“Mahallada hech kim meni rais deb chaqirmaydi..!”

“Mahallada hech kim meni rais deb chaqirmaydi..!”

Yurtimizda shunday insonlar bor ekan-ki, ular butun umrini ishiga, xalqiga baxshida qiladi. Ana shunday tuman­dosh­larimizdan biri O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligi arafasida “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi. Ular bilan yaqindan tanishish maqsadida «Gulobod» mahallasiga bordik.
Mastura Shomurodova, 1962-yil dehqon oilasida tug‘ilgan. Yosh­li­gi­dan dalada mehnat qilib, avvalgi kolxoz tizimida uzoq yillar ishlagan.
Olti farzandning onasi. M. Shomurodova turmush o‘rtog‘i bilan farzand­larining barchasini oliy ta’lim muassasalarida o‘qitib, uyli-joyli qilgan. Ularni el xizmatiga yaraydigan insonlar qilib tarbiyalagan. Hozirda o‘n besh nabiraning momosi.
Ayni vaqtda “Gulobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi.
– “Gulobod” mahallasida 22 yildan buyon ishlab kelaman. Shu davrning 20 yilini mahalladoshlari­mizning xohishi bilan mahallaga raislik qilib o‘tkaz­yapman, – deydi Mastura Shomurodova. – O‘tgan vaqt davomida mahalla tizimining bosib o‘tgan yo‘lida bevosita ishtirok etdim.


Bugun mahallamizda kambag‘allikni va ishsizlikni bartaraf etish, aholi orasida tadbirkorlikni rivojlan­ti­rish va bandlikni ta’minlash borasida qilinayotgan ish­lar va ajratilayotgan mablag‘lar e’tirof etishga arziydi. Qolaversa, mahalladoshlarimiz ham davlatimiz to­mo­nidan mahallabay ishlash borasida ilgari surila­yot­gan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishda doimo yelkadosh bo‘lmoqda.
Mahallamizning ichimlik suvi, gaz, elektr ener­giyasi kabi birlamchi aholi ehtiyojlari ta’min­lanib, ko‘chalarimiz oxirgi 5-6 yilda yangidan asfalt qilindi. Ay­ni paytda 3 ta ko‘cha “Tashabbusli budjet” loyi­hasiga qo‘yilib, ovoz yig‘ish jarayonlari davom etmoqda.
Mahallada qanday muammo bo‘lsa, deyarli bar­chasiga quyi tizimda yechim topishga erishamiz. Shu paytgacha mahallamiz ahli muammolarini viloyat-u respublika darajasigacha olib chiqmadi. Chunki, mahal­lada yechilmagan masalamiz, albatta, tumanda hal etiladi. Mahalladagi nuroniylar maslahat­go‘y­la­ri­miz. Mahalla raisining ishi, fikrimcha, eng avvalo, tinch­likni o‘rnatish. O‘z o‘rniga ega bo‘lib, mahalla ah­li­ni o‘z or­tidan ergashtirish, deb bilaman. Ba’zi mahal­la raislarini, hattoki, o‘z fuqarosi tanimaydi. Bu juda ham no­to‘g‘ri. Mahallada hech kim meni “rais” deb chaqirmaydi. “Mastura momo” yoki “Aya” deyishadi. Barchaga birdek maslahatlar berib, boqimanda­lik­ning ham oldini olishga harakat qilamiz.
“Gulobod” mahallasining haqiqatdan ham ozoda, nomiga mos mahalla binosida bo‘lganimizda, mahal­la raisining tajribali va mahalla ahlini yaxshi bilishini anglab olish qiyin kechmadi.
“Gulobod” mahallasida 506 ta xona­don bo‘lib, 887 ta oilada 2 ming 533 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Ularning tinch-totuv bo‘lishida esa Mastura Shomu­rodova­ning o‘rni kattadir.
Ayni paytda mahallani ijtimoiy-iqtiodiy rivojlan­tirish, infratuzilmasini yaxshilash, oilaviy tadbir­korlikni kengaytirish bo‘yicha ishlar davom ettiril­yapti.
Har insonki, chin dildan ishini bajo qilib, inson­larga manfaatli, adolatli bo‘lsa, albatta, o‘z mukofotini olgaydur!

Muhim24.uz tahririyati