Tashkilotga ko‘ra, Alergo, Mucorid, Zincell siroplari va Emidone va Ulcofin suspenziyalarida zaharli modda topilgan.
Janubiy va Shimoliy Amerika, Sharqiy O‘rta Yer dengizi, Janubi-Sharqiy Osiyo va G‘arbiy Tinch okeani mamlakatlarida tarkibida bolalarning o‘limiga sabab bo‘ladigan zaharli modda mavjud allergiya va yo‘tal siroplari topildi. Bu haqda Reuters Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bayonotiga tayanib yozmoqda.
Yodingizda bo’lsa Gambiya, Indoneziya va O‘zbekistondagi 300 dan ortiq bolaning o‘limini Hindiston va Indoneziyaning oltita farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yo‘tal siroplari bilan bog‘liq edi. Endi esa bu holat Pokistonning Pharmix Laboratories kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan sifatsiz siroplarda kuzatilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, siroplar tarkibida avtomobil dvigatellari uchun sovitish suvi (antifriz) ishlab chiqarishda qo‘llanadigan etilen glikol birikmasi kritik darajada yuqori. Yuqorida aytilgan preparatdagi etilen glikol bilan ifloslanish darajasi 0,62 foizdan 0,82 foizgacha, mumkin bo‘lgan daraja esa 0,10 foizdan kamroq bo‘lishi kerak.
Noyabr oyida Pharmix Laboratories korxonasida o‘tkazilgan rejali tekshiruv chog‘ida Alergo yo‘tal siropi tarkibida zaharli modda aniqlangan. Keyingi testlar farmatsevtika kompaniyasining bir qator boshqa dori vositalarida ham etilen glikol borligini aniqladi. Pharmix Laboratories barcha ichiladigan suyuq dori-darmonlarni ishlab chiqarishni to‘xtatishga qaratilgan.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, zaharli modda Alergo, Mucorid, Zinsell siroplari va Emidon va Ulkofin suspenziyalarining 23 partiyasida topilgan.
“Ushbu sifatsiz dori-darmonlar xavfli va ulardan foydalanish, ayniqsa bolalarda, jiddiy aks ta’sirga yoki o‘limga olib kelishi mumkin”, — deb ogohlantirdi JSST.
Eslatib o’tamiz, bu dori vositalari O’zbekistonda ro’yxatga olinmagan.