foto: videodan
Surxondaryoda erkak yosh bolani urib, shafqatsiz munosabatda bo‘layotgani aytilgan va holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Unda aytilishicha, erkak oilasiga, farzandlariga umuman kun bermay har kuni urib, kaltaklab kelgan. Mazkur videoxabardagi holatlar Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan oʻrganilganida, holat Termiz shahrida sodir boʻlganligi aniqlandi, deya xabar beradi Bosh prokuratura matbot kotibi Hayot Shamsutdinov.
Bugun, 1-fevral kuni jinoyat ishlari boʻyicha Termiz shahar sudida ushbu fuqaroga oid maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilib, sudning qarori eʼlon qilindi.
Sudning qaroriga muvofiq A. E. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-moddasi (haqorat qilish) va 59-2-moddasi (oilaviy (maishiy) zoʻravonlik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga MJtKning 34-moddasiga (bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun maʼmuriy jazo qoʻllanish) asosan 10 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi. Shuningdek, xabarda 1981-yilda fuqaroning Surxondaryo viloyatida tugʻilganligi, oilali, besh nafar farzandi borligi aytilib, muqaddam maʼmuriy javobgarlikka tortilmagani keltirilgan.
Jamolbek SALOMOV tayyorladi