foto: Telegram
Oʻtgan yilning may oyida HELLO TASHKENT va SALAM TASHKENT nomli Telegram guruhi va kanallarini yaratib, ularda aksariyati ayollar va voyaga yetmagan qizlar boʻlgan fuqarolarning intim suratlari va videolarini joylashtirgan bir guruh shaxslar qoʻlga olingani maʼlum qilingan edi. Fotosuratlar jirkanch sarlavhalar va shaxsiy maʼlumotlar bilan berilgandi. Qizlar va ularning qarindoshlaridan esa maʼlumotlarni oʻchirish uchun moʻmaygina pul talab qilingan.
Eslatib oʻtamiz, IIV gumonlanuvchilar hibsga olingani haqidagi xabaridan keyin ham kanal faoliyatini davom ettirgandi.
Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidovning xabar berishicha, joriy yilning 11-yanvar kuni jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudining sudyasi J. Saidov raisligida yopiq sud majlisi boʻlib oʻtdi.
Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining quyidagi moddalarida nazarda tutilgan jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topildi:
– 130-moddasi (pornografik mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) 2-qismi “b” bandi;
– 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a”, ”g” bandlari;
– 140-moddasi (haqorat qilish) 2-qismi;
– 141-3-moddasi (shaxsning shaʼnini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi maʼlumotlarni oshkor qilish) 2-qismi “b”, “v” bandlari;
– 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “a”, “v” bandlari.
Eʼlon qilingan sud hukmiga muvofiq guruh aʼzolariga 3 yildan 7 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tegishli kanal va akkauntlar bloklanadi.