Xalqimizda bir maqol bor, yaxshidan bog’ qolar, yomondan esa dog’. Siz hech bu maqolning zamiriga e’tibor berib ko’rganmisiz? Bugun atrofimizda yuz berayotgan jarayonlar ham bunga bir misol bo’la oladi. O’zbekiston hozirda ko’plab sohalarda ilg’orlar safiga kirayotgani kabi ekologik ob-havoning ifloslanishida ham peshqadamlar safidan bir necha bor joy olmoqda. Albatta, bularning asl sababi o’z vaqtida e’tibor qaratilmagan yashillik, daraxtzorlar, bog’lardir. Maktab davrimizda biologiya fanida daraxtlarning inson uchun zarur bo’lgan kislorod chiqarishini o’rganganmiz. Ammo bugun ko’pchiligimiz unga shafqatsiz munosabatda bo’lib keldik. Uni kesib tashladik, novdalarini qayirib, sindirdik. Necha-necha bog’larning yo’q qilinganini ham guvohimiz. Bir paytlar yam-yashil bo’lgan joylar, bugun qovjuragan va sarg’aygan qumlik kabi cho’llarga qiyos bo’lmoqda. Bu esa mana bugun bizga nima berdi. Changli havo, turli xil kasalliklar…
Hayriyat, bugun ozgina bo’lsa ham insof degan tuyg’u qaytgandek. So’nggi yillarda yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi tashabbusi ilgari surilib, yangi ko’chatlar ekilmoqda. Bu kabi savobli ishlar joriy yilda ham uzviy davom etmoqda. Jumladan, Paxtachi tumanida ham aksiya doirasidagi amaliy ishlarga start berildi.
19-oktabr kuni tumanimizning “Dobusqa’la” mahallasidagi aksiya tadbiri 35-maktab hududida o’tkazildi. Unda mahallaning faol nuroniylari, o’qituvchi va yoshlar, shuningdek, tuman Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishlari bo’limi, nuroniylar jamiyati, maktabgacha va matkab ta’limi bo’limi vakillari ishtirok etishdi.
Mahalla oqsoqollari yoshlar bilan turli xil ko’chatlar ekishdi. Kunning ikkinchi yarmida esa 18-maktabda ham tadbir davom etib, dastlab mahalla ahliga kochatlarni ekish borasida tushintirish berildi. Bu tadbirdan ko’zlangan asosiy maqsad, joriy mavsumdagi rejalar haqida ma’lumotlar berib o’tildi. Biz bilan suhbatda bo’lgan tuman Nuroniylar jamiyati raisi Muzaffar Samandarov bu galgi aksiya borasida fikrlarini o’rtoqlashdi.
— Har bir sektorda mahalla raislari, oqsoqollari va bir guruh faollar bilan korxona, maktab, idoralarda hamkorlikda aksiya doirasida seminarlar o’tkazilib, ko’chatlarni ekish borasida tushuntirishlar olib borilmoqda — deydi M.Samandarov. — Qatnashchilar bilan birgalikda joylarda turli xil kochatlar ekilib kelinyapti. Ayniqsa, bu kabi ishlarda keksa avlod vakillarining faol bo’layotgani, o’sib kelayotgan yoshlarga chinakamiga amaliy o’rnak bo’lmoqda, desak ham mubolag’a bo’lmaydi. Kerak bo’lsa ularning o’zlari ham tashabbuslarini ilgari surayotgani bizni quvontirmoqda.
“Yashil makon” tadbirlarining navbatdagisi 20-oktyabr kuni ham davom etdi. “Toma” mahallasida jam bo’lgan qatnashchilar hududning 1-maktabida ajratilgan maydonda turli manzarali va mevali ko’chatlarni ekishdi.
— Bilasizmi, har bir narsaga alohida e’tibor zarur — deydi mahallaning faol nuroniysi, maktabning o’qituvchisi G’ofur Nazarov. — bugun ekilayotgan ko’chatlarga ham shunday e’tibor berilishi kerak. Bugun ham maktab jamoasi, mahalla ahli va bir qator mehmonlar bilan birgalikda turli xil daraxt ko’chatlarini ekdik. Eng muhimi biz “Yashil makon” deganda faqatgina daraxt ekish bilangina cheklanmasligimiz kerak. Har bir honadon, ko’chalarimiz obodligiga, ularning gullab yashnashiga mas’uliyat bilan qarashimiz zarur.
Loyiha davomida bu mavsumda tumanimizda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar bilan ham qiziqdik. Bizning bu boradagi savollarimizga Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishlari tuman bo’limi inspektori Zohid Qo’ziyev javob berdi.
— Tumanimizda yashil makon doirasida jami 476 ming tup turli xil manzarali va mevali ko’chatlar ekish rejalashtirilgan — deydi Z.Qo’ziyev. — Bundan tashqari “Jahonobod” mahallasida hokimlik bog’i barpo qilinishi ham kutilmoqda. Uning maydoni 1 gektar 20 sotixni tashkil etadi.Undan tashqari, “Shamsi Nazar” mahallasida jamoat parki tashkil qilinmoqda. Har bir mahallaga 1,5 mingdan 2 mingtagacha va tuman o’rmon xo’jaligi tomonidan 200 tupdan ko’chat yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Xulosa o’rinda shuni aytishimiz mumkinki, ko’chat ekish, uni parvarishlash majburiyat emas shunchaki an’ana va qadriyatga aylanmog’I zarur. Biz shu yurtning farzandi ekanmiz, bu kabi ishlar har birimizning burchimizdir. Siz-u, bizdan kelajak avlod uchun yaxshi gap va yaxshi bog’ qolsin!