Mamlakatimiz sanoatining bayroqdori – Navoiy kon-metallurgiya kombinatini (Ayni paytda “NKMK” AJ, “Navoiyuran” DK va “NKMK jamg‘armasi” DM ) nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda yaxshi bilishadi desak, mubolag‘a emas.
Chunki, bu yerda asosan, Qizilqum qa’ridan qazib olinib, qayta ishlanayotgan qimmatbaho yerosti boyliklari, rangli metallar, uran va ishlab chiqarilayotgan ko‘plab turdagi sanoat mahsulotlari o‘zining yuqori sifati va mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida tutgan o‘rni bilan olis-olislarda ham tilga tushgan. Shu bois, bugungi kunda 40 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz ishlayotgan kombinat mehnat jamoasi a’zosi bo‘lish, qolaversa ish faoliyatini shu yerda boshlab, pensiyaga ham mazkur shonli jamoadan chiqish har qanday kishida ham o‘ziga xos faxr-u g‘urur tuyg‘ularini uyg‘otmasdan qolmaydi. Ular buni o‘zlari uchun katta baxt deb bilishadi. Ziyovuddinlik Ramazon Haydarov ham ana shunday yurtdoshlarimizdan biridir. Mehnat faoliyati mamlakatimizning eng nufuzli va qudratli korxonasi bilan bog‘langan qahramonimiz bugun mehnat hordig‘ida. 2019-yildan boshlab pensionerlar qatoridan o‘rin olgan.
Ramazon Haydarov bilan suhbatlashar ekanmiz, uning sodda va samimiy, ochiqko‘ngil va rostgo‘y inson ekanligini his etdik. Hayot va mehnat faoliyati, oilasi to‘g‘risidagi va boshqa savollarimizga samimiy javob berishi ham shundan dalolat berib turardi.
– 1959-yilda tug‘ilganman, – deydi Ramazon Haydarov. – Ko‘pchilik ziyovuddinlik tengdosh bolalar qatori yetti yoshimda qo‘rg‘ondagi 22-maktabning 1-sinfiga o‘qishga bordim. Darslarni o‘zlashtirishga katta qiziqish bilan yondoshardim. O‘qituvchilarimiz ham o‘z ishining haqiqiy ustalari, bilimdon va mas’uliyatli mutaxassislar edi. Ustozlar biz murg‘ak qalblarning ong-u shuurimizga fanlar bilan bir qatorda, mehnatsevarlik, insoniylik saboqlarini ham singdirishardi. Ularning saboq va o‘gitlariga amal qilib, kam bo‘lmadim. O‘zim xohlagan kasbga o‘qidim, astoydil ishladim, mehnat jamoam hamda el-yurtda hurmat-e’tiborga sazovor bo‘ldim. Shuning uchun ham bugungi kunda oilam, farzandlarim va nevaralarim bilan baxtli keksalik gashtini surayapman. O‘zimning hayot va mehnat faoliyatim misolida xalqimizning, “Mehnat qilgan – elda aziz” maqoli naqadar to‘g‘ri ekanligiga yana bir bor chuqur ishonch hosil qildim.
Paxtachi tumanimizning ma’muriy markazi Ziyovuddin qo‘rg‘onini o‘ziga xos “temiryo‘lchilar shaharchasi” ham deyish mumkin. Bu yerdagi aholining aksariyati mahalliy temiryo‘l stansiyasining turli uchastkalarida mehnat qilishadi, shuning ortidan ro‘zg‘or tebratishadi. Shu bois, Ramazonda ham bolalikdanoq temiryo‘lchilik kasbini egallashga ishtiyoq paydo bo‘lgandi. Shuning uchun ham 1974-yilda o‘rta maktabning 8-sinfini tugallab, Zarafshon shahridagi 89-shahar o‘rta hunar-texnika bilim yurtiga elektrovoz mashinisti mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishga kirdi. O‘quv yurtida to‘rt yil tahsil olib, yerosti konlarida harakatlanuvchi elektrovoz mashinisti kasbiga ega bo‘ldi.
– O‘qishimda hech qanday qiyinchilik bo‘lmadi, – deydi suhbatdoshimiz. – Chun-ki, kasb-hunar egallashga qiziqishim hamda yaxshi baholarga o‘qish qonimizda borligi bu borada menga yordam berdi desam, mubolag‘a emas. Akalarim Sa’dulla Haydarov (rahmatli) tarixchi, oliy o‘quv yurtini imtiyozli diplom bilan bitirgan Ibodulla Haydarov oliy ma’lumotli fizika o‘qituvchisi bo‘lib, o‘quvchilarga shu fanlardan bilim berganliklarini ham gapimning isboti sifatida keltirishim mumkin. Ular maktabda ham, oliy o‘quv yurtida ham nuqul a’lo baholarga o‘qishgan.
