Odamzotga tinchlik kerak

Odamzotga tinchlik kerak

Alloh yer yuzini vujudga keltirgach, uni mukammallashtirish uchun dastlab, nabotot va hayvonot olamini yaratgan ekan. Lekin, yana nimadir yetishmabdi. Shunda uni yanada go‘zal etib, ezgulik va bun­yod­korliklarni amalga oshirgan holda tinchlikda, ahil yashashlari indal­losida O‘ziga ibodat ettirish maqsadida Odamni hayotga keltiribdi. Ammo, ban­dasi unutuvchan ekan. Yaratganning xohishini, o‘zining dunyodagi asosiy missiyasini tezda yoddan chiqaribdi. Bunga esa, mana, yuzlab asrlardirki, yer yuzining goh u, goh bu tarafida urushning dahshatli olovi yonayotganligi, undan minglab, millionlab odam halok bo‘layotganligi ham yaqqol misoldir.

Jumladan, mustaqil Ukraina zaminida bir yil-u sakkiz oydan buyon davom etayot­gan urush bu jannatmakon diyorni do‘zaxga aylantirmoqda. Ushbu qirg‘inbarotning olovi o‘chmasdan turib, Falastin-Isroil urushi boshlanganligi to‘g‘risidagi yoqimsiz xabar butun dunyoni egalladi. Xo‘sh, urush insoniyatga nima uchun kerak? Hali esini tanib ulgurmagan jajji go‘dakdan tortib, yoshini yashagan keksa otaxon-u onajonlarni ajalidan oldin o‘ldirish kimga kerak? Bu tengsiz fojeaga qo‘l urayotgan, uni boshlayotganlar bu to‘g‘rida hech o‘ylab ko‘risharmikan? Ular shunday qilishganida, odamning jonini olishga Allohdan o‘zga hech kimning haqqi yo‘qligini bilishganida, balki urushning oldi olingan bo‘larmidi?

foto: Ukraina-Rossiya urushidan. Ukrainadagi jabrlanganlar evokuvatsiya qilinmoqda

Nima bo‘lganda ham, bugun dunyoning turli tomonlarida dahshatli xun­rez­liklar davom etmoqda. Bundan qaysidir tarafning manfaatdorligi bor-da, deyishingiz mumkin. Lekin, oqil, Xudoni taniydigan har qanday odam bun­day, inson qoni to‘kilishi evaziga erishiladigan manfaatdorlikdan voz kechgan bo‘lardi. Lekin, unday bo‘lmayapti. Nega? Chunki, sayyoramizdagi millionlab odamlar haligacha urushning butun mazmun-mohiyatini to‘lig‘icha anglab yetishmayapti. Uni oddiy, odatiy hol sifatida qabul qilishyapti. Buni unga nisbatan bildirilayotgan munosabatlar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Jumladan, Rossiya-Ukraina urushiga munosabat bildirishda Rossiya pozit­si­ya­sini yoqlayotganlar oramizda istagancha topiladi. Nima emish, shu yo‘l bilan bu mamlakatdagi millatchilik va ruslarga nisbatan genotsidga chek qo‘yishar emish?! Nima, shunday bo‘lgan taqdirda ham, bu ish qurolli agressiya, minglab-millionlab begunoh odamlarning qoni evaziga amalga oshirilishi kerakmi?!

Foto: Isroil-Falastin urushi. Falastin, G’azoga bo’lgan hujumdan so’nggi ahvol

As­lida esa, maqsad boshqa, g‘arazli – butun dunyoga, eng avvalo, yangi­dan mustaqillikka erishgan, bu yo‘ldan dadil odimlayotgan qo‘shni davlat­larga o‘z kuch-qudratini namoyish etishdangina iborat. Shunday ekan, hech qanaqa urushni hech qanaqasiga yoqlab, oqlab bo‘lmaydi. Isroil-Falastin urushiga keladigan bo‘lsak, Falastindagi “Xamas” guruhining shu yilning 7 oktabr tonggidagi Isroilga qurolli hujumidan boshlangan bu ommaviy qirg‘in ham har ikki tomondan minglab begunoh aholining hayotdan begunoh ko‘z yumishiga olib kelmoqda. To‘g‘ri, bu har ikki taraf o‘rtasidagi kelishmovchilik, asosan, Isroil davlatining aybi bilan, mana 76 yildirki, davom etib kelmoqda. Agar nufuzli xalqaro tashkilotlar, birinchi navbatda Birlashgan Millatlar tashkiloti bu masala yechimiga yetarli darajada jiddiy yondashganida edi, urushsiz, qon to‘kilishlarisiz muammoning hal etilishiga erishilardi, albatta.

Nima bo‘lganda ham urushga munosabat bildirganda, shoshilmagan ma’qul. Bu o‘ta jiddiy masala. Kichik, arzimasdek tuyulgan urushlar juda ulkan qirg‘inbarotlarga aylanib ketishi, dunyodagi millionlab odamlarning hayotiga nuqta qo‘yishi hech gapmas. Shunday ekan, har qanday urushga ham qarshi bo‘laylik, shu yo‘l bilan butun dunyoda barqaror tinchlik hukm surishiga o‘z hissamizni qo‘shaylik. Odamzotga tinchlik kerak – urush emas!

Olim XO‘JAYEV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi