Vatanimiz xirmoniga hissa qo‘shib umri o‘tgan tumandoshimiz Gulsara ORZIQULOVA haqida
Mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi bayrami arafasida Samarqand-u Buxoro oralig‘idagi haqiqatdan ham obod qo‘rg‘on – Sultonoboddan bo‘lajak maqolamiz qahramoni, taniqli paxtakor va fermer Gulsara Orziqulova huzuriga, Qizbibi qirlari etaklariga tutash “Go‘ro‘g‘li” mahallasiga otlandim. O‘rtacha 5-6 kilometr keladigan masofani avtoulovda bosib o‘tarkanman, keng va ravon asfalt yo‘lning har ikki tomonidagi ko‘rkam uy-joy binolari, bog‘ va gullar og‘ushidagi hovlilar, madaniy-maishiy obyektlar, ishlab chiqarish inshootlari e’tiborimni tortmasdan qolmadi. Bular, mustaqillik bergan imkoniyatlardan, qishloq aholisining o‘zlari yashayotgan zaminga mehr-u muhabbati baland ekanligidan, ertangi kunga, porloq istiqbolga ishonch bilan go‘zal hayot kechirayotganligidan dalolat berib turardi.
Ayniqsa, mazkur hududning eng janubiy “Go‘ro‘g‘li” mahallasidagi ijobiy o‘zgarishlar, keng miqyosdagi bunyodkorlik, obodonlash-tirish ishlari yaqqol ko‘zga tashlanib turardi. Yo‘lning shundoq yoqasidagi qishloq qabristonining atrofi zamonaviy va ixcham devor bilan o‘ralganligi, ichki yo‘llarga asfalt yotqizilib, hatto mahallaning eng olis nuqtasidan Navoiy shahriga doimiy avtobus qatnovining yo‘lga qo‘yilganligi ham yurtdoshlarimizga, odamlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik yetarli darajada ekanligidan dalolat berardi.
Qishloq yanada ko‘rkamlashayotganligidan hayratlangancha, manzilga yetib kelganimizni ham sezmabman. Gulsara opa Narpay kanalining o‘ng tarafida, biroz quyiroqdagi hovlisi oldida bizni ochiq chehra bilan kutib oldi. Salom-alikdan so‘ng maqsadimizni eshitgach, kelganingiz juda yaxshi bo‘libdi, o‘zimiz ham xo‘jayinim bilan tahririyatga borib, mahallamiz va qishlog‘imiz, qolaversa butun tumanimiz hududida amalga oshirilayotgan, birinchi navbatda odamlarni rozi qilish, ularning turmush sharoitlarini yanada yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar, bunda tumanimiz hokimi Muzaffar Hamdamovning ulkan xizmatlaridan minnatdorligimizni gazeta orqali bayon etmoqchi edik, deb qoldi.
– Ayni muddao, – dedim opaga. – Tuman rahbariga minnatdorlik so‘zlaringizni ham o‘zingiz haqingizdagi maqolada izhor etaverasiz.
Tuman ijtimoiy-iqtisodiy hayotida keyingi davrda ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlar, rivojlanish sur’atlaridan o‘zim ham el qatori xabardor bo‘lsam-da, Gulsara opaning fikrlari meni qiziqtirib qo‘ygandi. Shuning uchun undan ana shular haqda so‘zlashini so‘radim. U kishi esa menga bir varaq qog‘ozni uzatib, shu yerda imkon qadar yozganmiz, bir o‘qib ko‘ring, dedi. Men qog‘ozga tushirilgan, “Fidoiy inson” deb nomlangan dil so‘zlarini maqolaga kiritishni ma’qul ko‘rdim. Unda quyidagilar bitilgandi.
“Assalomu alaykum, hurmatli tumanimiz hokimi!
El-yurt obodligi birinchi galda uning rahbariga, rahbarning odamlarni ezgu ishlarga, bunyodkorliklarga ruhlantira olishiga bog‘liq. Biz tumanimizga Zulayho opa Norqulova rahbarlik qilganlaridan buyon o‘tgan o‘nlab yillar mobaynida bunday hokimni ko‘rmagandik. Bundan bir necha yil muqaddam Paxtachi tumani hokimi etib tayinlanganingizdan so‘ng esa ko‘p o‘tmasdan, tumanimiz haqiqiy rahbarga yolchiganini his eta boshladik va tezda bunga ishonch hosil qildik. Tuman qisqa davr ichida ko‘plab sohalarda nafaqat viloyatimiz, balki mamlakatimizda ham peshqadamlar qatorida tilga olinadigan bo‘ldi.
