Yaratiq borki – sinaluvchidur. Inchinun, inson ham mudom sinovda. Sinovlarning yukiga toqat topa olganlarni yakunda shaksiz siylov kutajak… Galdagi qahramonimiz ham yaxshigina
hayotning sinoviga duch kelgan: hayotda endigina yo‘lini topib boshlaganida… oyoqlari yurishdan to‘xtadi…
Paxtachi tumani “Saroy” mahallasida istiqomat qiluvchi Mahmud Rasulov 1985-yilda tavallud topgan. 2003-yilda maktabni tamomlab, oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirgan. Ikki yil “kontrakt” bo‘lganiga ko‘nmay, uchinchi yili, ya’ni 2005-yilda Toshkent davlat texnika universitetiga grand asosida o‘qishga qabul qilingan. Bilimli, shijoatli M. Rasulov o‘qishni tamomlab, Navoiy kon-metallurgiya kombinati tasarrufidagi 2-Tog‘-kon metallurgiya zavodiga (“GMZ-2”) suhbat asosida ishga qabul qilingan. Ishga kirganiga hali hech qancha vaqt bo‘lmagan M. Rasulov oldinda uni qanday fojea kutib turganini hali bilmasdi.
Bir kuni u ishdan qaytayotib, avtohalokatga uchragan va umurtqa pog‘onalari sinishi natijasida oyoqlari ishlamay qolgan. Oqibatda u bir umrga oyoqdan qoldi… Qolganini esa biz uning xonadonida, yotoq ham ustaxonasi bo‘lmish mo‘jazgina go‘shasida suhbatdosh bo‘lib bildik:
– Bu dardni o‘zim so‘rab olganman… Ha, men Allohdan doim so‘rardim, nimaiki sinov-u jazosi bo‘lsa, bu dunyoda bersin – u dunyosiga qoldirmasin!..?.. Hayot ekan, taqdir ekan, mana, ko‘nikdim. Boshida hayotdan umuman umidimni uzib qo‘ygandim. So‘ng har xil ishlarni o‘ylab ko‘rdim: “Paynet” ochish, to‘yxat chiqarish, radiousta bo‘lish… barchasiga ustoz kerak edi. Lekin eplay olmadim. Bir kuni dadam oyog‘imga mahsi olib keldi. Men esa uni so‘tib ko‘rib qarasam, hammasi oddiy ko‘rindi. Shundan andoza olib, uydagi eski matolardan mahsi tikdim, o‘zimcha. Uncha o‘xshmasa-da, juda yomon chiqmadi. Ustozdan o‘rgandim. Keyin bu hunarni yo‘lga qo‘yib oldim. Hozirda erkaklar uchun tufli, buyurtma mahsilarini tikaman. Oyoq kiyimlarni “remont” ham qiladigan bo‘ldim.
– O‘zingiz shogird ekansiz… Sizga ham shogird tushganlar bo‘ldimi?
– Shogirdlar ko‘p, ammo hali o‘zim shogirdman. Shogird tayyorlashning mas’uliyati katta. Bir ish o‘rgatib, chiqarib yuborish kerak emas. Halol va harom nimaliginiyam o‘rgatish kerak, joyi kelganda. Faqat pul topishni emas, xalqni rozi qilishni ham bilish muhim. Vatanga xizmat faqat harbiy yoki shifokorlik kasbida bo‘lmas ekan. Shu yurtga foydasi tegadigan barcha insonlar – Vatan xizmatchisi sanaladi.
“Jasorat” medalini berishdi… Bu medalni faqat harbiylar olar ekan. Masalan, men bilan birga bir Qo‘mondonlik zobiti ham taqdirlandi. Men esa oddiy kosibman. Albatta, bu prezidentimizning kim bo‘lishidan qat’iy nazar adolatli ish qilganidandir. Medal bilan mening o‘rtamda juda ko‘p insonlar turishibdi: ota-onam, aka-ukalarim, tuman, viloyat hokimlari… Xudo deganning yo‘lini O‘zi ochib qo‘yaverar ekan.
– Yaqinlaringiz bu ahvolga tushishingizni qanday qabul qilishdi?
