G’azodagi shifoxonaga qilingan avia hujumni O’zbekiston qoralamoqda. Dunyo yetakchilari-chi?

G’azodagi shifoxonaga qilingan avia hujumni O’zbekiston qoralamoqda. Dunyo yetakchilari-chi?

“G‘azo sektoridagi Al-Ahli kasalxonasiga uyushtirilgan havo hujumi oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildik. Bu dahshatli zo‘ravonlik harakatini keskin qoralaymiz va buni xalqaro gumanitar huquqning qo‘pol buzilishi deb hisoblaymiz”, – O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining G’azo sektoridagi  Al-Ahli shifoxonasiga uyushtirilgan havo hujumi borasidagi bayonoti.


18 oktyabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi G‘azo sektoridagi Al-Ahli shifoxonasiga uyushtirilgan havo hujumini qoralab, bayonot bilan chiqdi. Bu haqida TIV bayonotida ta’kidlanmoqda.

Vafot etganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan O’zbekiston TIV tomonlardan zudlik bilan harbiy harakatlarni to’xtatish, o’t ochishdan tiyilishga ham chaqirgan.

Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Falastin-Isroil mojarosi hududida tinch aholi orasida ko‘plab qurbon berilishiga olib kelgan va butun Yaqin Sharqdagi vaziyatni sezilarli darajada murakkablashtirgan holat keskinlashganidan jiddiy xavotir bildirgandi.

Ma’lumot o’rnida, G‘azodagi Al-Ahli kasalxonasiga berilgan aviazarba oqibatida Falastin tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, 800 dan ortiq kishi qurbon bo‘lgan.

Jahon yetakchilari ham bu hodisaga o’z munosabatlari bilan chiqishdi.

Turkiya prezidenti

Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on birinchilardan G‘azodagi shifoxonaga Isroil tomonidan aviazarba berilganini qoralab chiqqan. Jahon hamjamiyatini Falastin anklavidagi “misli ko‘rilmagan shafqatsizlik”ni to‘xtatishga chaqirgan.

AQSh, Pentagon

Pentagon Isroil aviazarbasi to‘g‘risidagi xabarlarga munosabat bildirdirib, “AQSH Isroilni “urush qonunlari”ga rioya qilishga chaqiradi”, deb bayonot bilan chiqqan.

Eron

Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili “G‘azo sektoridagi kasalxonaga hujum shafqatsizlik bilan amalga oshirilgan jinoyat bo‘lib, sionistik rejim urush chog‘ida asosiy xalqaro prinsiplarga rioya qilmasligini namoyish etadi”, deya bayonot berdi. Shuningdek, Iordaniya qiroli esa G‘azodagi kasalxona portlashini “qirg‘in” va “harbiy jinoyat” deb atadi.

So’nggi xabarlarga  ko’ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida G‘azoda 3 ming kishi halok bo‘lgan, 13 ming kishi jarohatlangan.  Isroil tomonidan qurbon bo‘lganlar soni 1,4 ming kishini tashkil etadi.