Chustda bolalarning zaharlanishi dori vositalari yoki ovqatdan emas.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialida sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Elmira Bositxonova, Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Botirjon Nuriddinov va OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Muloqot davomida vazir o‘rinbosari bolalarda kuzatilgan noxush holat dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, dori vositalari yoki ovqatdan zaharlanish emasligini alohida taʼkidlab, hozirda 20 ga yaqin analiz xulosalari olingani va chuqurlashtirilgan tahlillardan so‘ng vaziyatga aniqlik kiritishini bildirgan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli xabarlarga ishonavermaslik, bunday jarayonda faqatgina mutaxassislarning fikriga tayanib axborot tarqatilishi kerak. Ayni paytda salomatligidan shikoyat qilib kelayotgan yosh bolalarning 85 foizi sog‘ligi joyida, uylariga qaytishga birin-ketin ruxsat berilmoqda. Qolganlari kunning boshida ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning ham ahvoli yaxshilanib bormoqda”, — deydi Respublika ishchi guruhi rahbari Elmira Bositxonova.
Eslatib o’tamiz, zaharlanganlar soni 71 nafar bo’lib, ularning 2 nafari maktab o‘quvchilari ekanligi aniqlangan. Shifoxonaga olib kelingan bolalarda tana haroratining ko‘tarilishi, qusish, qorin og‘rig‘i alomatlari kuzatilgan. Muhim24’ning to’plagan dastlabki ma’lumotlariga ko’ra, 21-sentyabr kuni boshlangan ushbu voqea bo’yicha Sog’liqni saqlash Vazirligi 22-sentyabr kuni sog’liqni saqlash boshqarmalari boshliqlariga «Ko’rsatma xat» bilan chiqqan. Unda chustdagi 71 nafar bolaning zaharlanishida «Kaliy yodid 1mg (0,001g) tabletka № 100 (Antistrumin)» dori vositasi gumon qilinayotgani, endi bu vositaning taqdiri hal etilgunga qadar iste’molini zudlik bilan vaqtinchalik to’xtashish borasida ko’rsatma bergan.
Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyev bolalar sogʻligʻi bilan bogʻliq noxush holatdan qattiq tashvishda ekanligi borasida uning matbuot xizmati rahbari Sherzod Asadov Telegram sahifasida xabar berdi. Shuningdek, unda «Davlat rahbari bu boradagi vaziyat toʻgʻrisida axborotni muntazam olib bormoqda. Viloyat hokimi va masʼullarga masalani alohida nazoratga olish, sabablarini aniqlash va tegishli takliflar kiritish boʻyicha topshiriqlar berilgan», – deyilmoqda.