DXX: Sudya, bosh hisobchi, bosh inspektor, bosh muhandis oʻrinbosari ushlandi.
➖“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Qashqadaryo filiali bosh muhandisi oʻrinbosari paxta-toʻqimachilik klasteriga tegishli boʻlgan 21 ta suv nasos quduqlarini elektr tarmoqlariga ulash uchun “texnik shart” berish evaziga 7 ming AQSH dollari talab qilib, joriy yilning yanvar oyida 3 ming AQSH dollari oladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, bosh muhandis oʻrinbosari qolgan 4 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Taʼkidlash lozimki, mazkur mansabdor shaxs muqaddam Jinoyat Kodeksining 205 va 209-moddalari bilan sudlangan boʻlsada, oʻz xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarmagan.
➖Jizzax viloyati “Toza hudud” DUK bosh hisobchisi ulgurji savdo bilan shugʻullanuvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbariga nisbatan sudda koʻrilayotgan jinoyat ishini tanishlari orqali uning foydasiga hal qilib berish, yaʼni ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlatib berish evaziga 15 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti xodimlari tomonidan ushlandi.
Afsuski, mazkur shaxs muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlanganligiga qaramasdan, qayta jinoyatga qoʻl urgan.
➖Oʻzbekiston Hakamlik sudlari Assotsiatsiyasining Navoiy viloyat vakolatxonasi huzuridagi doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi sudyasi oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, Nurota tumanida yashovchi fuqaroning muqaddam buxorolik xaridorlarga sotgan 250 bosh qoʻylarining pullari berilmayotgani yuzasidan qilgan murojaatini ijobiy hal etib berish evaziga 1 ming AQSH dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan pul mablagʻi hisobidan 500 AQSH dollari va 6 mln. 250 ming soʻm olgan vaqtida ushlandi.
➖Milliy Gvardiyaning Sirdaryo viloyat Qoʻriqlash boshqarmasi xizmatni tashkil etish va muvofiqlashtirish boʻlimi bosh inspektori Boyovut tumanida yashovchi fuqaroni Qoʻriqlash boshqarmasiga ishga kiritib qoʻyish evaziga 3 ming AQSH dollari talab qilib, muqaddam 1500 AQSH dollari oladi.
Lekin, u soʻralgan pulning qolgan 1500 AQSH dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi va Guliston harbiy prokuraturasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.