozildi, til oʻrgana boshladi… harakatga tushdi, xullas. Aji-buji koreyscha harflarda SMSlar yozishni oʻrgandi, hatto. Lekin bir oyga bormay, oʻrganishdan toʻxtadi. Shuning barobarida orzu qilishdan ham. Sababini soʻraganimda, xafsalasiz qoʻl siltab qoʻya qoldi. Ish izlab koʻrdi: nomdor tamaddixonalar, hashamat doʻkonlar, gumbirlagan toʻyxonalar… barcha-barchasiga borib koʻrdi. Uning poyintar-soyintar, uzuq-yuluq gapirishlarini eshitgan xoʻjayinlar yo inkor qilishar yo maʼlum vaqt foydalanib, quvib solishar edi.

Navbatdagi ishdan quvilgan kunlarning birida tahririyat oldida qarshi oldi meni. Hammasida oʻzi aybdordek, xijolatda qarab turardi. Salom-alikdan soʻng shosha-pisha barvaqt turib, ishga borganini, ishkiyim berishganini, stollarni tozalatishganini, bir-ikkita mijozga xizmat ham koʻrsatganini va boshliq kelib qolib, nega mendan besoʻroq ishga oldinglar, deya, haydab yuborganini… bir necha nafasda aytib tashladi. Sezdimki, toʻlib turibdi. Xoliroqqa boshladim.
“Yoshlar bogʻi”dagi oʻrindiqlardan biriga joylashdik. Endi nima qilmoqchiligini soʻraganimda, hayotiyu xayolida birgina ilinj qolganini, u ham boʻlsa shu umriga munosib bir yoʻldosh istayotganini aytdi.

Sinfdoshi Husnora haqida gap ochdim. Garchi, u qizni bor-yoʻgʻi bir marta, unda ham, oqshom gʻira-shirasida, uzoqdan koʻrgan edim. Uylari oldidan oʻtayotib, Turobjon darvozalarini taqqillatib chaqirgan edi. Turobjon Husnoraning opasi ochgan kompyuter kursiga borardi, oʻsha paytlar. Shunga nimalarnidir soʻramoqchi boʻlib chaqirganida, sinfdoshi Husnora chiqib keluvdi. Boʻy-basti bilan qizni toʻsib turgan Turobjonning ovozini eshitardim, faqat. Husnoraning esa shabadada sollanayotgan sochlarigina koʻrinar edi, xolos. Yaxshi kutib olib, yaxshi gapirib, yaxshi kuzatib qolgan edi…

—…shu qizga uylansang boʻlmaydimi?, — deya soʻraganimda Turobjon hayratdan qotib qoldi.

— E, aka, u sinfdoshimku!, — dedi, oʻtib boʻlmas chegara haqida soʻz ochilgandek.

