Katta O‘zbek avtomagistralining Paxtachi tumani markazi Ziyovuddin shaharchasidan ozgina shimoliy sharq tarafdan janub tomon tortilgan asfalt yo‘lning o‘ttiz chaqirimini bosib o‘tsangiz, tog‘-u toshlar hamda bepoyon va bahavo Qarnabota qishlog‘iga kelasiz. Uni ko‘pchilik qisqa va lo‘nda qilib, Qarnab deyishga odatlangan. Qisqasi, uni nafaqat Paxtachida, Samarqand-u Buxoroda, butun O‘zbekistonda, qolaversa, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yaxshi bilishadi. Kindik qoni tomgan muqaddas zaminning dovro‘g‘ini oshirayotganlar esa, eng avvalo uning mard va tanti, polvon va ziyoli farzandlari, o‘zlarining tili bilan aytganda, “qarnabi”lardir.
Bu galgi maqolamiz qahramoni ham polvon va bilimdon o‘tgan ajdodlarining ezgu amallarini munosib davom ettirayotgan taniqli sportchi, murabbiy va olim Abduxoliq Nurullayevdir. U 1954-yil, bahorning ilk kuni – 1-martda Qaxxor Nurullayev va Bibisora Abdurahmonovalarning yosh oilasida to‘ng‘ich farzand bo‘lib, dunyoga keldi. Uning bolalik davri boshqa qarnablik tengdoshlarinikidan deyarli farq qilmasdi. Qishloqdagi Alisher Navoiy nomli o‘rta maktabdagi darslaridan qaytgach, ota-onasiga uy ishlarida yordamlashar, qo‘ylardan xabar olar, uka-singillariga qarardi. Yuqorida ta’kidlaga-nimizdek, Qarnabota kurashchi polvonlar yurti emasmi, qishloqdagi to‘ylar deyarli kurashsiz o‘tmasdi. Ularda nafaqat yelkasi yer iskamagan taniqli polvonlar, balki katta sportga ilk qadamlarini tashlayotgan yosh bolalarga ham imkoniyat berilardi. Ana shu to‘y kurashlari Abduxoliqning kelgusida mahoratli sportchi sifatida shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi. U bunday bahs-larning tengdoshlari ichidagi eng peshqadamlaridan biriga aylandi. Har bir g‘alabasi uchun olingan mukofotlardan, uning kurash mahorati o‘sib borayotganidan uydagilar ham mamnun bo‘lishar, uning bu qiziqishini qo‘llab-quvvatlashardi. O‘sha davrda chayir va tirishqoq yigitchaning o‘zi ham qishloqning dongdor polvonlari Ashur Qurbonov, Tolib Cho‘liyev, Ochil polvon va Zokir polvonlar kabi katta polvon bo‘lishga ahd qilgandi.
Uning ezgu maqsadi ro‘yobga chiqishida yana bir taniqli inson, kurash fidoiysi Bozor Narziyevning xizmati katta bo‘lgan. O‘shanda qishloq maktabida jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlayotgan bozor aka Abduxoliqdagi mahorat uchqunlarini sezmasdan qolmaydi. Uni nazoratga olib, kurashish mahoratining eng nozik sirlarini ham erinmasdan o‘rgata boshladi. Juda yaxshi kurashchi sifatida shakllanayotgan yosh polvonni tuman va viloyat musobaqalariga olib chiqdi. Ustozdan mahorat sirlarini qunt bilan o‘rganayotgan Abduxoliq uning yuzini yerga qaratmaslik uchun o‘zi ishtirok etgan barcha katta-kichik musobaqalarda faqat birinchi bo‘lishga intilar va shunga muvaffaq bo‘lardi.