1978-yilda bilim yurtini muvaffaqiyatli tugallagan bo‘lajak konchi – temiryo‘lchini yo‘llanma bilan Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Shimoliy kon boshqarmasiga, Uchquduq shahriga ishga yuborishdi. 19 yoshida mehnat faoliyatini yerosti uran konida boshlagan Ramazon Haydarov o‘z vazifasiga juda katta mas’uliyat bilan yondoshishga odatlandi. Qariyb o‘n yil mobaynida yer ostidagi konlarda elektrovozni ustalik bilan boshqardi. Poyezd vagonlariga yuklangan minglab tonna qimmatli rudani o‘n kilometrgacha masofaga, yer yuzasiga chiqarish joyiga yetkazib berdi.
Xotiralarini so‘zlar ekan, faxriy konchi ayrim yevropa millatlariga mansub hamkasblarining konlarni, qimmatbaho ma’danlarni bizning yordamimiz bilangina o‘zlashtirayapsizlar qabilidagi bepisand luqmalariga, ajdodimiz Said Olimxon shu konlarning o‘rnidan sof quyma oltin qazib olgan, sening ajdodlaring esa quyma sof oltinni tushlarida ham ko‘rmagan, deya javob berganlarini ham eslaydi.
– Yuzlab metr chuqurlikda, yer ostida rudani qazib olish, uni temir yo‘l vagonlariga yuklash, yuqoriga tortib chiqarishning o‘zi bo‘lmasdi, – deydi u o‘sha davrlarni xotirlab. – Ba’zi konchilar, u paytlar ishchilarning aksariyati sobiq ittifoqning shimol tomonlaridan kelishgan emasmi, buni yarmi hazil, yarmi chin tarzida, “adskiy trud”, ya’ni “do‘zaxiy mehnat” deyishardi. Baribir, ishlash kerak edi va qiyinligiga qaramasdan ishlardik. Axir aytishadi-ku, “Toqqa chiqmasang do‘lana, jon kuydirmasang jonona qayda?”, deb!
1988-yilda kasbini o‘zgartirishiga to‘g‘ri keldi. “Samarqandgeologiya” trestining Markaziy Qizilqumdagi Zarafshon ekspeditsiyasiga qarashli “Beshquduq” uchastkasiga lahm o‘tuvchi (proxodchik) bo‘lib ishga kirdi va bu kasbning ham chinakam ustasi-ga aylandi. Bunda uchastka boshlig‘i Jo‘raqul Ahmedov, tajribali geolog, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan geolog” faxriy unvoni sohibi German Viktorovich singari ustozlarining yordami katta bo‘ldi.
1995-yilda tajribali proxodchik Ramazon Haydarovni Ziyovuddinning shundoq biqinidagi “O‘zbekzoloto” korxonasiga qarashli “Qoraqo‘ton” oltin koniga ishga taklif etishadi. Bu yerda ham o‘zining bor bilim va tajribasini ishga solgan holda, sidqidildan mehnat qildi. Shunga munosib ravishda yangi jamoasida ham hurmat-e’tibor qozondi. 2001-yilda “Qoraqo‘ton” koni Navoiy kon-metallurgiya kombinati tasarrufiga o‘tdi. Konchilik ishlari ko‘lamlari yanada kengaydi. Yangi konlar ochilib, ularni o‘zlashtirish sur’atlari jadallashdi. Qahramonimiz ham bu qaynoq mehnat jarayonlarida faol ishtirok etdi. U o‘zining bunyodkorona mehnati bilan vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotganligi bilan haqli ravishda faxrlanar, bu esa uni yanada katta g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qilishga ruhlantirardi.
Ramazon Haydarov 2009-yilda imtiyozli ravishda pensiyaga chiqqanidan so‘ng ham, yana 10 yil Navoiy kon-metallurgiya kombinati tizimida, “Qoraqo‘ton” konida ishladi. Umuman, konchilik sohasidagi mehnat faoliyati esa, 40 yilga tenglashdi. Bugun faxriy konchi bosib o‘tilgan hayot yo‘li, mehnat faoliyati, uning baxtiyor lahzalarini yodga oladi, bundan ko‘ngli tog‘dek ko‘tariladi. Konchilik faoliyati avvalida kon boshqarmasi boshlig‘i Nikolay Kucherskiyning o‘zi uni shaxsan qabul qilib, kombinatning 20 yillik yubileyi bilan tabriklagani, mehnat faoliyatiga oq yo‘l tilagani, “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani kabi onlar bir umrga yodida qolgan. Pul mukofotlari, “Faxriy yorliq” va “Tashakkurnoma”lar bilan taqdirlanganligining esa sanog‘iga ham yetmaydi.
