“Yama”lar yetkazgan zararni kim qoplaydi?

“Yama”lar yetkazgan zararni kim qoplaydi?

 

Qariyb 1 oydan buyon davom etayotgan yomgʻirli ob-havo, oʻzi shundogʻam havas qilib boʻlmaydigan avtomobil yoʻllaridagi asfalt qoplamalariga jiddiy shikast yetishiga sabab boʻlmoqda. Yoʻllarda yurib boʻlmay qoldi, hammayoq ilma-teshik boʻlib ketdi.

Yoʻllarda paydo boʻlgan chuqur (yama)lar transport vositalarining gʻildiraklariga jiddiy shikast yetkazayotganiga koʻzimiz tushyapti. Hatto ayrim vaziyatlarda yoʻlning nosozligi yoʻl-transport hodisalariga ham sabab boʻlmoqda.

Ana shunday vaziyatlarda zarar koʻrgan haydovchilar koʻrilgan zararni undirib olishi mumkin. Albatta, bu juda oson ish emas, ammo qilsa boʻladi, qonuniy asosi bor.

“Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi qonunning 17-moddasiga koʻra, avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilar avtomobil yoʻlidagi nosozliklar tufayli yetkazilgan zararni belgilangan tartibda undirib olish huquqiga ega.

Shu qonunning 25-moddasiga koʻra avtomobil yoʻllari qaysi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida boʻlsa, oʻsha yuridik va jismoniy shaxslar avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilarga avtomobil yoʻlidagi nosozliklar tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini belgilangan tartibda qoplashi shart.

Maʼlumot uchun, respublikaning barcha umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari qaysidir maxsus vakolatli organ ixtiyorida boʻladi. Bunda yoʻlning “egasi” 3 xil tashkilot boʻlishi mumkin.

1) umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari “Oʻzavtoyoʻl” qoʻmitasi ixtiyorida;

2) shaharlar va boshqa aholi punktlari koʻchalari, xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllari — mahalliy hokimliklar ixtiyorida;

3) xoʻjalik avtomobil yoʻllari tegishli tashkilotlar va jismoniy shaxslar ixtiyorida boʻladi.

Obunachilarga tavsiyam, bordiyu Sizning avtomobilingiz ham yoʻldagi “yama” taʼsirida shikastlangan boʻlsa oʻsha yoʻlni balansida saqlovchi tashkilotni toping va zarar oʻrnini qoplab berishlarini talab qiling.

Toʻgʻri, oʻsha tashkilot darrov “taslim boʻlmaydi”, talabingizni rad etishi ehtimoli yuqori. Shunday boʻlsa, yetarli dalillarni toʻplang va tegishli sudga murojaat qiling.

Manba: xushnudbek telegram kanali