1968-yilda erkin kurash bo‘yicha 48 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida tuman va viloyat maktab o‘quvchilari spartakiadalarida g‘olib bo‘lib, respublika bahslariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Nufuzli bellashuvlarda Samarqand viloyati sharafini munosib himoya qilgan o‘spirin sportchi yakunda to‘rtinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Lekin, tajribali murabbiy-mutaxassislar undagi yashirin imkoniyatni payqashdimi, nima bo‘lganda ham qarnablik yigitchaga O‘zbekiston terma jamoasi safidan o‘rin berishdi. Terma jamoa tarkibida Belorussiya poytaxti Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan Butunittifoq musobaqasida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilishga o‘z hissasini qo‘shdi. O‘shanda yosh sportchidagi intilish va izlanish, chapdastlik, g‘alabaga chanqoqlik, g‘ayrat-shijoat O‘zbekiston davlat Jismoniy tarbiya instituti rektori To‘raxo‘jayev domlaning ham nazariga tushdi. Rektor umidli yosh sportchiga maktabni bitirgach, institutga chaqiruv-yo‘llanmani taqdim etdi. Bu esa, yosh polvonning o‘ziga bo‘lgan ishonchini yanada orttirib, ustozi Bozor Narziyev boshchiligidagi mashg‘ulotlarda yanada katta mas’uliyat bilan shug‘ullanishga da’vat etmasdan qolmadi. Bularning barchasi kutilgan natijalarni bera boshladi. Uning to‘y-marakalar va rasmiy kurash bellashuvlaridagi g‘alabalari soni ko‘paygandan-ko‘-payib bordi.
Yosh polvon 1971-yilda maktabni tugalladi va Toshkentga, Jismoniy tarbiya institutiga o‘qishga otlandi. Rektorning chaqiruv-yo‘llanmasi yonida emasmi, yana ikki sportsevar sinfdoshi Ramazon Mamatov hamda Tolib Ibragimovlarni ham o‘zi bilan birga olib ketdi. U oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlarisiz qabul qilinish imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, barcha qatori imtihonlarni topshirib, talabalik maqomini qo‘lga kiritdi.
Talabalik davri uning mohir sportchi, tolmas kurashchi sifatidagi imkoniyat ufqlarini kengaytirmasdan qolmadi. U zarur bilimlarning ustasi o‘laroq jamoasi tarkibidan doimiy ravishda o‘rin egallab keldi. Bunda ustozi, Xalqaro toifadagi sport ustasi Yefim Koltunovdan yanada ko‘proq mahorat sirlarini o‘rgana boshlaganligi qo‘l keldi. Terma jamoa safida yetti yil mobaynida turli mas’uliyatli musobaqalar, xalqaro turnir va chempionatlarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi. O‘zbekiston yoshlar va kattalar terma jamoalari a’zosi sifatida, Moskva, Leningrad, Odessa shaharlari, Boltiqbo‘yi mamlakatlari hamda Markaziy Osiyo respublikalarining barchasidagi mas’uliyatli musobaqalarning g‘olib va sovrindori bo‘ldi. O‘zbekistonning Toshkent, Namangan, Buxoro, Xiva hamda boshqa shaharlaridagi xalqaro turnirlarda yuqori sport natijalariga erishdi. Jumladan, 1974-yilda Qirg‘iziston poytaxti Frunze (hozirgi Bishkek) shahridagi xalqaro musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritib, “SSSR sport ustasi” me’yorini bajardi.
– Nufuzli musobaqalar bois samolyotlarda uchar, tezyurar poyezdlar va teploxodlar yo‘lovchisiga aylanib, dunyoni ham kezardik, – deydi Abduxoliq Qaxxorovich. – Qat-nashgan musobaqalarimning esa sanog‘iga yetish qiyin. Xotiramda qolganlaridan, 1974-yilda Farg‘onada Ikkinchi jahon urushi qahramoni Mamadali Topiboldiyev sovrini uchun Xalqaro turnirda g‘olib bo‘lgandim. Shu yili Chirchiq shahrida bo‘lib o‘tgan Respublika birinchiligida 57 kilogrammgacha vazn toifasida chempionlikni qo‘lga kiritgan holda Samarqand viloyatimiz vakillarining umumjamoa hisobida faxrli uchinchi o‘rinni egallashiga o‘z hissamni qo‘shdim.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Abduxoliq Nurullayev 1973-yilda Moskva shahridagi “Ochiq gilamlar” xalqaro bahslarida ham faxrli o‘rinni egallagan holda, musobaqaning “Eng yaxshi kurashchi” nominatsiyasiga ham sazovor bo‘ldi. Kelgusi yili esa, Toshkentdagi “Burevestnik” sport jamiyati birinchiligida 62 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida g‘olib deb topildi. Rossiyaning Orenburg shahrida tashkil etilgan Xalqaro turnirda bronza medaliga sazovor bo‘ldi. 1985-yilda Kattaqo‘rg‘on shahrida bo‘lib o‘tgan o‘zbek kurashi bo‘yicha musobaqada 66 kilogrammgacha vazn toifasida g‘alaba quchdi va ikkinchi “SSSR sport ustasi” unvonini qo‘lga kiritdi.