Sizning chinakamiga vatanparvar, xalqparvar va bunyodkor rahbar ekanligingiz tufayli tuman markazi – Ziyovuddin qo‘rg‘oni shaharlardan qolishmaydigan darajada ko‘rkam qiyofa hamda chiroy kasb etdi. Bu esa, shubhasiz, Ziyovuddin tarixiga bitilmasdan qolmaydi.Sizdek dono hokim tumanimizga el bo‘lib keldingiz. Borgan joyingizni obod qilib, xalqi bilan do‘st tutindingiz, hamfikr, hamjihat bo‘ldingiz. Tumanimiz ravnaqi, el farovonligi yo‘lida vaqt bilan hisoblashmasdan ishlayapsiz. Buni odamlar ko‘rib-bilib turishibdi. Bularning barchasi uchun Sizga mingdan-ming rahmat, yuzlarga kirib yuring, bolalaringizning rohatini ko‘ring. Mening Paxtachidek yurtim bor, deya faxrlanib yuring”.
Minnatdorlik so‘zlari bilan tanishgach, Gulsara opa va G‘aybulla akaga, bu nafaqat ularning, shuningdek, yana minglab tumandoshlarimizning ham ko‘nglidagi so‘zlar ekanligi, ularni ko‘p marta eshitganligimni aytdim. Shundan so‘ng suh-batimiz mavzusi o‘z-o‘zidan qahramonimizning hayot va mehnat faoliyatiga ko‘chdi.
Suhbatimiz to‘kin dasturxon, bir piyola choy ustida, momosining atrofida girdikapalak bo‘layotgan jajji nevaralari davrasida ancha davom etdi. Bu orada opaning umr yo‘ldoshi, paxtakorlik va fermerlik faoliyatidagi ishonchli tayanchi va hamkori G‘aybulla aka Tursunov ham yetib keldi.
Gulsara 1953-yilning ilk kuni, yanvar oyining birinchi sanasida sultonobodlik usta dehqon, tajribali brigada boshlig‘i, qator orden va medallar sohibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor Orziqul Jumayev va Malika opa Jumayevalarning ahil xonadonida dunyoga keldi. U esini paxta dalasida tanidi, desak mubolag‘a emas. Chunki, otasini juda yaxshi ko‘rar va imkon qadar undan ayrilmaslik payida bo‘lardi. Jajjigina qizaloqning dadasiga ergashib, dalaga kelishi, o‘zlariga tinimsiz savollar berishiga brigada a’zolari, qishloq qiz-juvonlari ham o‘rganib qolishgandi. Biroz ulg‘ayib, qo‘lidan ish kela boshlagach esa, o‘zi ham brigada a’zolari safidan o‘rin oldi. Har yili erta ko‘klamdan kech kuzgacha, paxta hosili yig‘ib-terib olingunicha maktabdagi darslardan so‘ng g‘o‘za parvarishi, paxtadan mo‘l hosil yetishtirilishida bevosita ishtirok etdi. Paxtachilik mahorati sirlarini o‘rgandi. Dehqonchilikda muvaffaqiyatga erishaman degan brigada boshlig‘imi, xo‘jalik rahbarimi, eng avvalo yerga, elga e’tiborli bo‘lishi zarurligini anglab yetdi. Otasining yuqori mehnat natijalariga erishib, el-yurtda hurmat-e’tibor topishida yerga zarur mahalliy va mineral o‘g‘itlarni berish, barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z muddatlarida sifatli o‘tkazish, shuning barobarida brigada a’zolarining tashvishlarini o‘ziniki singari qabul qilish, ularga imkon qadar ko‘proq g‘amxo‘rlik ko‘rsatish muhim ahamiyat kasb etganligini tushunib yetdi.
