Oʻzbekiston gender maʼlumotlari reytingida 56-oʻrinni egalladi

Oʻzbekiston gender maʼlumotlari reytingida 56-oʻrinni egalladi
Foto: statistika agentligi

Open Data Watch tashkilotining “Gender Data Compass” reytingida 2023-yil yakuniga koʻra, Oʻzbekiston 37 ball toʻplagan holda 185 ta mamlakat orasidan 56-oʻrinni, Markaziy Osiyo mintaqasida 3-oʻrinni egalladi.

“Gender Data Compass” mamlakatni 53 ta gender koʻrsatkichlarining besh jihati: mavjudlik, ochiqlik, asoslar, imkoniyatlar va moliyalashtirish manbalariga koʻra tahlil qiladi.

Gender maʼlumotlar oʻz navbatida 10 toifaga boʻlingan: demografiya va migratsiya, taʼlim, bandlik, sogʻliqni saqlash va ovqatlanish, fertillik va reproduktiv salomatlik, atrof-muhit, jinoyatchilik va adolat, uy-joy, raqamli aloqa, boshqaruv va iqtisodiy rivojlanish.

“Gender Data Compass” Open Data Watch tashabbusi boʻlib, saytda milliy statistika idoralariga gender maʼlumotlari milliy tizimlarini mustahkamlash va gender tengligi siyosatini yaxshilashga yordam berish uchun tavsiyalar beriladi.

Gender tengligiga erishishda ochiq maʼlumotlarning oʻrni katta. Umid qilamizki, maʼlumotlarning ochiqligi va ularning mavjudligi yaxshi tomonga oʻzgaradi.