Pedagogning sha’ni endi davlat himoyasida bo’ladi

Pedagogning huquqlari, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsi davlat himoyasi ostida boʻladi. 

“Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari, faoliyatining asosiy kafolatlari, mehnatiga yarasha haq toʻlash, ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish tamoyillari belgilandi.

Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotida ilk bor kasbiy faoliyatini boshlayotgan shaxsga bir oʻquv yili davriga murabbiylikni amalga oshirish uchun tajribali pedagog biriktiriladi.

Qonunga koʻra, jumladan, quyidagilar taqiqlanadi:

➖ pedagogni kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga, shu jumladan hududlarni obodonlashtirishga va qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilish;

➖ pedagogdan uning kasbiy majburiyatlariga taalluqli boʻlmagan hisobotlarni va boshqa maʼlumotlarni, shu jumladan bitiruvchilarning bandligi taʼminlanganligi haqidagi hisobotlarni shakllantirishini va taqdim etishini talab qilish;

➖ pedagogning zimmasiga tovar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan ish haqidan uning yozma roziligisiz tovar va xizmatlar uchun mablagʻ ushlab qolish.