Lekin, Orziqul akaning umri qisqa ekan, 1970-yilda bevosita paxta dalasida, traktor bilan bog‘liq baxtsiz hodisa oqibatida 44 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. O‘zining 17 yoshida dehqonchilikning oq-u qorasini tanib ulgurgan tirishqoq va mehnatsevar qiz bunga qanday chidadi, o‘zi ham bilmaydi. O‘sha yili Samarqand qishloq xo‘jaligi institutining agronomiya fakulteti sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirib, 1977-yilda olim-agronom mutaxassisligi bo‘yicha muvaffaqiyatli tugalladi. Unga qadar “Paxtakor” jamoa xo‘jaligida bog‘cha mudirasi, pillachilik agronomi vazifalarida ishladi.
O‘shanda u oliy ma’lumotli mutaxassis emasmi, jamoa xo‘jaligi boshqaruvidagi shunga mos lavozimlarda ishlashi mumkin edi. Ammo otasining ishini davom ettirishni istadi. 1978-yilda 126 gektar yer maydoniga ega yirik brigadaga rahbarlik vazifasi unga ishonib topshirildi.
– Shundan 2003-yil, jamoa xo‘jaligi tugatilib, fermerlik harakati boshlanguniga qadar 25 yil brigada boshlig‘i bo‘lib ishladim, – deydi Gulsara Orziqulova. – O‘sha davrlarda biror-bir yil yo‘q ediki, paxta yetishtirish va davlatga sotish yuzasidan berilgan topshiriqni uddalama-gan bo‘lsak. G‘o‘za parvarishida ish sifatiga alohida e’tibor berardik. Tajribali mexaniza-torlar Turdi Xudoynazarov, Ochil Po‘latov va Toshmurod Hakimovlar bir vaqtning o‘zida brigadadagi uchta “zveno”ni ham boshqarishardi. Ularning o‘zlari sifatli ishlash borasida a’zolariga ibrat ko‘rsatishardi.
Paxta yetishtirishning eng samarali hamda tejamkor usuli – chigitni pushtaga ekish ham jamoa xo‘jaligida birinchi bo‘lib, bizning brigadamizda joriy etilgandi. Yangicha usulda paxta maydonlarini chigit ekishga tayyorlash jarayonlari oldingisiga qaraganda sezilarli darajada qisqargandi. G‘o‘zapoyadan tozalangan dalalar bir marta shudgorlanib, molada tekislanar, shundan so‘ng jo‘yak olingan holda, zaxlatib sug‘orilar va yetilgach, pushtaga urug‘ qadalardi. Bu g‘o‘zaning chuqur va keng ildiz otishi uchun ham qulay bo‘lib, hosildorlikning ko‘tarilishiga xizmat qilardi.
Mehnatimizga yarasha, brigadamiz jamoa xo‘jaligida eng yuqori daromadli hisoblanardi. Mening o‘zim 230 rubl oylik maosh olardim. A’zolarimizning ish haqlari ham kam emasdi. Shunday bo‘lgach, barcha birdek qiziqib, vijdonan ishlardi-da! Astoydil mehnatimiz munosib taqdirlanib, 1991-yilda birinchi Prezidentimizning imzosi chekilgan O‘zbekiston Respublikasining “Faxriy yorlig‘i”ni olganimda, xursandchili-gimning cheki bo‘lmagandi.
O‘z vazifangni halol bajarsang, sidqidildan ishlasang, buni jamoang a’zolari sezishib, hurmatingni o‘rniga qo‘yisharkan. Brigadamiz a’zolarining aksariyati mendan ancha yoshi katta erkag-u ayollar bo‘lishiga qaramasdan, “opa”, hatto “ena” deb murojaat qilishganida, dastlab uyalardim. Keyinchalik o‘rganib ham ketdim. Endi bunday o‘ylab qarasam, faqat ishni talab qilavermasdan, a’zolarning hurmatini joyiga qo‘ysang, adolatli bo‘lsang, ishiga yarasha vaqtida pulining ham berilishini ta’minlasang, ishing yurishib ketaverar ekan.
Brigadada traktorchi va suvchilarning oylik ish haqi o‘rtacha 2 million so‘mdan to‘g‘ri kelardi. Bundan tashqari, har bir a’zoga g‘allachilik mavsumi yakuni bilan 2 tonnadan bug‘doy berilardi. Bayramlar hamda har yili shartnomaviy rejalar bajarilganda, qo‘y so‘yilib, shod-u xurramlik bilan tantanali nishonlanar, barchaga mehnatiga yarasha sovg‘a-salomlar, jumladan, qimmatbaho gilamlar ulashilardi. Shu bois ham u xo‘jalikning dasht qismidagi brigada dalalarining gektaridan har yili o‘rta hisobda 30-35 sentnerdan xirmon ko‘tarardi.
