“Yashil makon” — 2022-yil sarhisobi: dastur Paxtachida qanchalik ishladi?

“Yashil makon” — 2022-yil sarhisobi: dastur Paxtachida qanchalik ishladi?

Bilamizki, so’nggi ikki yildan buyon mamlakatimizda tabiatimizning yashillik darajasini o’nglash maqsadida turli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Shulardan biri bu — “Yashil makon” dasturi hisoblanadi. Bu bo’yicha O’zbekiston o’z oldiga bir qator rejalarni ham qo’yib olgan. Jumladan, bu bo’yicha prezidentning 2021-yil 30-dekabrdagi “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraхtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan butun mamlakat miqyosida «Yashil makon» umummilliy loyihasi tatbiq etish vauni amalga oshirish bo’yicha to’rt bosqichli reja ishlab chiqilgan. Unga ko’ra,  2022-2024 yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda «yashil bogʻlar»ni barpo etish dasturi; 2022-2024 yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda yangi hamda madaniyat va istirohat bogʻlari negizida tashkil etilayotgan «yashil jamoat parklari» roʻyхatlari; 2022-2026 yillarda tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari tasarrufidagi koʻkalamzorlashtirish hududlariga sugʻorish tizimlarini va suv chiqarish quduqlarini tashkil etish boʻyicha dastur; 2022-2026 yillarda tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarini maхsus teхnika va meхanizmlar bilan jihozlash parametrlari amalga oshiriladi. Bu bo’yicha Paxtachi tumanida ham 2021-yildan buyon keng ko’lamli amaliy ishlar bajarilib kelinmoqda. Xo’sh, o’tgan 2021-2022-yillarda loyiha bo’yicha nima ishlar qilindi? Bu bo’yicha ma’lumotlarni 7-fevral kuni tuman hokimligida o’tkazilgan brifing davomida tuman  Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi bo‘limi rahbari Xolbek Mahsiddinov taqdim etdi.

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi tuman bo‘limi inspector xodimlari tomonidan doimiy ravishda ekologik huquqbuzarliklarni oldini olish, ya’ni chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlamaslik,  atmosfera havosini har-xil xas xazonlarni yoqish bilan ifloslanishi oldini olish, somonpoyalarni yoqish oldini olish hamda daraxtlarni noqonuniy ravishda kesilishini, noqonuniy ov qilishini oldini olish to‘g‘risida,  maktablarda, mahallarda, odamlar ko‘p to‘planadigan  joylarda inspektorlarimiz tomonidan doimiy ravishda targ‘ibot-tashviqot ishlari o’tkazilib kelinmoqda. Tuman hududida 2021-yil kuz hamda 2022-yil bahor mavsumlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida jami 1 million 100 ming tup mevali va turli manzarali daraxt ko‘chatlari hamda bo‘talarining ekilishi rejalashtirilgan.

2021-yil kuz mavsumida o’tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari davomida 412 ming 500 dona har xil turdagi ko‘chatlar ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, amalda dolzarb 40 kun  mobaynida 418 ming 100 dona har xil turdagi ko‘chat ekildi. Belgilangan reja esa 101 foizga bajarilgan. Ushbu o’tkazilgan tadbirlarga tumanimizning 2 mingga yaqin aholi vakillari o’z xohishlari bilan ishtirok etishgan. Tashabbus va tadbirlar, tuman markazi, aholi yashovchi mahalla hududlari, markaziy ko’chalar, ajratilgan yerlarda amalga oshirilgan. 2022-yil bahor mavsumida 687 ming 500 tup har xil turdagi manzarali va mevali ko‘chatlar ekilishi rejalashtirilgan. Amalda 797 ming 300 tupdan ziyod mevali va manzarali ko‘chatlar ekilishiga erishilgan. Ushbu ekilgan ko‘chatlar tuman Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish nazorat inspeksiyasining “Bioxilmaxillik va tabiiy hududlar muhofazasi” yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislari tomonidan maxsus planshet orqali har bir ekilgan mevali va manzarali ko‘chatlarni hatlovdan o‘tkazish bo‘yicha moddiy texnik baza yaratilib, ekilgan ko‘chatlar lakasiyasi shakillantirilishi ortidan maxsus bazaga kiritildi. Mavsumda ekilgan ko’chatlarning turlariga keladigan bo’lsak, mevali daraxtlar 96 010 dona, manzarali va buta daraxtlari 73 236 dona, hind sirini 657 dona, vengr archasi 85 dona, qirim qarag‘ayi 478 dona, uzum 87 539 dona, nok 226 dona, yong‘oq 6 228 dona, qalamchalar 188 312 dona va ko‘plab daraxtlarni tashkil etmoqda.

Bundan tashqari tuman hududidan o‘tuvchi M-37 avtomagistiral Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi yo‘lining 2 yon tomoniga hamda yo‘lning o‘rtasida joylashgan tasmalarga aholi vakillari hamda faol tashkilot xodimlari ishtirokida 40 000 dona kan guli ekish ishlari amalga oshirilgan. Hozirda ushbu ekilgan gullar va daraxtlarni sug‘orish uchun 17 dona artizan quduqlari qazish ishlari olib borilmoqda va shu kungacha 12 donasi ishga tushirilgan. Tumanimiz hududidagi 59 mahallaning Ekoinspektorlari tomonidan doimiy ravishda ushbu mahallarda reyd-kuzatuv ishlari  olib boriladi va ayrim kuzatuvlar natijasida 10 dan ziyod noqonuniy ravishda tashkil etilgan chiqindixonalar aniqlangan. Bu chiqindixonalar mahalla faollari va jamoatchilikni jalb qilgan holda bartaraf etilib kelingan.

«Muhim24Uz»