– Ular hech qachon menga buni sezdirishmagan. Doim menga yordam berishadi. Alloh taolo hidoyat qilaman desa, ikki yo‘l bilan hidoyat qilarkan: biri shunchaki hidoyat qilib qo‘yarkan, biri esa dard berib…
– Xurshid Do‘stmuhammad degan bir yozuvchi bor. Bolaligida otasi kosibchilik bilan shug‘ullangan. Otasi juda bir halol bo‘lgan ekan-ki, tikkan oyoq kiyimining oddiy bir iplari notekis tikilsa ham sotishga chiqarmas ekan. Bir kuni o‘g‘li (yozuvchi): “…dada, kim ko‘rib o‘tiribdi, shu yaxshi chiqmagan poyafzallarni sotib yuborsak ham?”, deb so‘raganda, otasi: “…egasi ko‘rmasa ham sen ko‘rib turibsan-ku!”, degan ekan. Sizda ham shunga o‘xshash vasvas bo‘lganmi, o‘xshamaganiniyam o‘tkazib yuborsamchi, degan? Qattiq charchagan paytlaringizda, deylik?..
– Yo‘q, unday narsa bo‘lmagan. Halollik bo‘lmasa, ming mehnat qilgan bilan foydasi yo‘q – barakasi bo‘lmaydi! Ish boshlashdan oldin doim kalima aytaman, tasbeh qaytaraman. Qattiq charchasam, Allohning ismlarini zikr qilishga tushaman. Va ishimni ko‘ngildagiday bitiraman.
Hazrati Umar roziallohi anhu xalifa bo‘lganlarida, kechalariyam Makka ko‘chalarini pinhona kezib yurganlar. Bir safar bir eshik ortidan ikki ayolning gaplarini eshitib qolibdilar. Biri: “…sut ancha kam ekan, puli qanchayam chiqardi buni, kel, qizim, shunga suv qo‘sha qolaylik?”, desa, ikkinchisi: “…yo‘q, ona, mo‘minlar amiri har qanday harom ishni taqiqlaganlar!”, dermish. Onasi yana: “…Umarmi, hozir yarim tun bo‘lsa, u uxlab yotibdi, qaydanam ko‘rardi? Xo‘p, desangchi endi, suvni olib kel?”, deb qistasa, qizi: “…Umar ko‘rmasa ko‘rmas – hechqachon uxlamaydigan Alloh ko‘rib turibdi-ku, barini!”, deya qat’iyan inkor etibdi va sutga suv aralashtirmabdi. Ertasiyoq Amir al-mo‘miniyn o‘sha qizni o‘zlariga kelin bo‘lishga roziligini so‘rab borgan ekanlar – olamlar Robbisidan har qanday vaziyatda hayo qilgani uchun!..
Xuddi shunday, bandasi ko‘rmasa ham Alloh ko‘rib turibdi. Hammaning ko‘nglini olib bo‘lmaydi, albatta. Ammo Alloh uchun xolis bo‘lsa yetarli, deb bilaman. Eng muhimi, halollikda.
Shogird olib, ish o‘rni yaratish niyatim bor, kelgusida. Bir kishining ishli bo‘lishiga sababchilik qilsam ham, u topganini oilasiga olib boradi va yana bir ro‘zg‘or qozoni qaynab turadi. Men shu tomonlama yurtga xizmat qilaman, deb o‘ylayman. Bir marta tuman hokimidan yordam so‘rab bordim. Keyin menga tikish mashinasini olib kelib berishdi. Yana nimadir so‘rab borishga ochig‘i betim chidamadi. Odam o‘ziyam harakat qilishi kerak, har doim.
– Bu hunarni o‘rganish uchun yoshlar qanchalik mehnat qilishlari kerak?
– Agar o‘rganaman desa, har kim ham qila oladi. Birinchi navbatda kasbga mehr, xohish bo‘lishi kerak. Qiziqishi bo‘lsa har bir narsa qo‘lidan keladi. Mashaqqat hamma hunarda bor. Uni eplash kerak faqat. Ustozning oldida ko‘p yurish kerak doim. Ustozning ham o‘z xislatlari bo‘ladi…
Bu qahramonimizdan to‘rt muchali sog‘lar ham ibrat olsa arziydi. “Jasorat” medali, ehtimolki, endi o‘z munosibini topibdi, desak adashmasmiz. Haqqirostki, elga, Vatanga ta’masiz xizmat qilish kishidan, avvalo, qandaydir “forma” emas – metin iroda va toza iymon talab etadi!
Sherbek BOBOQULOV, Madina ERKINOVA tayyorladi.