– Qadrdon korxonam – Navoiy kon-me-tallurgiya kombinati, uning rahbariyati va kasaba uyushmasidan bir umrga minnatdorman, – deydi suhbatdoshimiz. Kombinat rahbari, O‘zbekiston Qahramoni, senator Quvondiq Sanaqulov hozir ham mehnat faxriysi sifatida so‘rab turadi. Shunday daqiqalarda 40 yillik mehnatim hozir ham qadrlanayotganidan xursandchiligim ichimga sig‘maydi. Kombinat tizimida mavjud ijtimoiy imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanish imkoniyatiga egamiz. Jumladan, “NKMK jamg‘armasi”ning Navoiy shahridagi bosh tibbiy-sanitariya bo‘limi xizmatlari mutlaqo bepul. Hatto, tish qo‘yib berish ham! Ayniqsa, salomatlik maskanida mehnat qilayotgan shifokorlarning biz pensionerlarga xushmuomalaligini aytmaysizmi?
Ramazon Haydarovning hayotda vijdonan mehnat qilib, o‘zini ishga, qadrdon korxonasiga bag‘ishlashi, shu tufayli jamoasida, el-yurtda hurmat-u, e’zoz topishida umr yo‘ldoshi Saodat Haydarovaning ham hissasi juda katta. Buning uchun esa, odam sabr-bardoshli, kengfe’l, shularning barobarida jufti haloliga sadoqatli inson bo‘lishi talab etiladi. Onaxonda esa, bu fazilatlarning barchasi birdek mujassam. Eng asosiysi, Saodat aya uch nafar farzandlari – ikki qiz va bir o‘g‘illarini esli-hushli, bilimdon, jamiyatimiz va davlatimiz uchun foydali kishilar bo‘lib tarbiyalanishlari yo‘lida ham huzur-halo-vatdan kechdi. To‘ng‘ichlari Dilafruzning umri qisqa ekan, 2013-yilda u bandalikni bajo keltirganda, qalb-u vujudining bir bo‘lagi uzilib tushgandek bo‘lgandi. Lekin, odamzot hamma narsaga chidar, ko‘nikar ekan. Ona ham barchasini ko‘tardi, sabr-bardoshli bo‘ldi. Yaratgandan, qolgan ikki dilbandi, Dilrabo hamda Inomjonning kamolini, umri uzun bo‘lishini so‘radi. Ne baxtki, ular ota-onasiga baxt-u quvonch ulashadigan, tarbiyali, jamiyatda o‘zlarining munosib o‘rniga ega shaxslar bo‘lib yetishishdi. Ayni paytda Dilrabo tadbirkor sifatida el-yurt ishiga munosib hissasini qo‘shmoqda. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining tarix fakultetini tugallagan Inomjon esa Paxtachi tuman hokimiyatida ishlamoqda. Ramazon Haydarovni tom ma’noda baxtli inson, deyish mumkin. Negaki, keksayganda odam uchun farzandlar, nevaralar bilan ularning baxt-u kamolini ko‘rib yashashdan ham katta baxt, quvonch-u shodlik yo‘q, bizningcha.
Qahramonimiz bugun ham haftaning olti kunida ”ishlaydi”. Ikki kun tadbirkor qiziga avtomobillarga yoqilg‘i quyish shaxobchasidagi ishlarida yordamlashadi. Qolgan to‘rt kunda esa Saodat momo bilan jondan aziz nevaralari tarbiyasida o‘g‘li va keliniga imkon qadar ko‘maklashadi.
Hayot lazzatlari bilan birga uning shirin tashvishlaridan ham bahramand otaxon vaqti-vaqti bilan o‘yga toladi, o‘zining hozirgacha bosib o‘tgan hayot yo‘li, umri, mehnat faoliyatiga xayolan nazar soladi. Uning besamar ketmagani, havoga uchmaganidan xursand bo‘ladi. Shirindan-shakar nevaralarining ham o‘zi hamda o‘g‘il-qizlari singari tarbiyali bo‘lib o‘sayotganligi esa hayotdan mamnunligini yanada oshiradi.
Shunday paytlarda Allohdan, Ona vatanimizning bundan-da gullab-yashna-shi, kelgusi avlodlarning yanada farovon hayot kechirishlarini so‘rab, duoga qo‘l ochadi.
Olim XO‘JAYEV, O’zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zosi