A. Nurullayev sportchi sifatida mas’uliyatli musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etish bilan bir qatorda, hakamlik faoliyatini ham amalga oshirib bordi. Unga 1988-yilda “Respublika toifasidagi hakam” unvoni beril-ganligi ham fikrimizning dalilidir. U hozirgi kunda ham rasmiy musobaqalar, shuningdek to‘y-maraka va bayram shodiyonalaridagi kurash bellashuvlariga hakamlik qilishni o‘zining mas’uliyatli vazifasi deb biladi.
Domlaning oliy o‘quv yurtini tugallab kelganidan keyingi mehnat faoliyati Navoiy shahri va viloyati hamda Navoiy davlat pe-dagogika instituti bilan bog‘langan. U 1974-1978 yillarda Navoiy shahridagi 2-maktab-da jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi, shundan so‘ng uch yil mobaynida Buxoro viloyat Bolalar va o‘smirlari sport maktabida bosh ustoz murabbiy vazifalarida sidqidildan mehnat qildi.
Mana, 35 yildirki, ikki karra sport ustasi A.Nurullayev Navoiy davlat pedagogika institutida talabalarga jismoniy tarbiya va sport pedagogikasidan tahsil berishdek mas’uliyatli va sharafli ishga bosh qo‘shib kelmoqda. 1989-yilda oliy o‘quv yurtiga jismoniy tarbiya kafedrasi o‘qituvchisi sifatida ishga qabul qilingan domla bu yerda o‘z ishining chinakam fidoiysiga aylandi. Uning shu davr davomida to‘rt marta Jismoniy tarbiya (hozirgi Jismoniy madaniyat) fakulteti dekani etib tayinlangani ham shu tufayli bo‘lsa kerak. Chunki, kamdan-kam hollardagina bir lavozimdan bo‘shagan mutaxassis shu lavozimga qayta tayinlanishi mumkin. Ustozning o‘z vazifasiga sidqidildan, mas’uliyat bilan yondashuvi hamda o‘z sohasini yaxshi bilishi unga jamoada obro‘-e’tibor va ishonch olib keldi. Shu bois, kafedra katta o‘qituvchisi, Jismoniy tarbiya nazariyasi va yengil atletika kafedrasi mudiri va fakultet dekani lavozimlariga munosib ko‘rildi.
Ustoz 2021-yildan rahbarlik qilib kelayotgan Jismoniy madaniyat fakultetida talabalar sohaning malakali mutaxassislari bo‘lib yetishishlari uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Uning moddiy-tex-nika bazasi mustahkamlanmoqda. Jumladan, to‘rtta yopiq sport inshooti, ikkita futbol maydoni, bitta basketbol, uchta qumli voleybol maydonchasi, sport zali mavjud. Bundan tashqari, yaqingina hududda joylashgan Olimpiya zahiralari kolleji sport bazasi hamda “Yoshlar” sport majmuasining yugurish yo‘laklari shartnoma asosida institut sportchilariga ham xizmat qiladi.
Suhbatdoshimdan institut sportchilarining respublika hamda xalqaro musobaqalardagi natijalari, mahoratli sportchi mutaxassislar tayyorlash borasidagi ishlar haqida so‘radim.