Gulsaraning nisbatan yosh ekanligiga qaramasdan, yerga va brigada a’zolariga e’tiborli ekanligi bejiz emasdi. U bu fazilatlarni bolaligidayoq, otasining dalalarida uning ish yuritishi, yerga va elga munosabatidan o‘zlashtirgandi.
Gulsara Orziqulova jamoa xo‘jaligi tarqatilishi bilan sobiq brigadasiga tegishli 97 gektar maydonda “Xayrobod” fermer xo‘jaligini tashkil qildi. Brigada a’zolaridan Meli Xudoynazarov, Toshniyoz Hazratov, Sharof Po‘latov, Muharram Po‘latova, Oynihol Bozorova, Mahbuba Hasanova, Toshmurod Hakimovlar fermer xo‘jaligining o‘zagini tashkil etishdi. Fermerlik brigadirlikka nisbatan uning imkoniyatlarini kengaytirgan holda, ish yuritishda erkinligini ta’minladi. Fermer xo‘jaligi, go‘yoki ahil oilaga aylandi. Shu bois mehnat muvaffaqiyatlari, bundan moddiy manfaatdorlik yanada ortdi. Fermerning o‘zi esa, 2005- yilda “Damas” avtomashinasi, 2007-yilda “Shuhrat” medali, 2012-yilda tuman hokimligining “Eng yaxshi fermerga” Faxriy yorlig‘i bilan mukofotlandi.
Gulsara Orziqulova hamda G‘aybulla Tursunovlarning ibratli faoliyatini bugun ularning farzandlari Jamshid va Anvar Tursunovlar davom ettirishyapti. 2021-yilda “Hayrobod” fermer xo‘jaligi o‘rnida tashkil etilgan, ularning boshchiligidagi har biri 50 gektardan maydonga ega yangi “Hayrobod” va “G‘aybulla ota yerlari” fermer xo‘jaliklarida ham bugun paxta va g‘alladan mo‘l hosil olinmoqda. Jumladan, “G‘aybulla ota yerlari” fermer xo‘jaligi 2022-yilda paxta tayyorlash shartnoma rejasini nafaqat tuman va viloyatimiz, balki mamlakatimizda ham birinchilardan bo‘lib uddaladi. “Hayrobod” ham doimiy ravishda peshqadamlar qatorida. Bunda ularning ish yurituvchilari hisoblangan ota-onasining xizmatlari katta bo‘lmoqda. Ular yosh fermerlardan o‘zlarining mo‘l va sifatli hosil yetishtirish borasidagi qimmatli maslahatlarini ayashmaydi.
Izdoshlarning mehnat ko‘rsatkichlari joriy yilda ham yomon bo‘lmayapti. “Hayrobod”-da dasht hududdagi 33 gektar g‘allazorning har gektaridan salkam 60 sentnerdan sifatli bug‘doy xirmoni ko‘tarildi. Xo‘jalikda o‘tgan yili 17 gektar paxta dalasining gektaridan 33 o‘rniga 40 sentnerdan hosil olingandi. Bu yerda joriy yilda ham ana shu yuksak marra ko‘zlangan.
Ahil oilaning farzandlari ham o‘zlari kabi mehnatsevar, el-yurt, jamiyat uchun foydasi tegadigan oqil insonlar bo‘lib yetishishdi. Fermer o‘g‘illaridan tashqari, Alisher mexa-nizator, qizlari Nilufar esa tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. To‘qqiz nafar nevaralar ham ota-onalari va bobo-buvilari-ga munosib ravishda ulg‘ayishmoqda. Jumladan, Bobosher Toshkent transport institutini tugallab, mutaxassisligi bo‘yicha “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasida ishladi. Ayni paytda poytaxtda qurilish yo‘nalishidagi tadbirkorlik faoliyatini olib bormoqda. Ozoda esa Navoiy davlat pedagogika instituti tarix fakultetining uchinchi bosqichida tahsil olayapti. Kichiklari ham ularning ortidan borishmoqda.
Bularning barchasi qahramonimizning umrini yanada mazmunli etib, qalb-u vujudini shodliklarga to‘ldirayotgan bo‘lsa, ajabmas.
Olim XO‘JAYEV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi