Kuni kecha ijtimoiy tarmoqda kichik yoshdagi bolaning bog‘chaga kaltaklangan holda kelganligi aks etgan video tarqalgandi. Unda bolakayning yuzi va ko‘zlari jarohatlangan holda kelganligi hamda uni otasi kaltaklaganligini aytib berishi tasvirlangan. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani ma’lumot berdi.
Begunoh murg‘ak bolaga nisbatan bunday shafqatsiz munosabatda bo‘lish holati hozirda Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingan.
O’rganish jarayonlarining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, mazkur zo‘ravonlik Urgut tumanida yuz bergan bo‘lib, hozirda holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Bolaga nisbatan bunday harakatga yo‘l qo‘ygan shaxslar, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, qonunan javob berishi ta’minlanadi. Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, deyiladi xabarda.