FVV o‘zini “pojarniy” xodimi deb tanishtirib, fuqarolardan yillik to‘lov undirayotgan firibgarlardan ogohlantirdi
Xonadonlarga borib, aholidan noqonuniy tarzda pul yig‘ish holatlari uchramoqda.
“Yong‘inning oldini olish bilan bog‘liq tadbirlar uchun vazirlik tizimi xodimlari tomonidan hech qanday pul yig‘imlari yoki boshqa turdagi to‘lovlar undirilmaydi”, — deyiladi FVV munosabatida.
Maʼlum qilinishicha, hozir mamlakatda favqulodda vaziyatlar va yong‘inlarning oldini olish sohasidagi tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritadi. Ularning nizomlarida ham favqulodda vaziyatlarning oldini olish yuzasidan aholiga xizmat ko‘rsatish vazifalari belgilangan.
FVV aholidan xonadonlarga kelib, o‘zini vazirlik quyi tizimlariga o‘xshash nomdagi tashkilotlar xodimi sifatida tanishtirgan odamlardan shaxsini tasdiqlovchi hujjatini talab etishni so‘ragan. Shuningdek, bunday shaxslarning faoliyat turi, qanday xizmatlar ko‘rsatishiga aniqlik kiritish tavsiya etilgan.
“Agar xizmat ko‘rsatmasdan, siz yoki oila aʼzolaringizni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish yuzasidan biror ish bajarmasdan, sizdan majburiy tartibda to‘lov talab qilinsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etishingiz mumkin”, — deya ogohlantirgan vazirlik.