Toshkentda YPX xodimlari bolaga qo’pol munosabatda bo’lganligi aytilmoqda

Toshkentda YPX xodimlari bolaga qo’pol munosabatda bo’lganligi aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimlari bir bolani mashinaga majburan tiqib olib ketishi aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani o’z munosabatini bildirdi.

Internetda tarqalgan videodagi bolaning onasi 1-fevral kuni ombudsmanga murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, 2023-yil 22-dekabr kuni Toshkent shahri, Chilonzor tumanining 3-mavzesida IIO xodimlari Sh.M. va A.O. lar 2011-yilda tugʻilgan K.P. da pirotexnika vositalari borligini aniqlab, bolani xizmat mashinasiga kuch ishlatib, majburan oʻtqazishga uringan holda unga nisbatan qoʻpol va nomaqbul munosabatda boʻlishgan. Buning oqibatida esa bola bosh sohasidan lat yegan va qattiq emotsional qoʻrqish, stress holatiga tushgan.

Zudlik bilan Ichki ishlar xodimlariga nisbatan mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilgan va Sh.M. va A.O. larning harakatlarida voyaga yetmagan K.P. ga nisbatan qoʻpol munosabatda boʻlish hamda IIV Kasb madaniyati kodeksini buzish holatlari yuzasidan xayfsan intizomiy jazosi qoʻllanilgan.

Ombudsman holatni tushuntirar ekan, «Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining bola manfaatlariga zid boʻlgan bu kabi harakatlariga mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmasligini» bildirgan va bunga javoban qonun doirasidagi qatʼiy chora koʻrilishi shartligini eslatib o’tgan.

Hozirda esa Bolalar ombudsmani soʻroviga koʻra Toshkent shahar prokuraturasi mazkur holatga huquqiy baho berish masalasini oʻrganmoqda.

Bu borada qoʻshimcha maʼlumot berilishi aytilgan.

Jamolbek SALOMOV tayyorladi