Qozogʻiston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligiga tayanib, Nur nashri Yandeks kompaniyasi Yandex.kz serverlarini Qozogʻistonga koʻchirishini maʼlum qildi.
Mamlakat rasmiylari Yandeks vakillari bilan Qozogʻistonliklarning shaxsiy maʼlumotlarini himoya qilish, shuningdek, ushbu mamlakat hududida serverlarni joylashtirish masalalarini muhokama qilish uchun uchrashuv oʻtkazgan.
— Hamkorlik va milliy raqamli resurslarni mustahkamlash istagi doirasida Yandeks kompaniyasi Yandex.kz domeniga xizmat koʻrsatuvchi serverlarni mamlakatga oʻtkazish boʻyicha ishlarni davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi, — deyiladi Raqamli rivojlanish boshqarmasi bergan xabarda.
Yandeks Qozogʻistonda yuzaga kelgan vaziyat boʻyicha rasmiy izoh berib, Yandex.kz serverlarni koʻchirishini tasdiqlagan.
Qozogʻiston rasmiylari 9-avgust kuni serverlar mamlakat tashqarisida joylashgani sababli mahalliy Yandeks domenidan foydalanishni bir necha soatga cheklab qoʻygandi. Rasmiylarining bunday harakatiga Yandeks servislarining foydalanuvchilari toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlar Rossiya data-markazlarida saqlanishi sabab boʻlishi mumkin. Rossiya maxsus xizmatlari 2023-yil 1-sentyabrdan boshlab dastur foydalanuvchilari haqidagi barcha maʼlumotlardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi.
Hozirda Finlandiya hukumati Yandeks mijozlariga oid maʼlumotlarni Rossiyaga uzatishni taqiqlagani, Gruziya Shaxsiy malumotlarni himoyalash xizmati esa Yandeks ilovasi foydalanuvchilari maʼlumotlarini qayta ishlanishi qonuniyligi boʻyicha tekshirishlar oʻtkazmoqda.
Oʻzbekiston qonunchiligi Yandeksning Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatuvchi servislarini mamlakatga koʻchirishni talab qiladi. Biroq, kompaniya bu ishni amalga oshirishi va yuridik shaxs sifatida faoliyat olib borishi yuzasidan shu vaqtga qadar hech qanday harakat amalga oshirmagan.
Xususan, Yandeks.Taksi, Yandeks.Musiqa va boshqa koʻplab pullik servislari Oʻzbekistonda yuridik shaxs tashkil etmagan holda faoliyat koʻrsatib keladi, mamlakatda daromad soligʻini toʻlamaydi. Bu holat esa oʻz-oʻzidan iqtisodchi va ekspertlar tomonidan tanqidlarga sabab boʻlib kelmoqda. Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi ham Yandeks kompaniyasining faoliyatini tartibga solish qoʻmita vakolatiga kirmasligini maʼlum qilgan.
2022-yilning 1-noyabr kuni Oʻzbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi binosida qoʻmita rahbariyati va Yandeks kompaniyasining xorij bozorlarida davlat idoralari bilan aloqalar boʻyicha direktori Yevgeniy Shumilov boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtgan.
Uchrashuvda qoʻmita vakillari tomonidan kompaniyaning Oʻzbekistonning raqobat toʻgʻrisidagi qonunchiligi va boshqa qonunosti hujjatlari talablari haqida hamda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishni yanada takomillashtirish, koʻrsatilayotgan xizmatlarnnig sifatini oshirish boʻyicha tegishli tavsiyalar ham berilgan.