Telekanal bosh muharrir o‘rinbosari o’z xodimasiga shilqimlik qildi

Telekanal bosh muharrir o‘rinbosari o’z xodimasiga shilqimlik qildi

O‘z xodimasiga shilqimlik qilgan Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi Nurafshon TV telekanalining bosh muharrir o‘rinbosariga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda sud qaroriga tayanib, Gazeta.uz xabar berdi.

Qayd etilishicha, 27 yanvar kuni 1988 yilda tug‘ilgan X.Sh. (muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilgan) o‘z xodimasini ish joyiga aldab chaqirib, unga tegajog‘lik qilib, uni burchakka taqab, o‘pmoqchi bo‘lgan. Qiz bunday holat anchadan buyon bo‘lib kelayotganini, bu holatdan so‘ng asabiylashib qolganini bildirib, suddan X.Sh.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni va unga yetkazilgan ma’naviy zararni undirib berishni so‘rab, ko‘rsatma bergan.

6 fevral kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish)ga oid sud ishi ko‘rib chiqildi.

Sudlanuvchi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan huquqbuzarlik harakatiga iqrorligini, hozirda qilgan ishidan pushaymonligini, qilmishining oqibatlarini tushunib yetganini, kelgusida bunday holat boshqa takrorlanmasligini bildirib, suddan unga nisbatan yengillik berishni so‘ragan. Sud qaroriga ko‘ra, X.Sh. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan aybdor deb topilgan, unga nisbatan 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.

Madina ERKINOVA tayyorladi