Surxondaryoda hokim yordamchisi fuqarolar nomiga 132 mln soʻm kredit olib, oʻz ehtiyojlariga ishlatib yuborgan. Bu haqda viloyat prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda keltirilishicha, viloyatning Qumqo‘rg‘on tumanidagi “To‘da” mahallasida hokim yordamchisi lavozimida ishlab kelgan U.T. bir vaqtning o‘zida tadbirkorlik faoliyati bilan ham shug‘ullangan. U 2022 yilning 11 yanvaridan buyon ushbu lavozmda ishlab kelayotgan bo’lgan.
Hokim yordamchisi 2022 yil 29 martda o‘zi ta’sischiligida tashkil etgan ”Volunteer Team” MChJni 2023 yil 20 sentyabrga qadar boshqarib, ta’minotchi sifatida fuqaro M.E. va boshqalarning ishonchiga kirib, ularning elektron imzolarini qo‘lga kiritadi. Fuqarolarning nomiga issiqxona faoliyati tashkil etish uchun bir emas, 4 marta har birida 33 million so‘mdan jami 132 million so‘m kredit olishga erishadi. Uddaburon birovlarning nomiga chiqarilgan kredit pullarini o‘zi rahbarlik qilayotgan jamiyat hisobiga tushirib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuboradi.
2023 yil 9 oktyabrda mazkur holat yuzasidan Qumqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan ”Volunteer Team” MCHJ rahbari U.T. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “b,v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari Qumqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan olib borilmoqda.
Eslatib o’tamiz, viloyat prokuraturasi vaziyat bo’yicha “Mushtum” jurnalining rasmiy telegram kanalida 31 oktyabr kuni e’lon qilingan “Dangir-Dungir” avjida!» sarlavhali xabar yuzasidan bayonot bilan chiqdi.