Xalqaro Islom konferensiyasida O’zbekiston muftiysining takliflari yuqori baholandi

Xalqaro Islom konferensiyasida O’zbekiston muftiysining takliflari yuqori baholandi

Joriy yilning 18-oktyabr kuni Qohira shahrida  Islom olamida katta ahamiyatga ega boʻlgan anjuman o’z ishini boshladi. Unda O’zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Anjumanda Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari hozirgi kundagi muhim masalalarni ilgari surdi.

Xalqaro konferensiyada so’zga chiqqan Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugungi tahdidlarning oldini olish uchun bir qator dolzarb takliflarni ilgari surdi. Xususan, axborot zamonidagi gʻoyaviy xurujlar Islom olamini tashvishga solayotgani, turli ixtiloflar kelib chiqayotgani, mana shunday muammolarga yechim topishda Fatvo idoralarining oʻrni nihoyatda katta ekani, tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash va musulmon ummati hamjihatligiga erishishda fatvoning ahamiyati juda muhim ekanini izohlab o’tgan. Shuningdek, ushbu yoʻnalishda yuzaga kelayotgan muammolar yetarli ilm va malakaga ega boʻlmagan shaxslarning fatvo berishi oqibatida kelib chiqayotganini ham qoʻshimcha qilingan.

Muammolarga yechim topishda Islom ilm-maʼrifatga asoslangan moʻtadil din ekanini targʻib qilish, ulamolar hamkorligini mustahkamlash va moʻmin-musulmonlar ehtiyojini taʼminlash kabilar ekanini qayd etilgan. Bundan tashqari, Muftiy Internet va raqamli axborot vositalari orqali adashgan toifalar din niqobi ostida ekstremizm, mazhabsizlik, takfir va mutaassib qarashlar tarqatayotgani xavotirli holat ekanini alohida qayd etgan.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda diniy-maʼrifiy sohasidagi ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirilayotgani, jumladan, jaholatga qarshi kurash ishlari jadal olib borilayotgani, Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan Fatvo markazi samarali faoliyat olib borayotgani kabilarga alohida urgʻu bergan.

Mazkur arab tilida qilingan nutq va barcha uchun dolzarb ahamiyatga ega boʻlgan takliflar anjuman ishtirokchilari tomonidan yuqori baholangan.