Toshkent viloyatida 13 yoshli qizni zoʻrlagan erkak 15 yilga «kesildi». Unga sharoit yaratib berganlar ham jazolanishi mumkin

Toshkent viloyatida 13 yoshli qizni zoʻrlagan erkak 15 yilga «kesildi». Unga sharoit yaratib berganlar ham jazolanishi mumkin

Yoz oyida Toshkent viloyatida ichki ishlar boʻlimining sobiq xodimi (maʼlum qilinishicha, u jinoyat sodir etilishidan biroz oldin ishdan boʻshatilgan) aldov yoʻli bilan mahalladan 13 yoshli qizni dugonasi bilan dachaga olib borib, oʻsha yerda nomusiga tekkan. Dacha reja boʻyicha boshqa sudlanuvchidan ijaraga olingan, jabrlanuvchining onasiga koʻra, ijaraga beruvchi shaxs ijara maqsadini bilgan va qizlarni koʻrgan bo’lgan.

Ish avgust oyida JK 118-moddasi 4-qismi (Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish) bilan sudga oshiriladi. 25-dekabrda esa sud hukmi eʼlon qilindi. Bu haqida Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar berdi.

Sudya X.Xojayev raisligida yopiq sud majlisida erkak Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, sud tomonidan sudlanuvchiga oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish uchun shart–sharoit yaratib bergan boshqa erkaklarga nisbatan Jinoyat kodeksining 131-moddasi (qoʻshmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatish masalasini xal qilish uchun Boʻstonliq tumani prokuroriga xabar yuborildi. Ular aybdor deb topilsa, 5 yildan 8 yilgacha qamoq jazosini olishi mumkin.

Sud jinoyatlarga xolis baho berib, voyaga yetmagan shaxslarning manfaatlarini himoya qilayotgani quvonarli.