Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash uchun oilaning voyaga yetgan barcha mehnatga layoqatli a’zosini rasmiy ish bilan band boʻlishi talab etiladi. Agar oilaning mehnatga layoqatli a’zosidan biri rasmiy ish bilan band boʻlmasa, nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash ra’d etiladi. Bunda, amaldagi tartib boʻyicha oilaning tomorqa yer maydoni mavjud boʻlganda, har 4 sotix yerga bir oila a’zosi avtomatik ravishda band, deb belgilanadi hamda rasmiy daromad talab etilmaydi.
Ma’lumot uchun: Tomorqa yer yoki dehqon xoʻjaligini yuritishdan olingan daromad miqdori sifatida bir sotix yer maydoni uchun mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining (980 ming soʻmning) 0,035 baravari – 34,3 ming soʻm normativ daromad hisoblandi.
Hozirda Paxtachi tumani boʻyicha 12 mingdan ortiq oilalarga aynan oila a’zolari avtomatik ravishda band deb belgilanganligi sababli nafaqalar tayinlangan. Lekin shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu oilalarning a’zolari ishga joylashish, faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor yoki oʻzini-oʻzi band qilish orqali rasmiylashtirish choralarini koʻrishmagan. Natijada, amaliyotda oʻziga toʻq, katta hovliga ega boʻlgan yoki tomorqasidan umuman foydalanmagan oilalarga ham nafaqa tayinlanishi hamda aholi oʻrtasida tizimga nisbatan ishonch kamayishiga sabab boʻlmoqda.
Misol uchun, 3 farzandlik oilaning 8 sotix yer maydoni mavjud va er-xotin norasmiy daromad oladi. Bunda, er va xotindan bandlik talab etilmaydi va 8 sotix yer uchun 274,4 ming soʻm normativ daromad hisoblanadi. Normativ daromad oiladagi bir kishi (54,8 ming soʻm) uchun eng kam iste’mol xarajatidan kam boʻlganligi sababli nafaqa tayinlanadi.
Amaldagi tartibga muvofiq, tomorqada band boʻlgan fuqarolar ixtiyoriy ravishda soliq organida oʻzini-oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtish tartibi mavjud. Bunda, oʻzini-oʻzi band qilgan sifatida roʻyxatdan oʻtgan fuqaroga bir yilda bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari (330 ming soʻm) ijtimoiy soliq toʻlagan taqdirda nafaqa tayinlashda “band” sifatida qabul qilinadi hamda pensiya hisoblashda 1 yillik ish stajiga ega boʻladi.
Ma’lumot uchun: oʻzini-oʻzi band qilgan fuqaroning daromadini aniqlash imkoniyati mavjud emasligi sababli, nafaqa tayinlashda unga normativ daromad – bir oy uchun mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 2 barobari (1 million 960 ming soʻm) miqorida daromad olgan, deb hisoblanadi.
Abror TANIYEV,
Fuqarolarga xizmat koʻrsatish shu’basi bosh mutaxassisi