Toshkentdagi kafega soat 22:30dan keyin ayollarni kiritmagan tadbirkor jarimaga tortildi.
Kafe egasi jins boʻyicha kamsitishni targʻib qilish boʻyicha aydbor deb topilib, 6,6 mln soʻm jarimaga tortilgan.
Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 18-noyabr kuni jurnalist Inobat Axatova qarindoshlari bilan bardak choy (turk choyi) ichish uchun kafega borgan. Kafe xodimi esa kechqurun 10 yarimdan keyin ayollarga kirish mumkin emas, ichki qoidamiz shunaqa deb aytishgan. Soʻngra Inobat Axatova bu haqda oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalariga joylagan. Natijada ushbu holat keng jamoatchilik tomonidan turli muhokamalarga sabab boʻldi.
Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 29-noyabr kuni Toshkent shahar JIB Shayxontohur tuman sudida ochiq sud majlisi oʻtkazilgan.
Unga koʻra, Z.T. va X.X. ga nisbatan MJtKning 189-2-moddasi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Sud qaroriga koʻra, ular jins boʻyicha kamsitishni targʻib qilish, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini inkor etish, ushbu mazmundagi qarashlarni, gʻoyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish, xuddi shuningdek bunday xatti-harakatlarni omma oldida oqlash va (yoki) ragʻbatlantirish moddasi bilan aybdor deb topilib, BHMning 20 baravari (6mln 600 ming soʻm)dan jarimaga tortilgan.