— Qanday qiz edi, gapirib berchi?
— Yaxshi… Maktabda bolalar meni mazax qilishsa, Husnora oʻrtaga tushar edi, doim, — dedi Turobjon yaqin oʻtmish xotirotiga choʻkib. — Tinmay ustimdan kulayotgan bolalarga qarab, nimaga buncha Turobga yopishib oldinglar, uyam silardek odam, deb aytardi. Bolalar esa menga qoʻshib uni ham kamsitishga oʻtar edi. Lekin men asta taskin topib, xursand boʻlib qolardim.
— Zoʻrku, koʻnglingga aynan shunday suyanch kerak seni. Bir gap ochib koʻrmaysanmi, oʻziga?
— Nima deymaney, aka, shuncha yil birga oʻqidik, qiyinda…
— Nima, oʻsha paytlar unga aytadigan hech qanday gaping boʻlmaganmi?..
— Gaplarim borku… qanday aytishni bilmayman, aka..?
— Bunday aytasan, — degancha tomoq qirib, huddiki qarshimizda Husnoraning oʻzi oʻtirgandek, ruparamizdagi simyogʻochga tikilgancha, dilizhor repititsiyasiga kirishdim. — “Husnora… oldingga jiddiy bir gap bilan keldim. Faqat kulma, hoʻp!.. Sensiz ham shunchasining kulib kelayotganligi yetadi. Kunlarim, otamning soʻkishi ostida, dabdala bir kayfiyat bilan uygʻonishdan boshlanadi. Uydan otilib chiqib, mol-qoʻylarga qararkanman, oʻzimni ham birda molga, birda qoʻyga, birda itga… qisqasi, hayvonga oʻxshab oʻtayotgandek tuyiladi kunlarim. Dasturxon ustida ham luqma tomogʻimdan zoʻrgʻa oʻtadi. Ovqatdan koʻra dori koʻproq yutsam kerak: shamollashga qarshi, asabiylashishga qarshi, uyqusizlikka qarshi… qanchalik jonimga tekkanini bilsang edi, hammasini. Keyin otam bilan “chastniy ish”ga ketamiz. Kimlarningdir uyida yoki tomorqasida goh ariq qovlaymiz, goh oʻtin maydalaymiz… Yozda issiq, qishda sovuq jondan oʻtadi. Ish buyurayotganlarning qosh-qovogʻi undan oʻtadi. Otamning baqir-chaqirlari esa… Kech tushganda uyga, burnimdan tortsa yiqulgudek, charchab qaytaman. Nima yeb, nima ichganimni ham bilmay, tappa tashlab, oʻlikday qotish bilan kunim nihoyalaydi… Tushlarimdagina yashagandek boʻlaman. Chunki tushimda hamisha kimdir boʻladi yonimda, oʻsha kimningdir kulishlari, erkalanib gapirishlari meni shunchalik quvontiradiki, sira-sira uygʻonishni istamayman. Qizigʻi, uning yuzini aniq-tiniq koʻrmayman. Lekin, tushimdagi nechtalab boshqa odamlar orasidan uni bittada ajrataman. Uni tushlarimdagina toʻyib-toʻyib bagʻrimga bosaman, dardlarimni aytaman. Tizzasiga bosh qoʻyib, yigʻlabam olaman, baʼzida. U esa jimgina ovutadi… Yaqinda toʻyimni koʻribman tushimda: u oppoq libosda, juda baxtiyor edi. Qarindoshlarimiz yuzlarini aniq eslayman: Najim buvam, Oʻgʻiljon momom, Nodira ammam, otam, enam, singlim, Salohiddin ustozim… hamma-hammasi yigʻilgan edi. Bizni tabriklab, xursand hayqirishardi… Soʻng men uni oʻpdim. Lablari koʻz yoshidek shoʻr edi, nimagadir. Uygʻonib ketdim. Yotgan joyimda oʻzim yigʻlayotgan ekanman. Tong yorishib kelardi. Men esa, hali ham yigʻlagancha, Xudoga yolvorar edim. “Ey, Xudo, ortiq bunday yashashni xohlamayman!.. Hech boʻlmasa, shu bugun “chastniy ish”ga chiqmay, Xudojon!”, derdim toʻxtovsiz… Husnora, oʻsha tushlarimdagi kimdir… sen boʻlsang, deyman. Faqat tushimda emas, oʻngimda ham yonimda yursang, kulgularing bilan ogʻriqlarimga malham boʻlsang, erkalansang, meni mazax qiluvchilarga, huv-v, oʻsha maktab paytlaridagidek javob qaytarsang… Bitta oʻzim javob qaytara olmay charchayabman. Hayot maktabida yolgʻizlanib qolayabman, tobora. Faqat iltimos… “Yoʻq!”, deyishga shoshilma? Desang ham, ertaga, de? “Oʻylab koʻray..”, deb qoʻy, hech boʻlmasa? Aqalli, bir tun umid bilan uxlay va umid bilan uygʻonay?..”

Simyogʻochdan koʻzimni uzib, Turobjonga qarasam, iyagi titrar, lablarini mahkam qimtib olgan edi. Koʻpga bormay, hoʻngrab yubordi:
—…hayotim qachon iziga tushib ketadi, aka?!
Ha, doʻstim Kafka, men oʻzimcha, u jigarimga qanday dilizhor qilishni koʻrsatib beraman debmanu, uning nafaqat bir qizga, balki butun jamiyatga ayta olmay yurganlarini aytib yuboribman.
Shu tariqa oʻsha bogʻ chetidagi oʻsha oʻrindiqda chorasiz soʻppayib oʻtirar ekanman, Turobjon koʻzlariga kaft bosgancha silkinib-sikinib yigʻlar edi: Sharlottaga izhorini ayta olmagan Gyote kabi… yoki Vera Tulyakovaga izhori dil qilayotib, oʻzini tuta olmagan Nozim Hikmat kabi…
“Jumrak”siz miyalar
Mutolaa odamning soʻz bisotini boyitadi, degan siyqa xulosaning toʻgʻri ekanligiga allaqachon shubha qila boshlaganman. Xususan, qizishib ketgan paytlarimda, nohaqlik ustidan chiqqanimda, adolatsizlikka duch kelganimda, tuppa-tuzuk fahmlab yurganim kimsalardan notuzuk valdirashlar eshitganimda… nima deyishni bilmay qolaman, mudom. Oʻylayman, oʻylayman… qani, tilim aylanib, biron soʻz kelsa, oʻshanday lahzalarda!..
Deylik, koʻchamizning boshida bir emas, ikkita suv jumragi bor. Ammo ular suvjumrak boʻlibdiki, suv oqishi toʻxtaganini, atrofdagi hovlidagilar erkak boʻlibdiki, ularni sozlab qoʻyishganini koʻrmadim, hech. Oʻzim nechchi daʼfa toʻxtab, daraxt shoxlaridan sindirib, “tiqin” yasab koʻrdim, qirrali toshlarni topib, yeyilib ketgan jumrakni yopmoqchi boʻldim… foydasiz. Ishga ketayotganimda paqillab otilayotgan suv qaytayoganimda ham toʻxtamayotganini koʻrganman, necha bor. Yaqinda, shu buzuq suvquvurlarning bittasidan suv olib ketayotgan bir tengdoshimni koʻrib toʻxtatdim. Suvni buqadar isrof qilish yaxshi emasligini, bitta jumrak topib oʻrnatib qoʻyish juda qiyin ham, qimmat ham emasligini, ignaning koʻzidek joyidan bir sutkada sakkiz yuz litr suv chiqib oqib ketishini, mamlakatda suv tanqisligi boshlanganligiga koʻp zamonlar boʻlganini, ichimlik suvini tejash haqida butun boshli treninglar oʻtkazilayotganini, tegishli tashkilotlar zahiramizdagi qolgan-qutgan suvni ishlatayotganimizni qachonlar bong urib chiqishganini, bu ketishda hademay suvsiz qolishimizni kuyinib aytarkanman, tengdoshimning lab-loʻnji yoyilib borar edi. Mutlaqo kutilmagan xotirjamlik… yoʻq, sovuqqonlik bilan aytganlari hanuz ichimda muz qotgan:

—…ay-y, vahima qiluvradida ular! Suvam tugaydimi!..
Men, yer yuzida birinchi bor odam zotini koʻrayotgan oʻzga sayyoralikday, unga qarab qolgan edim. Afsuski, doʻstim Kafka, u statistikani ham, isrofning naqadar ogʻir gunohligiga taalluqli oyat-hadislarni ham, seni ham, Dostoyevskiyni ham, Chexovni ham, Dumbadzeni ham, Kamyuni ham, Remarkni ham… oʻqimagan. “Pedinstitut” darsliklarini varaqlagan, xolos. Va bugun maktabda, qanchadir qorakoʻzga saboq beradi. Ajab, qachondir oʻsha qorakoʻzlardan birontasi suv taqchilligi haqida undan soʻrab qolsa, ularga ham shunday javob berarmikan?!
—…ay-y, vahima qiluvradida ular! Suvam tugaydimi!..
“Menga badiiy asardan nima foyda?!”
Olis tunda xolis doʻstlar bilan oʻtirib qoldik. Gurungimiz ham ularning aroq taʼsiridagi boshlaridek qizib borar edi. Oddiygina eʼtirozdan chiqqan bahs katta tortishuvga aylandi. Ittifoqo, xulosaga kelishdiki:
— Badiiy asar oʻqishdan nima foyda?!..
Men… yana qanday soʻz aytishni bilmay, bir muddat garangsib qoldim. Nihoyat, foydani har kim oʻzicha tushunishini, masalan, men “foyda” hisoblaganimni ular pisand qilmasligini va aksincha boʻlishi mumkin ekanligini uqtirishga behuda urinar ekanman, ulardan biri shunday savolni koʻndalang tashladi:
— Bundayda, oshna, shu Kafkangni rus tilida ham, oʻzbekchada ham oʻqib chiqdim. Yana Remark, Chexovlarni oʻqidim. Dumbadzeni ham oʻqib turaman… Bilasan, uyimni taʼmirlayabman. Tom yopishim kerak. Lekin hech qayerdan usta topa olamayabman. Boshim qotgan. Izlamagan, soʻrab-surishtirmagan joyim qolmadi… Xoʻsh, qani, aytchi, Kafkang menga usta topib bera oladimi? Tomimni yopib bera oladimi?..
Ochigʻi, uning bu “mantigʻi” oldida ojiz sezdim, oʻzimni. Oʻsha doʻstimning uyi devorida osilgan Mendeleyev jadvaliga tikilgancha, qattiq oʻyga botgan edim. Bugun esa ularga muxtasar aytarim bor:
…ey, mening sobiq doʻstlarim! Menga Mendeleyev jadvalidan, sizlarga esa Kafka asarlaridan “foyda” yoʻq, AMMO kimyoviy elementlar mening adoqsiz savollarimga, iztiroblarimga yupanch boʻla olmaganidek, badiiy asarlar ham sizlarning taʼmiri chala qolgan uyingizga, usta topilmayotgan tomingizga, qurilish mollariga yetmayotgan hamyoningizga “foyda” boʻla olmaydi!..

Muallif: Sherbek BOBOQULOV, «PAXTACHI» gazetasi mas’ul kotibi