“Bog‘cha qozoniga solinishi kerak bo‘lgan 12 kilo go‘sht cho‘michga chiqmadi” sarlavhali videolavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holatga munosabat bildirdi.
Videoda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi viloyat boshqarmasi mutasaddilarining viloyatning Qo‘shrabot tumanidagi 5-maktabgacha ta’lim tashkiloti oshxonasini ko‘zdan kechirgani aks etgandi. Unda bolalar ovqatida solinishi kerak bo‘lgan go‘sht kam chiqqani tanqid qilingan.
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabatida aytilishicha, boshqarma bolalarning haqqiga xiyonatni kechirib bo‘lmas holat deb hisoblaydi. Shu bois bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida boshqarma xodimlaridan iborat ishchi guruhi ham joylarda muntazam o‘rganishlar olib boradi va aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli tartibda choralar qo‘llab kelinmoqda.
22-sentabr kuni viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ishchi guruhi Qo‘shrabot tumanidagi 5-DMMTda o‘rganishlar olib borish jarayonida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi viloyat boshqarmasi ishchi guruhi ham bog‘chadagi holatni o‘rganish uchun 5-DMMTga kirib kelgan.
Ma’lumotga ko‘ra, o‘sha kuni bog‘chaga 110 nafar tarbiyalanuvchi kelgan. Ularga SanPin normalariga ko‘ra, 80 grammdan go‘sht berilishi, 10 grammdan pishloq berilishi belgilangani nazarda tutilsa, shu kuni qozonga 110 nafar bolaga 12 kilo emas, 8 kilogramm 800 gramm go‘sht solinishi lozim bo‘lgan. Shuningdek, har bir bolaga 10 garmmdan jami 1 kilogramm 100 gramm pishloq berilishi lozim bo‘ladi. MTTning 22-sentabr kungi taomnomasida pishloq berilishi ko‘rsatilmagan.
22-sentabr kuni MTTda birinchi taomga mastava, ikkinchisiga chuchvara tayyorlagani aytilgan.
“Shu o‘rinda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi viloyat boshqarmasi ishchi guruhiga bog‘chalarda bolalar haqqiga qilinayotgan xiyonatni aniqlashdagi ko‘magi uchun viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi minnatdorlik bildiradi.
Biroq SEO va JSQ viloyat mutasaddilarining o‘zlari qozonga mo‘ralayotganda sanitariya-gegiyena qoidalariga rioya etib, maxsus kiyim-boshlarda oshxonaga kirsalar, maqsadga muvofiq bo‘lar edi”, — deyiladi munosabatda.
Qayd etilishicha, boshqarma ishchi guruhi tomonidan aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha mutasaddilarga choralar ko‘rish bo‘yicha hujjatlar tayyorlanmoqda. Holat yuzasidan mas’ullarga ko‘rilgan choralar bo‘yicha batafsil ma’lumot beriladi.