Toshkent shahar 1-son klinik shifoxonasi hali 2021-yilda yashayapti(mi?)

Toshkent shahar 1-son klinik shifoxonasi hali 2021-yilda yashayapti(mi?)

Bugun O’zbekiston har jabhada ilgarilab, peshqadamlar safiga kirishga intilmoqda. So’nggi yillarda hukumat har qaysi sohaning rivoji uchun e’tibor qaratayotgani ham hech kimga sir emas, ayniqsa, tibbiyot sohasiga.

Albatta, biz ham bu kabi sharoitlarga munosib javob qaytarishimiz, atrofga e’tiborda bo’lishimiz bugun zamon talabi. Mana hozir siz-u, biz XXI asrning 23-yilida, ya’nikim 2023-yilda yashayapmiz. Ammo bugun Toshkent shahridagi 1-Son Respublika klinik shifoxonasi bizdan ikki yil orqada qolib ketgan ko’rinadi.

Gap nimada ketayotganligini hozir bilib olasiz.

2023-yilning 29-noyabr kuni shifoxonaga bir kursdoshimizni holidan xabar olish uchun bir guruh talaba kursdoshlar borgandik. Bu hozir muhim emas, muhimi esa shifoxonaning Ginekologiya bo’limiga kirar ekansiz, ko’zingiz zinadan kirish eshigi yoniga osib qo’yilgan «2021-yil – Yoshlarni qo’llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» deb yozilgan peshlavhaga tushadi. Vaholangki, hozir 2023-yil – Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili va bu ham tugash arafasida…

Shu o’rinda bir necha savollar tug’iladi. Xo’sh, shifoxona ma’muriyati bu bo’limdan xabar olishmaydimi, yoki shunchaki, e’tiborsizmilar? Eng qizig’i, bugun barchamiz o’zbek tilidagi lotin alifbosida barcha ish hujjatlari-yu, e’lon peshtahtalariga o’tayotgan bo’lsakda, bu bo’limda hali hamon kirill alifbosidagi peshlavhalarga uchraysiz.

Bir qarashda bu kichik bir xato kabi ko’rinar, ammo bu bizni mas’uliyatdan ozod eta olarmikan?!

Biz esa Toshkent shahridagi 1-Son Respublika shifoxonasi ma’muriyatidan bunga munosabat kutib qolamiz.

Erkin HASANOV, Jamolbek SALOMOV