Kafe egasiga «bakal» otgan ayol 3 yilga qamaldi

Kafe egasiga «bakal» otgan ayol 3 yilga qamaldi

Samarqandda kafe egasiga bakal otib, jarohatlagan xoʻranda ayol 3 yilga qamaldi.
Ayol kafega tugʻilgan kunini nishonlash uchun borib, hisob-kitob vaqtida janjal yuzaga kelgan.

Maʼlum qilinishicha, Samarqandda ayol turmush oʻrtogʻi va bir nechta sheriklari bilan tugʻilgan kunini nishonlash uchun kafega borgan. Hisob-kitobga kelganda, oshxona egalari va xoʻrandalar oʻrtasida janjal kelib chiqqan. Natijada ayol oshxona egasining boshiga shisha idishi bilan urib, jarohat yetkazgan. Ushbu janjal aks etgan holat oshxonadagi kuzatuv kamerasiga muhrlangan.
“Kutilmagan holda miyamga urdi. Avval mushti bilan keyin bakal bilan urdi. Men nafas ololmay qoldim. Ular tarelka, bakal hamma narsani bizga qarab otdi”,- deya izohladi jabrlanuvchi.
Samarqand telekanalining xabar qilishicha, ushbu holat JIB Samarqand shahar sudining sayyor sud majlisida muhokama qilingan. Sud jarayonida prokuror ayolga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini soʻradi.
Sud hukmiga koʻra, ayol JKning 104-moddasi 2- qismi “e” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasini qoʻllab, unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.