“Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan 2024–2025 yillarda respublikada o‘tkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining kalendar rejasi tasdiqlandi. 2024 yildan har ikki yilda bir marta oktyabr oyida badiiy havaskorlik jamoalari o‘rtasida respublika tanlovi o‘tkaziladi.
2024 yil 1 apreldan:
“Madaniyat to‘lqinlari” media loyihasi amalga oshiriladi.
Media loyiha doirasida tanlov o‘tkaziladigan yo‘nalishlar va ularning konsepsiyasi belgilab berilib, jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilingan va g‘oyaviy yukak eng yaxshi 50 ta media mahsulotning har biri 50 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
- “Xon qabuli” teatrlashtirilgan tarixiy tantanali rasmiy qabul marosimi namuna sifatida Qo‘qon shahridagi Xudoyorxon o‘rdasida tashkil etiladi;
- aholi orasida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda mashhur mahalliy va xorijiy shaxslar ishtirokida “Yulduz bilan sayohat” loyihasi amalga oshiriladi;
- tegishli manzillarda “Ko‘cha sanʼati va musiqasi” loyihasi amalga oshiriladi.
Bunda:
- tegishli ko‘chalarda cholg‘u asboblari, rassomchilik va hunarmandchilik savdo rastalari tashkil etiladi;
- har chorak yakunida har bir hududdan 10 nafar faol ijodkor BHMning kamida 20 baravari miqdoridagi pul mablag‘lari bilan rag‘batlantirib boriladi.
Qarorga ko‘ra, milliy madaniyatimizni xorijda faol targ‘ib etuvchi chet el fuqarolari, jumladan vatandoshlar faoliyatini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida “O‘zbek madaniyati elchisi” maqomini berish tizimi joriy etiladi.