– Yutuqlarimiz bor, – dedi domla kamtarlik bilan. – Jumladan, 2023-yilda Navoiy shahrimizda bo‘lib o‘tgan Universiada dasturining Dzyudo bahslarida talabamiz Sabina Davlatova oltin, Zohid Shonazarov kumush medallarga sazovor bo‘lishdi. Buxoro shahridagi Prezident kubogi musobaqalarida Tokio Olimpiadasining bronza medali sohibi, Jahon chempioni Elbek Norbekov sovrinli uchinchi o‘rinni egalladi.
Ayni paytda fakultetimizda 1 ming 231 nafar yosh yurtdoshlarimiz tahsil olishmoqda. Ularning 768 nafari sirtqi va 463 nafari kunduzgi bo‘lim talabalaridir. Ikkita kafedradagi 36 nafar ustozlar bo‘lajak mutaxassislarga saboq berishyapti. Hozirgi paytda viloyatimizda 18 ta xalqaro toifadagi sport ustasi, 1 ta sport ustasi hamda 200 ga yaqin sport ustaligiga nomzod va yuqori razryadli sportchilar mavjud. Ularning o‘rta hisobda 70-80 foizi fakultetimizda tahsil olishgan va olishmoqda.
Abduxoliq Qaxxorovich bilan uning hayot va mehnat faoliyati haqida ancha suhbatlashdik. Ulardan anglaganim esa, uning nafaqat uydagi o‘g‘il-qizlari, balki fakultetdagi talabalarni ham farzandlarim, deya e’tirof etgani bo‘ldi. Domla faqat amaliy sport bilangina shug‘ullanib qolmadi. 1998-yilda professor Rahmatulla Salomov rahbarligida,”Tezkor kuchlilik tayyorgarligi asosidagi taktik tamoilni takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiyani himoya qilib, Pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘ldi. Biroz muddat o‘tib, olimga dotsent ilmiy unvoni berildi.
Qahramonimiz suhbat davomida Paxtachi tumani va jumladan, Qarnabotada istiqlol yillarida ezgu milliy an’ana va qadriyatlarimiz yanada jonlanayotganligidan mamnunligini yashirmadi. – Bunga, – dedi u, – Paxtachi tumani hokimi M.Hamdamov-ning to‘rt sektor rahbarlari bilan yakunlangan yil may oyining bir yakshanbasida qishlog‘imizda o‘tkazgan uchrashuvi, o‘tgan polvonlarni xotirlab, bugungilarini qadrlagani, sport bayram tadbirini tashkil etganligi ham yaqqol misol bo‘ladi. O‘shanda Qarnabotadagi kurash gilamlarida nafaqat paxtachilik, qolaversa qo‘shni viloyatlardan ham nomdor polvonlar kelib, qizg‘in bahslar olib borishdi. G‘oliblar 40 million so‘mlik sovg‘alar bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, homiy tadbirkorlar ham alohida o‘z sovg‘alarini tikishdi. Tadbir doirasida, shuningdek, qizlar voleybol, yigitlar esa futbol musobaqasida o‘zaro kuch sinashishdi.
Shuning barobarida 28 nafar Qarnabdan yetishib chiqqan sport fidoiylariga to‘nlar yopilib, qimmatbaho sovg‘alar ulashildi. Bu esa, shubhasiz, Qarnabotada qadimiy an’analar davom etib, sport turlari, jumladan kurashning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.
Domlaning oilasiga ham havas qilish mumkin. Umr yo‘ldoshi, rahmatli Matlaboy Mustafoyeva ham pedagogika institutida ishlagandi. Ikki nafar o‘g‘il va bir qizlari, ikki kelinlarining barchasi oliy ma’lumotli. Qizi maktabda ingliz tili o‘qituvchisi. O‘g‘li Ixtiyor Navoiy viloyat futbol assotsiatsiyasida ishlaydi. Baxtiyor esa tadbirkorlikni tanlagan. To‘qqiz nafar nevaralar ham ularning izidan borishmoqda.